O‘zA O`zbek

03.03.2020 Chop etish versiyasi

Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi KOICA bilan hamkorlik oʻrnatmoqda

Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi KOICA bilan hamkorlik oʻrnatmoqda

Oʻzbekiston Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Termiz tumanidagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi hamda Koreya Respublikasi xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida anglashuv memorandumi imzolandi. 

Tadbir doirasida Koreya Respublikasi xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori Son Song Il dunyoda muqobili yoʻq mazkur taʼlim muassasasida boʻlib afgʻonistonlik yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Zamonaviy markazda qoʻshni davlatdan kelib, taʼlim olayotgan talaba-yoshlar bilan uchrashib, suhbatlashdi.

Taʼlim muassasasida qoʻshni davlat tomoni ehtiyojlaridan kelib chiqib, qirqqa yaqin oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim yoʻnalishi oʻquv rejalarining modullashtirilgan shakli ishlab chiqilgan. Bu yerda qoʻshni mamlakat yoshlari oʻzlari tanlagan kasb sirlarini chuqur oʻrganishi uchun yurtimizdagi eng nufuzli oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari saboq beradi. Markaz oliy taʼlim muassasalari korporativ tarmogʻi orqali “Elektron taʼlim tarmogʻi”ga ulangan. Oʻtgan yili oʻquv markazining ilk bitiruvchilari boʻlgan 96 nafar afgʻon oʻgʻil-qizlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining oliy malakali mutaxassis diplomiga ega boʻlib, oʻz Vataniga qaytdi. Besh nafari oʻqishni davom ettirib, Termiz davlat universiteti magistraturasida taʼlim olayotir. 

Uch yildan buyon Surxondaryo viloyatiga yon qoʻshni davlat yoshlari taʼlim olayotgan zamonaviy muassasaning koʻp qavatli oʻquv binosi, 350 oʻringa moʻljallangan talabalar yotoqxonasi, axborot-resurs markazi, sport zali va sport maydonchalari, oshxona afgʻonistonlik talabalar xizmatida. Kimyo va fizika kabi fanlarni chuqur oʻzlashtirish, temir yoʻl transporti tizimini puxta oʻrganish uchun lingafon xonalari, laboratoriyalar tashkil etilgan. Maishiy, savdo va boshqa xizmatlar koʻrsatadigan shoxobchalar, turli toʻgaraklar ishlab turibdi. Afgʻon yoshlari uchun tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtirilib, koʻngilochar maʼnaviy-madaniy tadbirlar, qiziqarli sport musobaqalari tashkil etilmoqda. Qoʻshni davlat oʻgʻil-qizlari mamlakatimizda oʻtkazilayotgan bayram shodiyonalari va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarda ham faol qatnashib, oʻz mahoratini keng namoyish etmoqda, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritayotir. 

Ikki tomonlama imzolangan anglashuv memorandumi kasb-hunar taʼlimi sohasini rivojlantirish uchun zarur boʻlgan hamkorlik faoliyatini yuksaltirish orqali Afgʻonistonning ijtimoiy rivojlanishiga munosib hissa qoʻshishni koʻzda tutadi.

– Shunga muvofiq KOICAning Oʻzbekistondagi kasb-hunarga oʻqitish markazlari hamkorligi asosida oʻqituvchilarimizning malakasini oshirishga koʻmaklashadi, – deydi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi direktori O.Roʻziyev. – Oʻquv dasturlarimizni ishlab chiqish va oʻquvchilarga taʼlim berish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni joriy etadi. Koʻngillilarini yuborish orqali afgʻon yoshlariga axborot- kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha koreys tilini oʻrgatish koʻzda tutilmoqda. Markazning kasb-hunarga oʻqitish imkoniyatlarini oshirish bilan bogʻliq axborot va kadrlar almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi. “Koreya madaniy markaz”ini tashkil etish rejalashtirilgan.

Ayni paytda taʼlim markazida oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi, tibbiyot xodimi, yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi singari yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshni davlatdan kelgan 172 yigit-qiz taʼlim-tarbiya olib, oʻzlari tanlagan kasb sirlarini mukammal egallayotir. 

Koreya Respublikasi xalqaro hamkorlik agentligining mazkur taʼlim muassasasi bilan Qatar poytaxti Dohada AQSH va “Tolibon” harakati oʻrtasida tinchlik kelishuvi imzolangan bir paytda oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyganida ramziy maʼno bor. Zero, jahon hamjamiyati tomonidan bu kelishuvda Oʻzbekistonning oʻrni beqiyos ekani ham alohida eʼtirof etilmoqda. Shu maʼnoda KOICA bilan oʻrnatilayotgan hamkorlik qoʻshni davlat oʻgʻil-qizlarining yana-da sifatli taʼlim olib, Afgʻonistonni har tomonlama rivojlantirishda oʻz samaralarini beradi.

2 357
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, OʻzA