O‘zA O`zbek

25.08.2018 16:40 Chop etish versiyasi

Aholiga 300 bosh parranda va 10 bosh qoramol berildi

Aholiga 300 bosh parranda va 10 bosh qoramol berildi
Parrandachilik va chorvachilik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan aholiga 300 bosh parranda va 10 bosh qoramol berildi.

Yurtimizning eng ulugʻ, eng aziz bayrami arafasida Koson tumani “Gulbogʻ” mahalla fuqarolar yigʻinida ilk “Yoshlar mehnat guzari” va “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazining foydalanishga topshirilishi hudud ahliga munosib tuhfa boʻldi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi axborot xizmatining maʻlumotiga koʻra, mazkur guzarda 10 dan ortiq xizmat koʻrsatuvchi obyektlar – chevarxona, oziq-ovqat savdo doʻkoni, goʻzallik saloni, sabzavotlar rastasi, sport klubi, kitob doʻkoni, sogʻlomlashtirish markazi faoliyat koʻrsatadi. Quvonarlisi, guzarning ochilishi munosabati bilan 28 nafar oʻgʻil-qiz ishli boʻldi.

Guzar yonida yoshlarning biznes sohasidagi tashabbuslari, gʻoyalari va loyihalarini amalga oshirishga koʻmak berish maqsadida qad rostlagan “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi ham tuman yoshlariga biznes rejalar ishlab chiqish, yuridik, buxgalteriya va boshqa xizmat turlarini koʻrsatishga xizmat qiladi. Yosh tadbirkorlarning huquqiy, iqtisodiy bilimlarini oshirish, ularning faoliyat turlarini kengaytirish uchun forumlar, mahorat darslari, seminarlar tashkil etiladi.

Marosim davomida quyonchilik, parrandachilik va chorvachilik bilan shugʻullanish istagini bildirgan aholiga tuman hokimligi va “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan 300 parranda va 10 ta qoramol berildi.

OʻzA
1 726