O‘zA O`zbek

03.03.2020 Chop etish versiyasi

Ahmad Tayyib: “Ruhimiz Makka va Madinaga, aqlimiz esa hamisha Samarqandga oshiqadi”

Ahmad Tayyib: “Ruhimiz Makka va Madinaga, aqlimiz esa hamisha Samarqandga oshiqadi”

“Al-Azhar” majmuasi rahbari, Misr Bosh imomi Shayx Ahmad Tayyib Imom Moturidiy maqbarasini ziyorat qilish chogʻida shunday dedi: “Ruhimiz Makka va Madinaga, aqlimiz esa hamisha Samarqandga oshiqadi”.

Samarqandda oʻtkazilayotgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurgan Shayx Ahmad Tayyib bugun Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hamrohligida Imom Moturidiy maqbarasi, Imom Buxoriy majmuasi, Hadis ilmi maktabi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini borib koʻrdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabida yaratilgan sharoitlar Ahmad Tayyibni hayratda qoldirdi. Martabali mehmon bu ikki muassasaning islom merosini oʻrganishdagi ahamiyatini yuksak baholadi.

– Oʻzbekiston rahbariga ushbu markazda shunday sharoitlar yaratib bergani uchun tashakkurlar aytaman, — dedi Ahmad Tayyib. – Bu yerdan yana Imom Buxoriy, Imom Termiziylar yetishib chiqishiga ishonaman.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Al-Azhar majmuasi bilan sermahsul hamkorligi Ahmad Tayyibda katta qiziqish uygʻotdi. Ayniqsa, markazga Misrdan olib kelingan qimmatli kitoblar mehmonlar eʼtiborini tortdi.

1 637
OʻzA