O‘zA O`zbek

20.09.2018 Chop etish versiyasi

“Agrobank”: Maqsad – mijozlar ehtiyojini qondirish

“Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida matbuot anjumani oʻtkazdi.

Bank boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchisi R.Mamatqulov mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, aholini tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, innovatsion, interfaol va elektron bank xizmatlari koʻrsatish yoʻlida qilinayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtar ekan, bunda asosiy eʼtibor mijozlar ehtiyojini qondirish va ularga qulayliklar yaratish ekanini taʼkidladi.

Prezidentimizning 2017-yil 2-sentyabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni va joriy yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori aholi va mijozlar, tadbirkor va ishbilarmonlar, qolaversa, xorijlik investorlar uchun ham qulayliklar yaratishda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Tadbirda qayd etilganidek, “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan mazkur hujjatlar ijrosini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilning 1-sentyabr holatiga koʻra, bank tomonidan aholiga qariyb 2,4 million dona, xoʻjalik yurituvchi subyektlar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga 24 mingdan ortiq korporativ plastik kartalar taqdim etilgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 125 foizga oʻsgan.

Bank tomonidan 17 omonat turi joriy etilgan boʻlib, ularga jalb qilingan mablagʻlar 1226,1 milliard soʻmni tashkil qilmoqda.

Matbuot anjumanida “Agrobankmobile”, “Agrobankmobile-biznes” mobil ilovalari, xorijlik sayyohlar uchun bankning savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalariga oʻrnatilgan terminallar orqali Xitoyning China Union Pay xalqaro plastik kartalaridan toʻlovlarni qabul qilish imkoniyati yaratilgani, zamonaviy, interfaol, innovatsion elektron bank xizmat turlarini koʻpaytirish borasida izlanishlar olib borilayotgani haqida ham batafsil maʼlumot berildi.

1 628
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA