O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 21:15 Chop etish versiyasi

Aholiga qulaylik yoʻlida

Aholiga qulaylik yoʻlida Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi ishchi guruhi Oʻzbekiston Respublikasining “Iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlik rivojlantirilishiga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunining muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Qayd etilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 30 avgust kuni qabul qilingan mazkur qonunning maqsadi iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlik faoliyatini tartibga soladigan qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishdan iborat.

Jumladan, qonunda Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonuniga banklar tomonidan mikroqarz berish normasini mustahkamlovchi qoʻshimcha kiritish nazarda tutilmoqda. Mikroqarz banklar va mikrokredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxs boʻlgan qarz oluvchiga eng kam ish haqining yuz barobari miqdoridan oshmaydigan summada toʻlovlilik, muddatlilik va qaytarish shartlari asosida 1 yilgacha boʻlgan muddatga beriladi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, jismoniy shaxslarga beriladigan ushbu mikroqarz, eng avvalo, xalqimiz ehtiyojlarini qondirish, ularni qoʻllab-quvvatlash, fuqarolarning moliyaviy xizmatlardan foydalanishini taʼminlash, moliyaviy ommaboplikni yanada kengaytirish, eng asosiysi, aholi farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining “Mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi va “Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonunlari yangi norma bilan toʻldirilmoqda. Unga koʻra, mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish shartnomalari boʻyicha yillik qarz miqdorining yarmidan koʻpini tashkil etadigan summada foizlar hisoblash, vositachilik haqlari va jarima undirish, javobgarlikning boshqa choralarini qoʻllash taqiqlanadi.

Shuningdek, litsenziya talab qiladigan faoliyat turlari toifasidan ayrim faoliyat turlarining bir qismini chiqarib tashlash nazarda tutilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 275-moddasi yangi qoidalar bilan toʻldirilmoqda. Unga muvofiq deklarant bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha operatsiyalarni bajarish uchun bojxona nazorati zonasiga kirish, bojxona organlaridan axborot va maslahatlar olish, tovarlarni va transport vositalarini bojxona hududidan olib chiqish haqida bojxona organlarini xabardor qilish, dastlabki operatsiyalar amalga oshirilayotganda bojxona maqsadlari uchun zarur boʻladigan hujjatlarning loyihalarini tayyorlash, deklaratsiyalanadigan tovarlarni va transport vositalarini bojxona omborlariga bojxona nazorati ostida joylashtirish huquqiga ega boʻladi.

Shu bilan birga, vakil shaxs oldidagi majburiyatni taʼminlash maqsadida bojxona brokerining deklarant yoki vakolatli shaxs oldidagi fuqarolik javobgarligini eng kam oylik ish haqining ming baravari miqdorida sugʻurtalash majburiyati mustahkamlanmoqda. Chunki nazarda tutilgan majburiyatlarning yoʻqligi bojxona brokerlari xizmatlaridan foydalanishga qaror qilgan ishtirokchi deklarantlar uchun xavf paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin.

Nurillo Nasriyev, OʻzA