O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Agar unga pand bermasak, biz albatta, gʻolib boʻlamiz!

Agar unga pand bermasak, biz albatta, gʻolib boʻlamiz!

Menimcha, bu xastalik bir inson organizmidagi immunitet bilangina daf boʻladigan kasallik emas. Balki u JAMIYAT BIRDAMLIGI IMMUNITETIni ham sinovdan oʻtkazyapti. Agar ushbu immunitet pand bersa, jamiyat katta zarbaga duchor boʻladi. Barcha hamjihatlik bilan harakat qilgandagina bu xavfni yengish mumkin.

Kechagi gap bugunga toʻgʻri kelmaydi, degan xalq naqli bor. Hozirgi sharoitda uning naqadar topib aytilganiga amin boʻlyapmiz. Bugungi xabarlarda Oʻzbekis­tonda koronavirus yuqtirganlar soni 65 nafarga yetdi.

Kimdir “mamlakatning 34 millionlik aholisi uchun bu yaxshi koʻrsatkich” deyishi mumkin. Ammo bunday oʻylashimiz va aytishimiz notoʻgʻri. Negaki, ­dunyodagi ahvolni tahlil etar ekanmiz, bu “koʻrinmas qoʻl” changalidan hech kim, hech bir davlat chetda qolmayotganini koʻramiz. Oddiy misol, jahonning eng qud­ratli davlati AQSHning Prezidenti Donald Tramp ham test topshirishiga toʻgʻri keldi. Rossiyadek qudratli davlatning rahbari Putinning karantin holatidagilarni koʻrishga borgani haqidagi videolar tarqaldi. Germaniya kans­leri Angela Merkel karantinda ekani va masofadan ishlayotganining oʻzi masalaning qay darajada ekanidan dalolat beradi. Qoʻshni davlat Qirgʻiziston poytaxti Bishkekda komendantlik soati joriy etildi. Kecha esa ­dunyoning eng chekka hududi hisoblanadigan – Chilining Pasxa orolida ham koronavirusga chalingan ilk bemor qayd qilindi.

Butun dunyo bir falokat oldiga qurolsiz chiqqan qoʻshinga oʻxshab qoldi. Qay mamlakat keskin choralar koʻrdi – aholisining katta qismini bu virusdan saqlashga erishdi. Bunga Xitoy va baʼzi Osiyo mamlakatlari misol. Qay mamlakat beparvo boʻldi – balo girdobida qoldi. Xususan, Amerikaga bepisandlarcha borgan Braziliya Prezidenti Bolsonaroning pushaymonlari endi befoyda. Mazkur safarda unga hamrohlik qilgan 22 nafar delegatsiya aʼzosi ham bu baloni yuqtirib kelgan...

Endi yurtimizga qaytaylik. Davlat choralar koʻrmoqda. Koʻpchilikning fikri yakdil – bu baloga har bir odam qarshi turishi kerak. Uni faqat davlatning choralari bilangina yengib boʻlmaydi. Toʻgʻrisi, hali iqtisodiy rivoj­lanib ketmagan davlat uchun anchayin toshi ogʻirlik qilishi mumkin boʻlgan choralarni koʻrayotgan rahbariyatga faqat taʼzim qilish kerak. Birgina Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi sanatoriylarning aksariyati karantindagilar uchun jalb etilgani, qolganlari ham shunga tayyorlanayotgani muhofaza choralari koʻlamining nechogʻli ekanidan dalolat beradi.

Ammo mana shu xalqparvarlikka barchaning ham javobi munosib boʻlmayotgani chatoq. Kecha roʻyxatga olingan bemorlardan birining kasallar bilan muloqotda boʻlmagani haqida xabar qilindi. 20 yashar qiz qayerdadir – jamoat transportidami, liftdami, zinadami, bankdami, bozordami, koʻchadami virusni oʻziga ilashtirgan. Bu virusning, hatto, uyda oʻtirgan odamga ham osongina yetib borishi mumkinligini koʻrsatdi. Bu hushyor boʻlish lozimligini yana bir bor uqtirdi.

Biroq qatʼiy choralar belgilangani haqida har kuni yuzlab marta ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinayotganiga qaramay, hamon koʻchalarda, biror tayinli sababi boʻlsa-boʻlmasa, yana niqoblarsiz yurganlarni uchratyapmiz.

