O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

07.09.2018 10:48 Chop etish versiyasi

“AFROSIYOB”ning yangi manzili

“AFROSIYOB”ning yangi manzili
Toshkent – Shahrisabz – Toshkent yoʻnalishida zamonaviy “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovi yoʻlga qoʻyilishi munosabat bilan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun mediatur tashkil etildi.

Erta tongdan uzoq manzilga otlangan yoʻlovchilar, xorijlik mehmonlar Toshkent markaziy vokzalidan yoʻlga chiqqan tezyurar poyezdidagi sharoitlardan mamnun.

Shu paytga qadar Toshkent-Qarshi yoʻnalishi boʻyicha “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovi yoʻlga qoʻyilgan edi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qisqa fursat ichida “Qarshi – Shahrisabz” temir yoʻl liniyasini modernizatsiya qilish va elektrlashtirish ishlari toʻliq nihoyasiga yetkazildi. Umumiy uzunligi 124 kilometrdan iborat boʻlgan ushbu loyiha “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining tajribali mutaxassislari tomonidan qisqa muddatda sifatli qilib amalga oshirildi. Qarshidan Shahrisabzgacha boʻlgan masofada 3 vokzal qurilib, bir nechta stansiya tubdan taʼmirlandi.

f935e9c9-608a-4979-9240-183ca0b6751d.jpg

Shuningdek, ushbu yoʻnalishda yangi koʻpriklar, sunʼiy inshootlar bunyod etildi. Bunday bunyodkorlik ishlariga 100 ga yaqin zamonaviy texnika va 300 nafarga yaqin mutaxassis jalb qilindi. Eʼtiborli jihati shundaki, loyiha doirasida rejalashtirilgan 94 kilometr masofada elektrlashtirish bilan bogʻliq barcha ishlar soha mutaxassislarining istiqlol yillarida toʻplagan tajribasi tufayli oʻz vaqtida toʻliq amalga oshirildi. Bu kabi saʼy-harakatlar natijasi oʻlaroq bugun zamonaviy “Afrosiyob” elektropoyezdining Shahrisabzgacha muntazam qatnovi yoʻlga qoʻyilib, yurtimiz aholisi va mehmonlarga mustaqillik bayrami hamda koʻhna Keshda oʻtkazilayotgan Maqom sanʼat anjumani arafasida munosib tuhfa boʻldi.

Mutaxassislarning soʻzlariga koʻra, ushbu loyihaning amalga oshirilishi, eng avvalo, yoʻlovchilarga transport xizmati koʻrsatish sifatini oshiradi. Tabiiyki bu ushbu hududga keladigan sayyohlar sonining ortishiga ham xizmat qiladi. Yana bir ahamiyatli jihati mazkur elektrlashtirish loyihasi natijasida yiliga 10 ming tonnadan ziyod dizel yonilgʻisi iqtisod qilinadi. Natijada atrof muhitni muhofaza qilish, aholi turmush farovonligini yanada rivojlantirishga imkon yaratiladi.

Mediatur davomida jurnalistlar ham ushbu jarayonlarni kuzatib, soha xodimlaridan mavzuga doir savollariga javob oldi.

A.Musayev, F.Abdurasulov (surat), OʻzA