O‘zA O`zbek

22.07.2019 15:15 Chop etish versiyasi

Ahadjon AKBAROV: 46 ming 174 nafar vaqtincha ishsiz yoshlar borligi aniqlandi

Ahadjon AKBAROV: 46 ming 174 nafar vaqtincha ishsiz yoshlar borligi aniqlandi

Fargʻonada yoshlarning bandligini taʼminlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Muammolar oʻz yechimini topayaptimi? Mazkur yoʻnalishda “Fargʻona tajribasi”ni oʻrganish boʻyicha tashkil etilgan respublika seminarida ana shu masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbirda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hududiy kengashlari raislarining oʻrinbosarlari, Bandlikka koʻmaklashish markazi masʼullari va yoshlar ishtirok etdi.

Viloyat hokimi oʻrinbosari F.Qosimov, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi oʻrinbosari B.Ochilov va boshqalar mamlakatimizda yosh avlodning sogʻlom boʻlib oʻsishi, sifatli taʼlim olishi va barkamol shaxs boʻlib voyaga yetishini taʼminlash, shuningdek, yoshlarning madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan 5 ta muhim tashabbusni joriy etish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Xususan, hayotda oʻz yoʻlini topishga qiynalayotgan yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga oʻrgatish hamda ularning bandligini taʼminlash yuzasidan alohida yangicha tizim yoʻlga qoʻyilgan.

Davlatimiz rahbari 6-7-may kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida yoshlar bilan ishlash boʻyicha “Fargʻona tajribasi”ni yaratish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilganini taʼkidlab, 5 ta muhim tashabbus boʻyicha vazifalarni belgilab berdi. Ayni kunlarda viloyatda bu borada muayyan ishlar olib borilmoqda.

– Ishsiz yoshlarni aniqlash maqsadida uyma-uy yurib soʻrovnomalar oʻtkazilganda 46 ming 174 nafar vaqtincha ishsiz yosh borligi aniqlandi, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Ahadjon Akbarov. – Mazkur vaqtincha ishsiz yoshlarning elektron bazasi shakllantirilib, ularning bandligini taʼminlash yoki kasb-hunarga yoʻnaltirish boʻyicha viloyat hokimligi hamda 19 ta tuman, shahar hokimliklari huzurida shtablar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi kunda bu yoshlarning 10 mingdan ziyodi hududlardagi Yoshlar markazlariga qamrab olindi. 1 ming 920 nafarining hunarmandchilik, 1 ming 656 nafarining esa kasanachilik asosida bandligi taʼminlandi. Oʻtgan davr mobaynida tashkil etilgan mehnat yarmarkalarida 2 ming 447 nafar yosh ishga joylashishiga erishildi.

Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish maqsadida shahar va tumanlarda 67,7 milliard soʻm mablagʻ hisobiga 214 ta loyiha ishga tushirildi. Natijada 3 mingdan ortiq yosh ish bilan taʼminlandi. Ushbu obyektlarga 35 mingga yaqin yosh qamrab olindi. Shuningdek, Fargʻona shahrida “Yoshlar innovatsion markazi”, Buvayda tumanida Yoshlar markazi, Rishton tumanida “Yosh hunarmandlar markazi” va “Yoshlar mehnat guzari” barpo etilib, foydalanishga topshirildi.

Qoʻshtepa tumanida madaniyat boʻlimiga qarashli binoda zamonaviy Yoshlar markazi barpo etilib, 5 ming fondga ega yangi kutubxona, “Yosh askiyachilar maktabi”, xorijiy tillar toʻgaragi va “IT akademiyasi markazi“ tashkil etildi. Buvayda tumanidagi “Yoshlar bogʻi”da 5 ta muhim tashabbusni oʻz ichiga olgan 5 ta bekat faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ilk bor Yoshlar markazi qoshida ochiq turdagi “Street Workout” sport kompleksi tashkil etildi.

Seminar ishtirokchilariga shahar va tumanlarda amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlar bandligini taʼminlash borasidagi ilgʻor tajribalar xususida maʼlumot berildi.

M.SULAYMONOV, OʻzA
603