O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Agroklaster mahsulotlari xorijga eksport qilinadi

Agroklaster mahsulotlari xorijga eksport qilinadi

Qishloq xo‘jaligida tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va buni rag‘batlantirish bugungi asosiy vazifalardan biri etib belgilab qo‘yilgan.

Qolaversa, paxta xom ashyosi yetishtirishning samarali usullarini joriy etish, urug‘lik xom ashyo ishlab chiqarish, uni qayta ishlash va tayyorlash, shuningdek, boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash asosida ularni ishlab chiqarishni tashkil etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Bu borada Prezidentimizning 2018 yil 9 noyabrdagi “Jizzax viloyatida zamonaviy agroklaster tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Shunga asosan, 2018 yilning 8 may kuni O‘zbekiston Respublikasi va AQSh kompaniyalari ishtirokida “Silverleafe Agriculture” savdo belgisi nomi ostida zamonaviy qo‘shma korxona tashkil etildi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga agroklaster tashkil etish uchun 2000 gektar yer maydoni ajratib berildi.

Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari mazkur agroklaster faoliyati bilan tanishish, u yerda bojxona sohasiga doir turli muammolar yuzaga kelishining oldini olish va kelgusida o‘zaro hamkorlikdagi vazifalarni belgilab olish maqsadida korxonaga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida salkam 44 milliard so‘mlik bojxona imtiyozlari asosida korxonaga olib kelingan zamonaviy uskunalarning ishlash jarayoni ham ko‘zdan kechirildi. Bugungi kunda korxonada zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikalari, jumladan, AQSh, Germaniya, Fransiya, Kanada hamda Braziliyada ishlab chiqarilgan 22 tadan ortiq “JOHN DEERE” va“JCB” rusumidagi ko‘p funksiyali traktorlari, paxta terish mashinalari hamda 28 ta yerga ishlov beruvchi agregatlari (yordamchi moslamalari), ehtiyot qismlari keltirilgan va hozirda ulardan samarali foydalanib kelinmoqda.

Keyingi manzil “Paxtakor paxta tozalash” zavodi bo‘ldi. Bu yerda zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari yordamida terib olingan paxta xom ashyosi avtomatik qurilmalar yordamida toza va qayta ishlab chiqarishga tayyor mahsulot ko‘rinishiga keltiriladi.

Ma’lumot tarzida aytish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, “Silverleafe Agriculture” savdo belgisi nomi ostidagi qo‘shma korxonaga Jizzax viloyatining Paxtakor tumanidan katta miqdorda yer maydoni ajratilishi belgilandi.

Bugungi kunda, ushbu paxta tozalash zavodini modernizatsiya qilish maqsadida 5 milliard so‘m miqdoridagi ta’mirlash ishlari amalga oshirildi hamda xorijdan 380 ming AQSh dollari miqdoriga teng bo‘lgan ishlab chiqarish liniyalari, uskunalar va ehtiyot qismlari bojxona imtiyozlari asosida olib kelindi.

Kelgusida qo‘shma korxona tomonidan Paxtakor tumanida zamonaviy “Pulsar” sug‘orish tizimini joriy etish orqali paxta hosildorligini oshirish rejalashtirilmoqda. Bu usulda sug‘orish loyihasiga esa 100 million AQSh dollari miqdoridagi qo‘shimcha investitsiya mablag‘lari jalb etiladi.

Shuningdek, klaster loyihasi doirasida tayyor mahsulotlar “Piter Millar”, “Kostko” hamda “Target” nomli kompaniyalarining buyurtmasiga asosan AQSh va Yevropa bozorlariga eksport qilinadi.

702
O‘zA