Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.08.2017 14:04 Chop etish versiyasi

Aholiga yong‘in xavfsizligi choralari yuzasidan o‘tkazilayotgan tushuntirish ishlari qanday natija bermoqda?

Haftaning har chorshanbasida o‘tkazilayotgan yong‘inlar profilaktikasi kuni tadbirlari korxona-tashkilot va muassasalarda, aholi o‘rtasida yong‘in xavfsizligi chora-tadbirlariga rioya qilish to‘g‘risida keng tushuntirish ishlari olib borish, yong‘inlarning oldini olish va bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Farg‘ona viloyatida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yong‘inlar ko‘pincha odamlar salomatligi va hayotiga tahdid soladi, katta moddiy zarar yetkazadi. Shu bois yong‘inga qarshi himoya choralarini ko‘rish nafaqat davlat, balki har bir fuqaroning vazifasidir. Olib borilayotgan yong‘inga qarshi chora-tadbirlar, jumladan, yong‘inlar profilaktikasi tadbirlari bunday baxtsiz hodisalarga qarshi ishonchli qalqon bo‘lmoqda. Binobarin, yong‘inni o‘chirishdan ko‘ra, uning oldini olgan afzal.

10-avgust kuni Qo‘qon shahar "Bunyodkor" mahalla fuqarolar yig‘ini Bodomzor ko‘chasidagi xonadonlardan birida elektr simining qisqa tutashuvi natijasida yong‘in yuz bergan. Oqibatda xonadonga zarar yetgan. Mahallada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yong‘inning kelib chiqish sababi tahlil qilindi. Bunday noxush holatlarning aksariyati ehtiyotsizlik tufayli yuzaga kelayotgani ta’kidlanib, ularning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

– Mahallalar faollari bilan birgalikda joriy yilning o‘tgan davrida 15 ming 464 xonadonning yong‘inga qarshi holati tekshirilib, aholi o‘rtasida yong‘in xavfsizligi choralari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi, – deydi viloyat IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi Yong‘in nazorati va profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i, mayor Zafarjon Qodirov. – Aniqlangan kamchiliklarning kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish choralari bo‘yicha fuqarolar bilan suhbatlar o‘tkazilmoqda. Yong‘in xavfsizligi sohasida kamchilikka yo‘l qo‘ygan 164 fuqaroga nisbatan ma’muriy jarima choralari qo‘llanildi.

Profilaktika kuni tadbirlari davomida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish, bunday noxush hodisalarning oldini olish hamda bartaraf etishga jamoatchilikni keng jalb qilishga qaratilayotgan alohida e’tibor yaxshi samara berayotir. Obyektlarda yong‘in sodir bo‘lganda harakatlanish tartibi bo‘yicha 61, shuningdek, viloyat yong‘in xavfsizligi garnizonining kuch va vositalarini jalb qilgan holda 18 obyektda yong‘in o‘chirish amaliy-taktik mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Yong‘inni o‘chirish usullarini ko‘rsatish va ushbu tadbirlarga jamoatchilikni keng jalb qilish maqsadida odamlar gavjum joylarda yong‘in o‘chirish texnikasi va vositalarini namoyish etgan holda uchrashuvlar tashkil etilmoqda. O‘ta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yong‘in va portlash xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarda ularning rahbarlari bilan o‘quv mashg‘ulotlari, tushuntirish ishlari tashkil etilmoqda. Viloyat hududida joylashgan o‘ta muhim davlat ahamiyatiga molik obyektlarning 50 tasida tekshiruv va 94 tasida yong‘in-profilaktika ko‘rigi o‘tkazilib, aniqlangan 359 kamchilikdan 266 tasi bartaraf etildi. 109 nosoz elektr uskunasi va agregatlar manbadan uzib qo‘yilib, ulardan foydalanish taqiqlandi.

Viloyatdagi barcha paxtani qayta ishlash korxonalarida yong‘in o‘chirish bo‘yicha amaliy-taktik mashqlar o‘tkazilib, yong‘inning oldini olish, unga qarshi kurashish, yong‘in sodir bo‘lganda olovni o‘z vaqtida o‘chirish qoidalari bo‘yicha bilim va tushuncha berildi.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida ham yong‘in xavfsizligiga muhim e’tibor qaratilmoqda. Zero, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilish, tilsiz yovdan doim ogoh bo‘lish salomatligimiz va xotirjamligimiz garovidir.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
1 060






Все о погоде - Pogoda.uz