O‘zA O`zbek

23.09.2020 Chop etish versiyasi

“Afsonalar vodiysi” – Namangan turizmi brendiga aylanadi

“Afsonalar vodiysi” – Namangan turizmi brendiga aylanadi
Qaror va ijro 

Gullar shahriga aylangan Namangan bugungi kunda sayyohlar uchun keng quloch ochmoqda. Boisi, bu hudud oʻziga xos va betakror milliy qadriyati, rasm-rusumlari, anʼnalari bilan ajralib turadi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 26-27-iyun kunlari viloyatga qilgan tashrifi chogʻida ayni shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratib, muhim topshiriqlar bergan edi. Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Namangan viloyati hokimligi hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun tashkil etilgan infoturda ushbu belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi oʻrganildi.

Ishtirokchilar Chust, Chortoq, Yangiqoʻrgʻon tumanlari va Namangan shahrining diqqatga sazovor joylari, tarixiy ziyoratgohlarida boʻldi. Dastlab ular Chust oshi bilan mashhur boʻlgan Mavlono Lutfulloh nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi faoliyati bilan tanishdi.
photo_2020-09-23_19-01-27.jpg

1932-yilda Mavlono Lutfulloh maqbarasi joylashgan ziyoratgoh hududida barpo qilingan bogʻning faoliyati mavsumiy boʻlib, asosan may-sentyabr oylariga toʻgʻri keladi. Bir yilda 250 ming, bir kunda 6-7 ming kishiga xizmat koʻrsatiladi. Toʻqqizta shifobaxsh buloq joylashgan xiyobonda betakror, salqin iqlim borki, bogʻ tashqarasidagi hudud bilan 7 daraja past haroratga farq qiladi. Shuning uchun ham bogʻ nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi ziyoratchilarni ham oʻziga maftun etib keladi. Ayni paytda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bogʻ koʻrkiga koʻrk bagʻishlashi asnosida sayyohlar oqimining koʻpayishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Toʻrt ming yillik tarixga ega Chust shahrining sivilizatsiyasida muqaddas qadamjo va obidalar alohida oʻrin tutadi. Xususan, Bibiona arxeologik meros obyektida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti tomonidan qazishma ishlari boshlanish arafasida turibdi. Shaharning 3700-yillik tarixi YUNESKO tomonidan “Chust madaniyati” nomi bilan roʻyxatga olingan. Oʻtgan asrda keng qamrovli qazishma ishlari olib borilgan.

Asrlar osha hunarmandchilik anʼanalarini eʼzozlab kelayotgan Chustning pichoq va doʻppilarini bilmagan odam boʻlmasa kerak. Manzilga borgan sayyohlar hech boʻlmasa, ulardan bittasini xarid qilib qaytadi. Kamarsada mahallasida umrguzaronlik qilayotgan 72 yoshli qoʻli gul hunarmand Mavluda aya Shermatova doʻppidoʻzlar sulolasining toʻrtinchi vakili. Yusufjon aka Aminov bilan toʻrt oʻgʻil va bir qizni kamolga yetkazgan onaxonning 10 yashar nabirasi Hadicha Xoʻjazoda ham oʻz hunari ortidan oilasiga naf keltirayotgani eʼtiborga molik. Xonadon aʼzolari tikkan doʻppilarga xaridorlarning keti uzilmaydi. Qolaversa, bu doʻppilar oʻz sohibi boshida dunyo kezadi.

photo_2020-09-23_19-01-37.jpg

Pichoqchilar sulolasining yettinchi avlodi boʻlgan Ahadjon Abdurahimov oʻzining Damashq pichoqlari bilan usta hunarmandlar orasida oʻz oʻrniga ega.

– Bu pichoqlar aslida oʻzimizda boʻlgan. Qadimda Gʻova qishlogʻida ota-bobolarimiz uch xil metalni aralashtirib tayyorlashgan. Yaʼni ming yillarcha avval yasashgan. Keyinchalik bu arxeolog, geologlarning qazishmalari va tarixiy manbalarda oʻz aksini topgan. Shu paytga qadar pichoqlar Riga va Moskva shaharlariga eksport qilinib kelinadi, – dedi biz bilan suhbat chogʻida Chust tumani Doʻzandi mahallasida yashovchi hunarmand Ahadjon Abdurahimov.

