O‘zA O`zbek

22.09.2019 Chop etish versiyasi

Afgʻoniston bilan oʻsimliklar karantiniga oid bitim imzolanadi

Afgʻoniston bilan oʻsimliklar karantiniga oid bitim imzolanadi

Joriy yilning 19-21-sentyabr kunlari Afgʻoniston Qishloq xoʻjaligi, irrigatsiya, chorvachilik vaziri Nosir Ahmad Durrani boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. delegatsiya aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligida Oʻzbekiston-Afgʻoniston qoʻshma ishchi guruhining birinchi yigʻilishida ishtirok etishdi.

Yigʻilishda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev joriy yilning avgust oyi oxirida Afgʻonistonda tashkil etilgan Oʻzbekiston hukumat delegatsiyasining tashrifi davomida ikki mamlakat oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni faollashtirish boʻyicha samarali muzokaralar olib borilgani, mazkur uchrashuv kelgusidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga muhim turtki boʻlishini bildirdi.

- Oʻzbekiston hukumatiga Afgʻoniston qishloq xoʻjaligini rivojlantirish uchun berilayotgan eʼtibor uchun minnatdorman, dedi janob Durrani. Afgʻonistonda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish muhim oʻrin tutadi. Mazkur uchrashuv munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqishi, shubhasiz.

Vazirlik axborot xizmatining xabarida keltirilishicha, hozirgi vaqtda Afgʻonistonda meva-sabzavot yetishtirish, intensiv bogʻlarni joriy etish boʻyicha mutaxassislar tayyorlashda muammolar mavjud. Aholini ish bilan taʼminlash borasidagi masalalar ham agrar sohaning rivojiga bogʻliq. Durrani mamlakatlar oʻrtasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdo hajmini yanada oshirish, shuningdek, Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini Hindiston va Pokiston davlatlariga Afgʻoniston orqali nol qiymatdagi bojxona stavkalarini hisobga olgan holda reeksport qilish taklifini berdi.

Yigʻilishda joriy yil yakunida Oʻzbekiston delegatsiyasining Afgʻoniston Respublikasiga tashrifi davomida oʻsimliklar karantiniga oid bitim imzolanishiga kelishib olindi. Oʻzbekiston-Afgʻoniston chegarasi hududlarida aholi turmush sharoitiga ziyon yetkazuvchi chigirtkalar tarqatilishiga qarshi qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish, Veterinariya va chorvachilik sohasida hamkorlikni kuchaytirish, Afgʻonistonda tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish bilan zamonaviy intensiv bogʻlarni yaratish, Afgʻonistonda yuqori texnologik qoʻshma issiqxona komplekslarini yaratish kabi koʻplab yoʻnalishlarda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish boʻyicha muzokaralar olib borildi.

3 449
O'zA