O‘zA O`zbek

22.02.2018 17:42 Chop etish versiyasi

ADWEEK haftaligi: yangi g‘oya va izlanishlarga chorlov

Mamlakatimizda 50 dan ortiq kompaniya va korxona reklama va marketing sohasida faoliyat yuritadi. Ular ishlab chiqaradigan mahsulotlar va ko‘rsatadigan xizmatlar turli tashkilot va idoralar e’tiborini tortmoqda. Bunday talab va ehtiyoj kompaniya va korxonalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik hamda raqobat kuchayishiga keng yo‘l ochishi tabiiy holdir. Tegishli talablarga muvofiq, puxta ishlab chiqilgan marketing strategiyasi bu jarayonda mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.

Kompaniyalarning reklama va marketing sohasi ravnaqi uchun ishlab chiqilgan strategiyasi zamirida mahsulot va xizmat turlari namoyishi eng muhim jihatdir. "Milliy marketing markazi" korxonalar uyushmasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligi va Davlat soliq qo‘mitasi hamkorligida an’anaviy tashkil etilayotgan ADWEEK marketing va reklama haftaligi bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yil 26 fevral kuni ushbu haftalik doirasidagi tadbirlar boshlanadi. Uning davomida ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani, mahorat darslari, “Sayyohlik mahsuloti marketingi” mavzuida tadbir, marketing va reklamalar ko‘rgazmasi, marketingga doir konferensiya hamda reklama tanlovi bo‘lib o‘tadi. Tadbirlar Milliy matbuot markazi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, «GroundZero» biznes markazi va «International» mehmonxonacida o‘tkaziladi.

– Barcha sohalarda bo‘lgani kabi reklama va marketing imkoniyatlarini kengaytirishda o‘zaro hamkorlik, yangi g‘oya va ishlanmalar bo‘yicha tanlovlar, mahsulot va xizmat turlari namoyishi katta ahamiyat kasb etadi, – deydi "Milliy marketing markazi" korxonalar uyushmasi boshqaruvi raisi Diyor Mirzaahmedov. – Shu ma’noda, haftalikning asosiy va muhim vazifasi reklama va marketing sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning imkoniyatlarini kengaytirishda nazariy va amaliy ko‘mak berishga qaratilgan. Haftalik doirasida o‘tkaziladigan konferensiyada 38 nafar xorijiy va mahalliy ekspert marketing va reklamaning amaliy jihatlariga bag‘ishlangan dolzarb mavzulardagi g‘oyalari va tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.

Haftalikning marketing va reklama ko‘rgazmasi namoyishida 20 dan ortiq kompaniya va korxona ishtirok etadi.

– ADWEEK haftaligi kompaniya va korxonalar ishini har jihatdan namunali va talab darajasida tashkil etishda bilim va tajriba maktabi bo‘lmoqda, – deydi “Ziynat dizayn” MChJ rahbari Sherzod Erkaboyev. – Chunki haftalikda soha mutaxassislari bilan suhbatlashish, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar yoki xizmat turlari bilan batafsil tanishish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Biz binolarning tashqi va ichki dizayni bilan shug‘ullanamiz. O‘tgan yilgi ishtirokimiz bir qancha muzeylar bilan hamkorlik qilish imkonini berdi.

Ҳафталикнинг яна бир муҳим тадбири 2 март куни ўтказиладиган реклама танлови якунидир. Унда иштирок этувчиларнинг ҳужжатлари 2017 йил 5 октябрдан 2018 йил 31 январгача қабул қилинган эди. Маълумотларга кўра, танловга мамлакатимиздаги 52 компания, корхона мутахассислари ва 8 олий таълим муассасаси талабалари ижодий ишларини топширган. Тадбирда “Реклама соҳасидаги ютуқлари учун”, “Реклама соҳасидаги хизматлари учун” ва “Рекламани ривожлантиришга қўшган ҳиссаси учун” номинациялари бўйича ғолиблар аниқланади. Бу ҳақдаги батафсил маълумотларни AfishaMedia томонидан махсус ишлаб чиқилган AfishaEvents қайд этиш майдончаси ва www.adweek.uz сайтидан олиш мумкин.

Muxtasar aytganda, ADWEEK haftaligi mamlakatimizda jadallik bilan rivojlanib borayotgan reklama va marketing sohasining takomillashuvi, bu yo‘nalishda ish yuritadigan kompaniya va korxonalar barqarorligini ta’minlash barobarida ularning xodim va mutaxassislarini yangi-yangi g‘oya va ijodiy izlanishlarga chorlaydi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
6 259