Tumandagi Bogʻi Eram mahallasida istiqomat qilayotgan Rahimjon Ubaydullayev ham bugungi kunda “yorma”, “bodomcha”, “chamandasta”, “chumchuq” va “etik sopli” pichoqlarni yasab, Chust hunarmandchilik maktabi anʼanalarining mashhur boʻlishiga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda. Respublika hunarmandlari oʻrtasidagi tanlovlarda oʻz mahsulotlari bilan qatnashib, eʼtirofga sazovor boʻlmoqda.

photo_2020-09-23_19-01-29.jpg

– Chet davlatlardan kelayotgan turistlarga ham mahsulotlarni namoyish etish maqsadida uy-muzeyini tashkil etdik, – dedi R.Ubaydullayev. – Oldinlari 10-15 xil pichoq yasagan boʻlsak, hozirda ularning turi yuzdan oshdi. Pichoqlarimizni Markaziy Osiyo, MDH va Yevropa davlatlaridan ham kelib olib ketishyapti. Yaqingacha biz, hunarmandlar oʻzimizni toʻlaqonli koʻrsatishimizga imkoniyat va sharoitlar boʻlmagan. Prezidentimizning hunarmandchilikni rivojlantirishga qaratayotgan eʼtibori, bu borada qabul qilingan bir qator hujjatlar soha rivojiga yoʻl ochdi.

Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi” xiyoboni jurnalistlarda katta taassurot qoldirdi. Nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyodagi yirik, uch qavatli hunarmandlar markazi, bir vaqtning oʻzida 15 ming kishini sigʻdira oluvchi masjid, eng yirik savdo markazi, mehmonxona, villalar, eng zamonaviy attraksionlar va favvoralarni oʻz ichiga olgan majmuada hozir qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

– Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-sentyabrdagi “Namangan shahrida zamonaviy madaniyat va istirohat bogʻini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan sobiq Mashrab bogʻi oʻrnida barpo etilayotgan oʻziga xos dam olish maskanidagi 155 gektar maydondagi qurilish ishlari uchun “Namangan istiqlol bogʻi” MCHJ masʼul etib belgilangan, – dedi “Afsonalar vodiysi” bogʻi direktorining oʻrinbosari Ibrohim Mamatqulov. 

photo_2020-09-23_19-01-33.jpg

– Ayni kungacha 123 million dollar qiymatga ega boʻlgan yirik loyiha doirasida 1300 ta avtomobilga moʻljallangan avtoturargoh, 112 ta doʻkonni oʻz ichiga olgan ikki qavatli savdo-sayilgoh koʻchasi, 16 turdagi zamonaviy attraksionlar va virtual oʻyinlar xonasidan iborat tematik park va attraksionlar, 800 nafar mijozga xizmat koʻrsatuvchi restoranlar ishga tushirilgan. 
Bundan tashqari, majmuada yopiq va ochiq akvapark boʻlib, bu yerda 10 ta xizmat koʻrsatish va 5 ta texnik bino, 16 basseyn, 7 turdagi suv attraksioni xizmatga shay. 2 400 oʻringa ega amfiteatr va yozgi amfiteatrda esa turli koʻngilochar tadbirlar oʻtkaziladi. Zamonaviy sharshara, musiqali favvora, kanal, koʻl obyektlari esa majmuaga koʻrkamlik baxsh etadi.

“Afsonalar vodiysi” hududida 250 xona hamda 400 oʻringa moʻljallangan mehmonxona va 149 ta villa ham mehmonlarga xizmat koʻrsatadi. Bugungi kunda obyektdagi qurilish ishlarini jadallashtirish maqsadida 60 dan ziyod ogʻir texnika va mingdan ziyod kishi qurilish ishlarida ishtirok etmoqda. 

photo_2020-09-23_19-01-24.jpg

Loyixa toʻliq ishga tushirilgandan soʻng kunlik 15 mingdan ziyod viloyat mehmonlari va shahar aholisi uchun xizmat koʻrsatish moʻljallangan. Shu bilan birga, 1500 ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan bu maskanda hozir 600 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda.

Infotur doirasida ishtirokchilar Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Yangiqoʻrgʻondagi dam olish maskanlari, Qizilyozi mahallasi hududidagi “Oʻngʻor” dam olish majmuasi, Nanay qishlogʻining qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegaradosh hududida joylashgan Soy boʻyi mahallasida qurilayotgan “Diyor” dam olish maskani, Namangan shahridagi “ANAMED” koʻp tarmoqli tibbiy diagnostika markazi hamda “Akhsikent” mehmonxonasida ham boʻlib, tibbiyot va mehmonxona turizmi yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Muxtasar aytganda, bugun Namanganda turizm sohasi rivojlanish bosqichiga chiqmoqda. Ikki togʻ tizmasi kesishmasi poyida joylashgan, tabiiy-geologik jihatdan ulkan imkoniyatlarga ega boʻlgan ushbu viloyatda tabiat inʼomlarini asragan holda ulardan samarali foydalanib, turizmni rivojlantirish boʻyicha bir qator yirik loyihalar amalga oshirilayotgani eʼtiborga molik. Muhimi, kelgusida ekoturizm, gastronomik turizm, tibbiy va madaniyat turizmi kabi yoʻnalishlar boʻyicha puxta zamin yaratilmoqda.

photo_2020-09-23_19-01-21.jpg

6 760
Nasiba ZIYODULLAYEVA, OʻzA