O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Afgʻon urushi qatnashchisining boshqalarga oʻxshamagan hayoti

Afgʻon urushi qatnashchisining boshqalarga oʻxshamagan hayoti

Bugun 15 fevral sobiq sovet askarlarining afgʻon hududidan olib chiqib ketilganiga 30 yil boʻldi.

***

Haftaning har juma kuni polkovnik oq koʻylak, shimlarini kiyib bandargohga shoshiladi. U ming kunlik urushning faxriy ishtirokchisi. 

Oʻn besh yildirki, polkovnik unga atalgan xat kelishini kutadi.

Oʻn besh yildirki, faqat juma kunlari kiyadigan, unniqib ketgan qora tuflisini artib tozalaydi. Uning bisotidagi yolgʻiz shu kiyimlari hech qachon kelmaydigan pochtani kutib olish uchun maxsus kiyiladi.

cba4946b-55a0-4bb1-b90e-c032ff8dca87.jpg

Oʻn besh yildirki, polkovnik har jumada bandargohga odamlar toʻplanmasidan oldin birinchi boʻlib, yetib keladi.

Oʻn besh yildirki, polkovnik “qoʻnuv”chi har bir kema harakatini yodlab olgan. Uzoqdan pochta eltuvchi kema koʻrinishi bilan unda yana umid uygʻonadi, balki oʻsha xatlar orasida unga atalgan noma ham bordir...

***

Yuqorida tasviri keltirilgan Gabriel Garsia Markesning “Polkovnikka hech kim yozmaydi” asaridagi unutilgan aftodahol polkovnikning hayotdagi timsoli Oʻzbekistonning olis bir qishlogʻida ham yashab kelmoqda.

Biz soʻz yuritmoqchi boʻlayotgan qahramon 1980 – 1983 yillar orasida afgʻon urushida qatnashdi. Naqd jahannamning oʻzginasidan tirik qaytgan urush faxriysi bugun Buxorodagi dehqon bozorida arava tortib kun koʻrmoqda.

U ham mana 30 yildirki, kimdir yoʻqlab kelishini, urushdagi jasoratini yod etib, hol soʻrashini ilhaq kutadi.

32aafeca-2d41-4017-8ead-810d957fc5b0.jpg

Oʻttiz yildirki, telekanallar orqali urush faxriylari qatnashgan tantanalarni koʻrsa, ularning yonida oʻzini tasavvur etib yashaydi.

Oʻttiz yildirki, qaysidir urush faxriysi xonadonini yoʻqlaganlarini eshitsa, “kelasi yil meni ham yoʻqlasharmikan”, deya umid qiladi.

Mana oʻttiz yildirki, farzandlari va nevaralarining “Sizni ham kimdir yoʻqlaydimi?” degan savollariga javob topolmay qiynaladi. U bugun hech kimdan na uy va na pul ilinjida emas. Unga ozgina eʼtibor, hurmat boʻlsa, bas. U Gabriel Garsia Markesning polkovnigi kabi unutilganiga ishonmaydi.

***

Afgʻon urushidan tirik qaytganlar bugun oramizda koʻp emas. Ular tinchlik neʼmatini qadrlaydigan insonlar.

Bir paytlar jangga kirib, oʻz burchini ado etgan shaxsni bugun bozorda arava tortishga nima majbur qilmoqda?

Oʻttiz yildirki, Vatan himoyachilari kunida urush faxriysining nigoron koʻzlari eshikka qadaladi...

Oʻttiz yildirki, yoʻqlovchilarga yozilgan dasturxon atrofida u kutgan odamlar koʻrinmaydi. 

* * *

1989 yilning 15 fevral kunida Amudaryoning ikki qirgʻoqlarini birlashtirib turgan Hayraton koʻprigidan sovet qoʻshnilari olib chiqilgan. 

Bizning qahramon ham bu kunni yaxshi eslaydi.

Buxoroning chekka bir qishlogʻida, shaharning chiroyli va qulay uylaridan tamomila farq qiladigan kichik bir hovlida Abdurahim ota oilasi bilan istiqomat qiladi. U bugunning odamlariga oʻxshamaydi. Dunyoda har bir oʻtgan kunidan rozi, minnatdor boʻlgan odamni uchratish amrimahol. Inson borki, kami-koʻsti bor, doim kimdandir yoki nimadandir nolib yuradi. Abdurahim ota esa unday emas. Turmushi qanchalar ogʻir boʻlmasin, bir kunidan noligan emas. U yoshi oltmishga borib qolganiga qaramay, har tong erta uygʻonib Gʻijduvon bozoriga shoshiladi. Qishloqning oʻnqir-choʻnqir koʻchalarida “Damas”da sakrab-sakrab 2 ming soʻmga manziliga yetib olgan Abdurahim ota bozorda aravada yuk tashiydi.

Otaning yoshi katta boʻlishiga qaramay, ogʻir mehnatdan qochmaydi. “Aravaning yuklari” afgʻon urushi xotiralaridek ogʻir emas”, deydi qahramonimiz. U azaldan hayotning uncha-muncha qiyinchiliklarini pisanda qilmagan. 1980 – 1983 yillarda afgʻon urushida xizmat qilgan. Urushning dahshatli kunlariga guvoh boʻlgan. Harbiy operatsiyalarda qatnashgan va sogʻ-omon uyiga qaytib kelgan.

U oʻz qishlogʻida har bir oʻtgan kunidan rozi yashab kelmoqda. Abdurahim ota askarlikni oʻtab qaytgan davrda olgan hujjat, medal va suratlarini saqlab keladi. Vaqti-vaqti bilan 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida ularni sandiqdan olib bir koʻzdan kechiradi. Nevaralariga xotiralarini soʻzlab beradi, televizor orqali harbiy parad va bayramlar namoyish etilganda, ularni zavq bilan tomosha qiladi.

Urush tugagan, oradan 30 yildan ortiq vaqt oʻtdi, lekin inson koʻngli baribir kichik boʻlsa-da, eʼtiborga muhtoj qolaverar ekan. Abdurahim ota ham bozorda arava tortib kun koʻrar ekan, uni bir kuni xotira bayramlarida yoʻqlab qolishlarini orzu qiladi.

***

85123518-5a43-4996-b7dd-532df188b220.jpgYuqorida keltirganimiz – bizning qahramon Gabriel Garsiya Markesning polkovnigiga nega oʻxshashini tushunib yetdingizmi?

Polkovnik ham Kolumbiyadagi ming kunlik urush tugab siyosiy vaziyat oʻzgarganiga qaramay, munosib qilgan xizmati uchun pensiya pullarini kutib yashar edi. Uning eski tuflisi, urfdan qolgan koʻylak shimlari u uchun naqadar aziz edi. Polkovnik ularni har juma pensiya xabarini olish uchun kiyardi.

Qahramonimiz Abdurahim otaning ham zamonaviy boʻlmasa-da, odmi kostyum-shimi bor, koʻkrak qismiga medallar ilingan. Bu medallar esa qahramonona xizmatlari uchun berilgan. Bizningcha, ular shunchaki unut boʻlishga loyiq emas.

P/S: Ushbu maqola barcha afgʻon urushi qatnashchilari taqdiri shunday degan maʼnoni bildirmaydi. Ayni paytda mamlakatimizda afgʻon urushi qatnashchilarining aksariyati tegishli imtiyozlardan foydalanib kelmoqda. Bular haqida navbatdagi maqolamizda tanishasiz.

1 847
Anora Sodiqova, OʻzA