O‘zA O`zbek

29.08.2018 18:22 Chop etish versiyasi

Afrika tuyaqushlari Samarqandda

Afrika tuyaqushlari Samarqandda Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanidagi Yangiobod mahallasida yashovchi Husan Haydarov oʻz tomorqasida 9 bosh Afrika tuyaqushini parvarishlamoqda.

Tuyaqushning tuxumi va goʻshti turli xastaliklarni davolashda keng qoʻllaniladi. Jumladan, yurak-qon tomir kasalliklari, qon bosimi va qandli diabetni davolashda uning goʻshti juda foydali hisoblanadi. Patidan esa ayollar uchun sharf va boshqa kiyim-kechaklar tayyorlanadi. Terisidan barcha turdagi charm mahsulotlari tayyorlashda qoʻllaniladi. Javohir va olmosni tozalashda uning yakkayu yagona tirnogʻidan tayyorlangan kukun bebaho sanaladi.

6.JPG

Tuyaqushlar mart oyidan noyabr oyigacha tuxum beradi. Bitta tuyaqush mavsum davomida 80 tadan 110 tagacha tuxum qoʻyadi. Polaponi 45 kunda tuxumdan chiqadi. Kasalliklarga chidamli parranda faqat 6 oygacha alohida eʼtibor bilan parvarishlanishi lozim. Shu muddatdan soʻng uncha-muncha kasallikka chalinmaydi. To tuxumga kirish arafasigacha uning jinsini ajratib boʻlmaydi. Afrika tuyaqushining urgʻochisi oq-kulrang tusda, erkagi esa oq-qora rangda boʻladi.

9.JPG

– Bu qushni boqishni yoʻlga qoʻyishni anchadan buyon oʻylab yurardim, - deydi Husan Haydarov. — Xorijdan keltirish uchun esa imkoniyat yoʻq edi. Qanday maqsadga erishishni bilmay yurgan kezlarimda tasodifan Fargʻona viloyatining Rishton tumanida tuyaqush boqayotgan fermer xoʻjaligining manzili qoʻlimga tushdi. Shu kunning oʻzida Rishtonga otlandim. U yerda tuyaqush parvarishlashning oʻziga xos tomonlari boʻyicha yetarlicha maʼlumotga ega boʻldim. 2017 yilning yanvar oyida oʻz hisobimdan 21 million 600 ming soʻmga 9 ta 2 oylik tuyaqush xarid qilib, boqishni boshladim. Yaqinda urgʻochi tuyaqushlar tuxumga kiradi. Ammo ularni koʻpaytirib boʻlmaydi. Tuyaqush 2 yilu 4 oylikdan soʻng urugʻlangan tuxum beradi. Shu bois kelgusi yilning mart oyidan tuyaqush koʻpaytirishni boshlaymiz. Hozir buning uchun maxsus inkubator tayyorlayapmiz.

Alisher Isroilov (surat),OʻzA
1 986