O‘zA O`zbek

16.08.2018 12:32 Chop etish versiyasi

Aeroport tomidagi Botanika bog‘i

Aeroport tomidagi Botanika bog‘i

“Aeroport” so‘zi ko‘pchilikda parvozga tayyorgarlik ishtiyoqi, uzundan uzun navbat kutishlarni eslatishi mumkin. Lekin shunday aeroportlar borki, u yerdan ketishni istamaysiz. Bu kabi aeroportlarning o‘zi shaharning diqqatga sazovor joylaridan biriga aylangan.

Singapurdagi Changi aeroporti jahondagi eng yaxshi aeroportlardan biri sifatida tan olinadi. Darhaqiqat, sayyoramizdagi biror bir aeroportda Singapur aeroporti kabi ko‘ngilochar mashg‘ulotlar bilan shug‘ullana olmaysiz. Bu yerda tabiat shaydolari Botanika bog‘ida sayr qilishlari mumkin. Aeroportda bir emas beshta Botanika bog‘i bor. Ularning hammasi aeroport binosining tomida – ochiq osmon ostida joylashgan. Aeroportda shuningdek, baliq tutish imkoniyatlari ham yaratilgan. Changi aeroportidan tranzit sifatida foydalanuvchilar uchun shaharni ikki soat aylanishlari maqsadida bepul sayohat uyushtiriladi. Buning uchun sayohatdan bir-ikki soat avval ro‘yxatga yozilish kerak bo‘ladi. Aeroportda basseyn ham bor.

Myunxendagi Frans-Yozef Shtraus nomli aeroport Germaniyaning eng yirik aeroportlaridan biri hisoblanadi. Sayohatchilar bu yerda mutlaqo zerikmaydi. Yo‘lovchilar qishda chang‘i uchishi, yozda esa maxsus havzada serfing bilan shug‘ullanadi. Bu yerda sun’iy to‘lqin 1,5 metr balandlikkacha ko‘tariladi. Xohlovchilarga liboslar bepul beriladi, ustozlar bepul xizmat ko‘rsatadi. Buning uchun oldindan aeroport sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak bo‘ladi. Chunki basseyn bir vaqtning o‘zida 10 dan ortiq kishiga xizmat ko‘rsata olmaydi. Aeroportning tomosha maydonchasida samolyotlarning qo‘nishi va uchishini kuzatish mumkin.

Amsterdamdagi Sxipxol aeroportida Niderlandiya davlat muzeyi – Reyksmuzeumning bo‘limi joylashgan. “Golland bulvar” deb nomlangan mazkur muzey ikkinchi va uchinchi zallar oralig‘ida. Bu yerda muntazam ravishda tasviriy san’at ko‘rgazmalari namoyish etiladi. Shu bilan birga doimiy ekspozitsiya ham mavjud. Muzeyga kirish bepul. 29 ta tilda nashr qilingan kitoblari bilan mashhur kutubxonadan ham bepul foydalanishingiz mumkin.

Xelsinkidagi Vantaa aeroportida yo‘lovchilar o‘zlarini xuddi uydagidek his qilishadi. Maxsus kutish zalida uy sharoitlari yaratilgan. Bu yerda divandan tortib televizor, kompyuter va kutubxonagacha bor. Xonadon xonalari hatto yotoqxona va oshxonaga bo‘lingan. Muzlatgichdan sayohatchilar o‘zlariga taom tayyorlashlari uchun barcha mahsulotlarni topishi mumkin. “O‘zingizni uydagidek his qiling” deb nomlanuvchi uch soatlik hordiq chiqarish uchun 48 yevro to‘lash kerak bo‘ladi, xolos.

Janubiy Koreya poytaxti Seuldagi Inchxon aeroportida o‘zingizni boy-badavlat sezishingiz mumkin. Buning uchun mahalliy golf klubga bir kirib chiqishingiz kifoya qiladi. Golf o‘ynab bo‘lganingizdan so‘ng yo sog‘lig‘ingizni tiklash uchun salomatlik markaziga, yo dam olish uchun kinoteatrga yo‘l olishingiz lozim. Koreys madaniyati muzeyiga kirsangiz olam-olam zavq olasiz. Bu yerda milliy libosda bo‘lgan boshlovchilar sayohatchilarga koreys madaniyatini namoyish qiladi. Aeroportda faqat milliy kuy-qo‘shiqlar ijro etiladigan konsert zali ham mavjud. Tomosha zalida esa turli rusum va rangdagi samolyotlarning uchish va qo‘nishini kuzatishingiz mumkin bo‘ladi.

Tokiodagi Narita aeroportida yo‘lovchilarning salomatligi haqida qayg‘uriladi. Bu yerda bepul dushdan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Narita aeroportidagi kislorod bar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Bu kabi barlar Yaponiyada 80-yillarda paydo bo‘lgan edi. Mahalliy tadbirkorlar megapolis aholisi uchun toza havo yetishmasligini anglab yetgan holda Kislorod barlarini tashkil eta boshlagandi.

San-Fransiskodagi xalqaro aeroport Fuqaro aviatsiya muzeyi bilan faxrlanishi mumkin. 1930-yillarga mos bezatilgan muzey zallarida turli davrlarga oid samolyotlarning kichraytirilgan nusxalarini ko‘rish mumkin. Muzeyga kirish mutlaqo tekin. Bundan tashqari aeroportda kutubxona va muntazam o‘tkaziladigan zamonaviy san’at ko‘rgazmasi bor.

Jahonda insonlarni o‘ziga jalb qiladigan aeroportlardan tashqari tashlandiq aeroportlar ham bor. Ispaniyadagi Kastelon – Kosta-Azaar aeroporti 2011-yilning mart oyida ochilgan. Biroq bu aeroport birorta ham samolyotning uchish va qo‘nishiga xizmat ko‘rsatmagan.

1923-yilda foydalanishga topshirilgan Berlin-Tempelxof aeroporti 2008-yilda berkitilgan. Bir vaqtlar jahondagi eng katta inshoot sifatida tan olingan mazkur aeroport G‘arbiy Berlinni Sharqiy Berlin bilan bog‘lovchi asosiy ko‘prik vazifasini bajargan. Biroq vaqt o‘tishi bilan o‘z ahamiyatini yo‘qotib bordi. Ayni damda bu yerda shahardagi eng katta dam olish bog‘i joylashgan. Unda turli tadbirlar o‘tkaziladi.

AQSHning Kolorado shtatidagi Steplton 1929-yildan 1995-yilgacha faoliyat yuritgan.

1975-yilda Monrealda ochilgan xalqaro aeroport ayni damda faqat yuk samolyotlariga xizmat ko‘rsatmoqda. Avvaliga mazkur aeroport bir yilda 50 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi kutilgan edi. Ammo bunday bo‘lib chiqmadi. 2004-yildan boshlab aeroport yo‘lovchi samolyotlariga xizmat qilishni to‘xtatdi.

Sh. To‘laganov, O‘zA
2 071