O‘zA O`zbek

24.08.2018 20:56 Chop etish versiyasi

Afgʻoniston yoshlari uchun zamonaviy sharoitlar

Afgʻoniston yoshlari uchun zamonaviy sharoitlar Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʻlim markazida yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrish masalalariga bagʻishlangan mintaqaviy oʻquv-seminari boʻlib oʻtdi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Termiz davlat universiteti, Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti, Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʻlim markazi professor-oʻqituvchilari, poytaxtimizdagi nufuzli oliy taʻlim muassasalarining Termiz filiallari direktorlari ishtirok etgan seminarda mamlakatimiz taʻlim tizimida yuz berayotgan oʻzgarish va yangilanishlar nafaqat yurtimiz, balki qoʻshni davlatlar uchun ham malakali mutaxassislar tayyorlashda yuksak samaralar berayotgani alohida taʻkidlandi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatida tashkil etilgan Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʻlim markazi buning yorqin tasdigʻidir.

Joriy yilda faoliyat boshlagan markazda afgʻonistonlik yoshlar oʻzlari tanlagan kasb sirlarini chuqur oʻrganishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Koʻp qavatli muhtasham oʻquv binosi, talabalar turar joyi, axborot-resurs markazi, sport zali va sport maydonchalari, oshxona qoʻshni davlat yoshlariga xizmat qilmoqda. Binoda oʻzbek tili va adabiyoti, kimyo, fizika kabi fanlarni chuqur oʻzlashtirish, temir yoʻl transporti tizimini puxta oʻrganish uchun lingafon xonalari, laboratoriyalar tashkil etilgan. Maishiy, savdo va boshqa xizmatlar koʻrsatadigan shoxobchalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Axborot-resurs markazi iqtisodiy-texnik va ijtimoiy-gumanitar yoʻnalishlardagi fanlar boʻyicha yetarli oʻquv va yordamchi darsliklar, badiiy va ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar, Oʻzbekistonda ishlangan badiiy va hujjatli filmlar, audiotoʻplamlar disklari bilan jihozlangan. Elektron kutubxona tizimiga lotin alifbosidagi 700 dan ziyod elektron adabiyot joylashtirilgan. 10 ga yaqin toʻgarak faoliyatyuritmoqda.

Ayni paytda 300 oʻrinli talabalar turar joyi, 400 oʻrinli oshxona, novvoyxona, hammom va kir yuvish inshooti qurilishi qizgʻin davom etmoqda.

Bu yil muhtasham oʻquv dargohida 96 nafar afgʻonistonlik oʻgʻil-qiz oʻzbek tili va adabiyoti, 35 nafari temir yoʻl transporti mutaxassisligi boʻyicha oʻqishga qabul qilinib, dastlabki oʻquv yilini muvaffaqiyatli yakunladi.

Seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirining birinchi oʻrinbosari O.Abdurahmonov, markaz direktori O.Roʻziyev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti dekani B.Abdishukurov va boshqalar 2018/2019 oʻquv yilida afgʻonistonlik talabalarga sifatli taʻlim berish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, taʻlim jarayoniga jalb etilayotgan professor-oʻqituvchilar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar vadarsliklar, auditoriyalarda yaratilayotgan sharoitlar haqida gapirib, taʻlim samaradorligini yanada oshirish boʻyicha tegishli tavsiyalar bildirdi.

– Afgʻonistonlik talabalar oʻrtasida ilmga chanqoq, iqtidorli, izlanuvchan yoshlar koʻp ekan, – deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori Z.Xolmonova. – Fan sirlarini puxta oʻrgatish uchun alohida hozirlik koʻrildi. Talabalar uchun yangi oʻquv darsliklari yaratildi. Bu jarayonda afgʻonistonlik oʻzbeklarning ibratli maqollaridan foydalanildi. Hikmatli bu soʻzlarning koʻpchiligi biz uchun yangilik boʻldi. Kelgusida ilmga chanqoq afgʻon talabalari uchun magistratura boʻlimini tashkil etib, oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha ilmiy ish bilan shugʻullanishiga koʻmaklashsak, maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Oʻquv-seminar ishtirokchilari shoʻbalarga boʻlinib, yangi oʻquv mavsumiga koʻrilgan tayyorgarlik ishlarini muhokama etdi. Oʻquv yilini muvaffaqiyatli oʻtkazish yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi.

Xolmoʻmin Mamatrayimov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat) OʻzA
3 091