Axir bu, avvalo, oʻzingizga, qolaversa atrofingizdagilar, ana boring, otangiz, onangiz, farzandlaringizga nisbatan ­XIYONAT emasmi?

Biz virus haqida yetarli maʼlumotga egamiz-ku! Uning inson organizmidagi immunitetga qarab harakat qilishi, agar immun tizimi kuchsiz boʻlsa, u gʻolib kelishi, agar aksi boʻlsa, chekinishini yaxshi bilamiz-ku! Unda boshqalarni xavfga qoʻyishga nima haqimiz bor?

Menimcha, bu xastalik bir inson organizmidagi immunitet bilangina daf boʻladigan kasallik emas. Balki u JAMIYAT BIRDAMLIGI IMMUNITETIni ham sinovdan oʻtkazyapti.

Agar ushbu immunitet pand bersa, jamiyat katta zarbaga duchor boʻladi. Barcha hamjihatlik bilan harakat qilsa, virusni, albatta, yengish mumkin.

Yana xabarlar oqimini kuzatamiz va bu yoʻldagi harakatlarni koʻramiz. Mana misol, Qozogʻiston Elboshisi murojaatiga bir kunda “labbay” degan qozoq birodarlarimiz va Qozogʻistonda yashayotgan boylar 41 million AQSH dollari miqdorida mab­lagʻ ­toʻpladi.

Bizda-chi? Sogʻliqni saqlash vazirligi qoshida tashkil etilgan “Mehr-shafqat va salomatlik” jamgʻarmasiga 5 milliard soʻm mablagʻ yigʻilibdi. AQSH dollari hisobida esa bir millionga ham yetmaydigan raqam!

Qolaversa, xayriya kimgadir koʻrinish, koʻz-koʻz qilish uchun qilinadigan ish emas. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, ­Qozogʻistonda tadbirkorlik qilayotgan oʻzbekis­tonlik Fattoh Shodiyev mamlakatimizda koronavirusga qarshi kurashga oʻz hissasini qoʻshishga tayyorligini bildiribdi. Ammo bizning kunimiz faqat niqob tarqatadigan tadbirkorning muruvvatiga qoldimi?

Gapning ochigʻi, bizda chin vatanparvarlikni koʻrsata oluvchi jamoatchilik reaksiyasi koʻrinmayapti. Odamning yuragini “jiz” ettiradigan biron-bir tashab­busni koʻrmayapmiz.

Telesahnada har kuni chiqib, toʻrtta qoʻshiqqa ogʻzini qimirlatib, elning toʻyi­­ga ming-ming dollarga boradigan “xushovoz” hofizlarimiz bugun faqat “Uyda qoling” chellenjida ishtirok etishmoqda, xolos. U ham topshiriq asosida. Qani oʻsha doimo eʼzozdagi xalq artistlari?

Bugun biz jamiyat birdamligi immunitetini oshirishda kimning kuchiga suyanamiz?

Davlatning boshida turganlar Allohga yoqqan odamlar, ularning maqsad-u muddaolari ham Allohga maʼqul keladi. Shu sabab, ishonamizki, biz yengamiz, inshaAlloh.

Biroq, buning uchun, hech qursa, shu ishonganlarimizning talablariga ­“labbay” deb javob beraylik. Zarur ishimiz boʻlmasa, uyimizda oʻtiraylik! Bu ham bir yordam! Bu ham bir vatanparvarlik! Davlat barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Oziq-ovqat yetarli, elektr, suv, gaz bor, dorixona, doʻxtirlar ishlayapti, hatto, telefoningizning pulini toʻlamaganingizga qaramay oʻchirishmayapti. Televizorda farzandlaringizga kerakli darslar oʻqitilmoqda, oʻzingizga turli qiziqarli filmlar, dasturlar tayyorlanmoqda. Yana nima kerak? Faqat oʻzingizni, farzandlaringizni asrab, uyda oʻtiring!

Ijtimoiy reklamalarda koʻr­yapsizmi, virus tashuvchi vositalar juda koʻp. Biroq agar jiddiy harakat qilsangiz, siz oʻzingizni ham, yaqinlaringizni ham bu balodan asray olasiz!

Bugun barchamiz uchun yagona himoya – JAMIYAT BIRDAMLIGI IMMUNITETI kerak. Agar unga pand bermasak, biz, bu virusdan xoli boʻlamiz, uni yengamiz, gʻolib boʻlamiz!

Husan ERMATOV,

jurnalist

729
O'zA