Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.02.2018 18:22 Chop etish versiyasi

Afv etilgan shaxslar ishga joylashdimi?

Davlatimiz tomonidan diniy ekstremizm g‘oyalari ta’siriga adashib tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni sog‘lom hayotga qaytarishga qaratilayotgan e’tibor, jamiyatga moslashish imkoniyati berilayotgani xalqimizga xos kechirimlilik va bag‘rikenglik kabi yuksak qadriyatlarning yorqin ifodasidir.

Prezidentimizning 2017-yil 6-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Do‘rmon madaniyat saroyida ozodlikka chiqarilgan hamda jazoni ijro etish muassasalaridan muddatini o‘tab qaytgan diniy ekstremistik va terroristik oqimlarga daxldor bo‘lgan Qibray, Bo‘stonliq, Toshkent tumanlari, Chirchiq shahrida yashovchi shaxslar va ularning oila a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda bu alohida ta’kidlandi.

Viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda huquq-tartibot idoralari xodimlari, viloyat bandlik bosh boshqarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limlari va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari ishtirok etdi.

Qibraylik Jo‘raboy Komilov ham ko‘p qatori oilasiga bosh bo‘lib, uch farzandini tarbiyalash o‘rniga jinoyat ko‘chasiga kirdi. Jazoni ijro etish muassasasida qilmishining qonunlarimizga xilofligini anglab yetgach, pushaymon bo‘ldi. Davlatimiz tomonidan uning qilmishi afv etilib, jamiyatda o‘z o‘rnini qayta topishi uchun yana bir imkoniyat berildi.

– Farzandlarimga ibratli ota bo‘lolmaganimdan afsusdaman, – deydi J.Komilov – Kech bo‘lsa-da, qilgan ishim na qonunga va oddiy odamgarchilikka to‘g‘ri kelmasligini to‘la anglab yetdim. Ota-ona, oila qadrini, ozodlikning nechog‘li buyuk ne’mat ekanini angladim. Mening juda og‘ir jinoyatimni afv etgan Prezidentimizdan, xalqimizdan minnatdorman. Ayni paytda hayotimni yangidan boshlab, yurtimiz ravnaqi yo‘lida foydali mehnat qilishimga mahalla faollari, profilaktika inspektori yaqindan yordam bermoqda.

Tadbirda tashkilotchilar tomonidan afv etilgan va jazo muddatini o‘tab qaytgan shaxslarning bandligini ta’minlash yuzasidan bir qator vazifalar belgilab olindi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan salomatligidan shikoyat qilgan shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, fuqarolik pasportini yo‘qotganlarga uni qayta olishga ko‘maklashish va boshqa masalalarni tizimli ravishda hal qilish bo‘yicha fikr almashildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
5 860