O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

AES qurilishi jarayoni mahalliy va xorijlik jurnalistlarga tanishtirildi

AES qurilishi jarayoni mahalliy va xorijlik jurnalistlarga tanishtirildi

“Oʻzatom“ agentligida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun mamlakatimizda atom elektr stansiyasining qurilishi masalalariga bagʻishlangan brifing oʻtkazildi. Unda mahalliy jurnalistlar bilan birgalikda Rossiya va Qozogʻistondan ham OAV vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirining birinchi oʻrinbosari, “Oʻzatom” agentligi bosh direktori Joʻrabek Mirzamahmudov va boshqalar soʻzga chiqib, yurtimizda birinchi atom elektr stansiyasining qurilishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.

Taʼkidlash kerakki, mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotida aholi va isteʼmolchilarni elektr energiya bilan taʼminlash eng muhim masalalardan biri. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 19-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni aynan energetika sohasida yangi bosqichni boshlab berishga xizmat qilayotgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

– Mazkur farmon ijrosi doirasida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“Oʻzatom”) tashkil etildi, – dedi “Oʻzatom” agentligi boshqarma boshligʻi Shavkat Abdukomilov. – Joriy yil 9-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi. Bu qonundan koʻzlangan maqsad atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishni taʼminlovchi institut va tizimlar faoliyatini yoʻlga qoʻyishning huquqiy asoslarini yaratish hamda sohaga oid normalar va qoidalarni unifikatsiyalash, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishda fuqarolar va yuridik shaxslar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan. Ishtirokchilarga yangi sohadagi bu kabi huquqiy asoslar yaratilayotgani hamda Forish tumani Tuzkon koʻli yaqinidagi AES qurilishi uchun tanlangan hudud va bu boradagi amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha tushunchalar berildi.

Qayd etilganidek mamlakatimiz atomdan tinch maqsadda foydalanuvchi mamlakatlar qatorida ushbu soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universitetida oʻzbekistonlik talabalarning tahsil olayotgani, ushbu universitetning Toshkentda filiali oʻz faoliyatini boshlab, unda 100 nafar talaba davlat granti asosida tahsil olayotgani bunga yaqqol misoldir.

– AES qurilishi uchun ajratilgan taxminiy maydonlarda muhandislik-geologik tadqiqot ishlari jarayonida oʻsha hududlarning zilzilaga bardoshliligi ham oʻrganildi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutining ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Vohidxon Ismoilov. – Bunda muhandislik-seysmologik tahlillarni institutimiz tomonidan amalga oshirildi. Oʻsha manzillarda har birining masofasi 100 kilometr boʻlgan 7 ta seysmik stansiya faoliyat olib bordi. Seysmik monitoring natijalariga koʻra, Tuzkon koʻli yaqinidagi hudud seysmologik jihatdan talabga javob beradigan maydon ekanini koʻrsatdi. Ayni chogʻda bu boradagi ishlarimizni davom ettirayapmiz.

545
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA