O‘zA O`zbek

12.07.2019 18:30 Chop etish versiyasi

Adolat yoʻlidagi eng xavfli dushman

Adolat yoʻlidagi eng xavfli dushman

Yurtimizda islohotlar tobora jadallashib borayotgan bir vaqtda, har qanday qabul qilinayotgan hujjatlar oʻziga xos xususiyatga ega.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga yoʻnaltirilgan tizimli choralar koʻrilayotir.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq Adliya vazirligi tomonidan 2019-2020-yillarda koʻzda tutilayotgan vazifalar yuzasidan korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida maxsus dastur qabul qilindi. Dastur doirasida boshqarma markaziy apparati tizimida adliya vazirining tegishli buyruqlariga asosan xodimlar korrupsiyaga yoʻl qoʻymasligiga doir bir qator koʻrsatma va buyruqlar imzolangani faoliyatimizda muhim qadam boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 12-fevraldagi buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Ochiq adliya” dasturini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi”ning ishlab chiqilishi Adliya vazirligi va hududiy adliya idoralari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashning samarali va qulay mexanizmi yaratilishida alohida oʻrin tutdi.

Mazkur dastur doirasida “Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak!” shiori ostida hududlarda “Huquqiy axborot kunlari” tashkil etildi. Adliya vaziri tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika maxsus guruhiga axborot berish hamda korrupsiya haqida bilgan yoki eshitgan fuqarolarni ragʻbatlantirish masalasi joriy etildi. Shu turdagi huquqbuzarlik holatlari haqidagi xabarlar oʻz vaqtida yetkazilishi va darhol ushbu holatlarni aniqlash, ularning oqibatlari, imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlar bartaraf etilishini taʼminlashga qoʻshimcha imkoniyat yaratish maqsadida telegramm ijtimoiy tarmogʻida “@antikorbot” nomli maxsus bot yaratildi. Mazkur bot haqidagi eʼlonlar viloyatimizning barcha hududlariga yetkazilib, televideniye orqali maxsus roliklar namoyish etildi.

Shuningdek, notariat tizimida yuzaga kelayotgan korrupsion holatlarning oldini olish uchun toʻlovlarni (davlat boji, gerb yigʻimi va pullik xizmat) elektron mobil ilovalar (UPAY, Click, PAYME) orqali toʻlash, avtomatik tarzda xizmatlar uchun narxlarni shakllantirish tizimi joriy etilib, notariat xodimlarining halol va toʻgʻri ishlashdan manfaatdorligini oshirish maqsadida notariuslarga oʻzlari tomonidan undirilgan pullik xizmatning 80 foizigacha miqdorida ragʻbatlantirish boʻyicha ustamalar berib kelinmoqda.

Shuningdek, joriy yilning 1-iyun kunidan eʼtiboran davlat notarial idoralari xodimlari tomonidan korrupsiyaning oldini olish maqsadida SMS informator dasturi ishga tushirildi.

Joriy yilning birinchi yarim yilida viloyat adliya boshqarmasi hamda uning tizimidagi idoralarda ishlovchi barcha xodimlar bilan individual tarzda profilaktik suhbatlar, reydlar, “sirli mijoz” tadbirlari oʻtkazildi va ularda aniqlangan salbiy holatlar boʻyicha 18 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi.

Shuningdek, vazirlik hamda boshqarma ish rejasiga muvofiq oʻrganishda ishtirok etadigan hamda yangi ishga kirgan xodimlardan korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik, odob-axloq qoidalariga va ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya qilishi boʻyicha yozma ravishda ogohlantirib borilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, jamiyatda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida aholi va yoshlar oʻrtasida huquqiy targʻibot ishlari olib borilmoqda. Hisobot davri davomida taʼlim muassasalari va mehnat jamoalarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun va “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmonining mazmun-mohiyati yuzasidan 30 marotaba davra suhbati oʻtkazildi, ommaviy axborot vositalari orqali 15 dan ziyod chiqish qilindi.

Farmon doirasida jamiyatimizdagi barcha sohalarni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish uchun har bir fuqaro oʻz masʼuliyatini anglagan holda “Bizning organ – korrupsiyadan xoli tizim!” shiori ostida ochiqlik indeksini joriy qilish, tizim xodimlari va ularning ota-onalari bilan birga jazoni ijro etish muassasalaridan tayyorlangan hujjatli filmlarni namoyish qilish, “ota-onalar oʻz farzandlarini kamolini koʻradimi yoki panjara ortiga boradimi” kabi gʻoyalar bilan nasihat va tarbiyani yoʻlga qoʻyilishi, “Baxt formulasi” shiori bilan “Eng namunali oila” nominatsiyasini joriy etish, namunali xodimlarning ota-onalariga “Tashakkurnoma” yuborishni yoʻlga qoʻyish, har bir tizimda oʻz yoʻnalishi boʻyicha tanlovlar oʻtkazish va bunga yosh kadrlarni jalb etish, tizim faoliyatida reydlarga jamoatchilik kengashlarini keng jalb etish tartibini joriy etilishi targʻibot ishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu rejalarni amalga oshirish orqali adliya organlari va muassasalari xodimlarining kasbiy hamda xizmatdan tashqari faoliyatdagi odob-axloqini yuksaltirish, shuningdek, adliya organlari va muassasalarining faoliyatida korrupsiyaning oldini olishga doir tadbirlarning samaradorligini taʼminlash kabi yuksak natijalar kutilmoqda.

Xayrullo SOBIROV,
Namangan viloyati adliya
boshqarmasi boshligʻi.

OʻzA
693