O‘zA O`zbek

13.11.2019 Chop etish versiyasi

Ahillik, hamjihatlik saboqlari

Ahillik, hamjihatlik saboqlari

O‘zbekiston – umumiy uyimiz

O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.

(O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 18-moddasidan).

Shu kunlarda mamlakatimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida Bag‘rikenglik haftaligi muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.

Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv yashab kelayotir. Hozirgi kunda Xalq ta’limi tizimidagi 9942 ta umumta’lim muassasasida 6 million 150 ming nafardan ortiq, shu jumladan, ularning orasida turli xil millatga va elatga mansub o‘quvchi va yoshlarga ta’lim va tarbiya berib kelinmoqda.

O‘quv jarayoni Davlat ta’lim standartlariga muvofiq 7 ta (qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman va o‘zbek) tilda olib boriladi. O‘quvchi va yoshlarga sifatli bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish maqsadida Davlat ta’lim standartlari bilan belgilangan barcha o‘quv darsliklari ham 7 ta tilda nashr etilib, o‘quvchi kontingentiga ko‘ra taqsimlangan holda umumta’lim muassasalariga yetkazib berilmoqda.

Bugungi kunda barcha umumta’lim maktablarida “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari”, “Tarix”, “Dunyo dinlari tarixi” kabi umumta’lim fanlari tarkibida o‘quvchi-yoshlarga bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik yo‘nalishida asosiy tushunchalar bosqichma-bosqich berib borilmoqda.

Xalq ta’lim vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 8-sinf uchun “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” fani doirasida “Millatlararo totuvlik”, “Diniy bag‘rikenglik” va “Ijtimoiy hamkorlik”, 11-sinf “O‘zbekiston tarixi” fani tarkibida “O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar va bag‘rikenglik” va “O‘zbekistonda konfessiyalararo munosabat” kabi mavzular doirasida o‘quvchilarga mazkur yo‘nalish bo‘yicha qator bilimlar berib kelinmoqda.

Umumta’lim maktablarining 1-11-sinf o‘quvchilari uchun “Tarbiyaviy soat” mashg‘ulotlarini tashkil etish bo‘yicha o‘quv-mavzu rejasiga asosan “Ona tiliga ehtirom”, “Bobolarimiz merosi”, “Til – dil ko‘zgusi”, “Barcha fuqarolar tengdirlar”, “Donolar bisotidan”, “Bag‘rikenglik”, “Til bilmoq – el bilmoq”, “Bilimli yoshlar – yurt tayanchi”, “So‘zlashish va nutq madaniyati ko‘p tilsimning kaliti”, “Shirin so‘z – jon ozig‘i”, “Til fikr libosidir”, “Zamon bilan hamnafas”, “Buyuk qadriyatlar yaxshilikka yetaklar” mavzulari o‘qitilib kelinmoqda.

Mazkur mavzular doirasida mamlakatimiz hududida uzoq tarixiy davrlar davomida doimiy ravishda turli elat va millatlar o‘zaro do‘stona munosabatlar asosida ahil va inoq bo‘lib yashab kelgani, bir-birini madaniy va ma’rifiy jihatdan doim to‘ldirgani, millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik holatlari biz uchun milliy madaniyatimizning ajralmas qismi ekani atroflicha tushuntirilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan 2019 yil 23 avgust kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatda o‘qituvchi mavqeini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi yig‘ilishda “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dunyo dinlari tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, 2020/2021 o‘quv yilidan yagona “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich joriy qilish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.

Umumta’lim muassasalaridagi o‘quv rejaga muvofiq taqdim etiladigan akademik bilim va ko‘nikmalar bilan bir qatorda, o‘quvchi-yoshlarda o‘zaro hamjihatlik, hurmat, o‘zga millatga mansub shaxslarga nisbatan bag‘rikenglik madaniyatini rivojlantirish maqsadida mazkur yo‘nalish bo‘yicha turli xil seminarlar, konferensiyalar, “davra suhbatlari” ko‘rik-tanlovlar ham muntazam tashkil etilmoqda.

Bag‘rikenglik haftaligi doirasida barcha umumta’lim maktablarida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik yo‘nalishida ijodiy ishlar tanlovi bilan bir qatorda milliy libos, raqs, taom va qo‘shiqlar yo‘nalishlarida turli xil ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Ahillik, hamjihatlik saboqlari sifatida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlar yoshlarda istiqlol g‘oyasiga sadoqat, vatanparvarlik, yurtga sadoqat, mehr-muruvvat, ahillik tuyg‘ularini mustahkam qaror toptirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

751
N.USMONOVA, O‘zA