Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2018 20:30 Chop etish versiyasi

Aholi salomatligi – dolzarb masala

Oliy Majlis quyi palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan xalqimizga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimidagi islohotlar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Deputatlar sohaga doir qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish sifati va ko‘lami oshishiga, tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlashga, aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi yuksalishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Xususan, 2017-yilda tez tibbiy yordam xizmati uchun 1 ming 200 dan ziyod ixtisoslashtirilgan avtotransport xarid qilindi. Bu hududlarning transportga bo‘lgan ehtiyojini qoplash imkonini berdi. Tez tibbiy yordam xizmatini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash sifati tubdan yangilandi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent viloyati filiali tashkil etildi. Tez tibbiy yordam chaqiriqlarini o‘z vaqtida qabul qilish, saralash va aniq manzilga uzatish maqsadida tez tibbiy yordam dispetcherlari uchun maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi. Shoshilinch holatlarda harakat qilish uchun 52 kasallik bo‘yicha tez tibbiy yordam ko‘rsatishning yagona davolash standartlari tasdiqlandi. Ko‘plab qishloq oilaviy poliklinikalari negizida hamda tugatilgan QVPlar o‘rnida tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etildi.

O‘tgan yili Qonunchilik palatasida sog‘liqni saqlash sohasiga oid 14 parlament eshituvi o‘tkazildi. Unda sog‘liqni saqlash vazirining hamda barcha respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari rahbarlarining axboroti eshitildi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida joylardagi sog‘liqni saqlash tizimi rahbarlarining axboroti yuzasidan 450 dan ortiq eshituv Qonunchilik palatasi deputatlarining ishtirokida tashkil etildi.

Davra suhbatida tibbiyot sohasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan masalalar yuzasidan takliflar muhokama qilindi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
7 086