O‘zA O`zbek

20.02.2018 12:35 Chop etish versiyasi

Aholi bandligini ta’minlashda tadbirkor o‘rni beqiyos

Aholi bandligini ta’minlashda tadbirkor o‘rni beqiyos
Samarqandda ana shu shior ostida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi boshlandi.

Prezidentimizning 2017-yil 22-dekabrda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasidan kelib chiqib tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi 460 dan ortiq korxona va tashkilot o‘zlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda 4024 nafar ishsiz fuqaro joylardagi bandlikka ko‘maklashish markazlariga ish so‘rab murojaat qilgan va ularning 1393 nafari ishga joylashtirilgan. 100 dan ortiq ishsiz fuqaro joriy yil yanvar-fevral oylarida Kattaqo‘rg‘on va Jomboy tumanlarida o‘tkazilgan mehnat yarmarkalarida ishga joylashtirilgan, 2602 nafar fuqaroga ishsizlik maqomi berilgan.

2.JPG

Viloyat bo‘yicha muqaddam sudlanib, sudlanganlik holati tugallanmagan shaxslar 2 ming 239 nafarni, chet eldan qaytib kelganlar 32 ming nafarni, kam ta’minlangan oilalar 15 ming 447 tani tashkil etmoqda. 2016-2017 o‘quv yilida kasb-hunar kollejlarini bitirgan va hozir ish bilan band bo‘lmagan 7 ming 604 nafar yoshlar mavjud.

Mazkur mehnat yarmarkasi ham ish topishda qiynalayotgan kam ta’minlangan oilalar vakillari, muqaddam sudlanganlar, chet eldan qaytib kelganlar, oliy o‘quv yurti va kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlar, ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlar, aliment to‘lovi ololmayotgan ayollar hamda hozirda ishsiz bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

7.JPG

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili D.Qosimov, Xalqaro press-klub rahbari Sh.Qudratxo‘jayev mazkur mehnat yarmarkasi band bo‘lmagan aholini doimiy ish bilan ta’minlash hamda farovonligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Yarmarka doirasida viloyatning turli hududlarida yashovchi ehtiyojmand oilalarga viloyat hokimligi, kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi viloyat kengashi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan gaz plitasi va boshqa maishiy texnik vositalari sovg‘a qilindi.

Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, tadbirkorlarga banklardan imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kunning birinchi yarmida 600 dan ortiq ishsiz fuqaroni ishga joylashtirish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
6 670