O‘zA O`zbek

15.08.2018 20:27 Chop etish versiyasi

Adolatli qaynona – oila ko‘rki

Adolatli qaynona – oila ko‘rki “Adolat” sotsial demokratik partiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Adolatli qaynona” respublika ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda jamiyat negizi – oilalar farovonligiga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik xalqimiz orzu-umidlarining ushalishi, turmush darajasining yanada yaxshilanishi, o‘zaro mehr-oqibatning kuchayishi hamda barkamol avlodning ulg‘ayishida muhim asos bo‘lishini ta’kidladi.

Tanlovning quyi bosqichlari mahalla, tuman va shaharlarda o‘tkazilib, oilada ahillik, ma’naviy muhit barqarorligi, hayotiy tajribalar borasida boshqalarga ibrat bo‘layotgan 7000 dan ortiq adolatli qaynonalar ishtirok etdi. Ulardan 200 ga yaqini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyat bosqichlarida qatnashib, saralash bosqichida 14 nafar g‘oliblar aniqlandi.

– To‘rt qiz, bir o‘g‘ilning onasiman, – deydi tanlov ishtirokchisi Qizlarshoy opa Rahmatova. – 35 yildan buyon pedagogika sohasida faoliyat yuritar ekanman, kasbim taqazosi bilan ko‘plab oilalar bilan muloqotda bo‘ldim. Kuzatuvlarim natijasida shuni angladimki, oilalardagi aksariyat mojarolar qaynona-kelinning bir birini tushunmasligidan kelib chiqmoqda. Buning oldini olish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish bilan birga, “Adolatli qaynona” ko‘rik-tanlovi kabi tadbirlar ham yaxshi natija beradi. Xususan, qaynonalarning mayda gaplar, ikir-chikir narsalardan e’tibori chalg‘ib, mana shunday tanlovlarga qatnashishga munosib bo‘lish, tanlov g‘oliblariga havas qilib, ulardan o‘rnak olishga harakat qiladi. Natijada elga namuna bo‘lishga intiladigan qaynonalarning soni ortishiga zamin yaratiladi.

Ko‘rik-tanlovning taqdirlash marosimida g‘oliblarga partiya siyosiy kengashining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Ularning hayotiy tajribasi, oilalarning mustahkamligini ta’minlashdagi roli respublikamizdagi barcha ayollarga o‘rnak va namuna bo‘la olishi e’tirof etildi.

Tadbirda yosh ijodkor va san’atkorlartomonidan ijro etilgan she’r, kuy-qo‘shiqlar hamda badiiy jamoalarning chiqishlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Gulnoza Boboyeva, Otabek Mirsoatov (surat) O‘zA
2 353