O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

Adolat va qonun ustuvorligi sudyalar faoliyati asosidir

Adolat va qonun ustuvorligi sudyalar faoliyati asosidir

Fargʻona viloyatida ham sudyalar tomonidan odil sudlovni amalga oshirish, joylarda ochiq muloqotlar tashkil etishga muhim eʼtibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda sud-huquq tizimidagi islohotlar bugun oʻzining amaliy samaralarini koʻrsatmoqda. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, asosiy maqsadimiz fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga boʻlgan ishonchini qatʼiy mustahkamlash, sudni tom maʼnoda “Adolat qoʻrgʻoni”ga aylantirishdan iboratdir. Bu esa sud xodimlaridan juda katta fidoiylik talab etadi. Xususan, sudyalik ulkan aql-zakovat va koʻp yillik hayotiy tajribani, intizom va pokizalikni taqozo qiladigan masʼuliyatli, murakkab, shu bilan birga, sharafli kasb hisoblanadi. Toʻgʻri-da, modomiki odamlar taqdiri, taʼbir joiz boʻlsa, hayoti sudyalar qoʻlida ekan, bu lavozimda faqat va faqat adolat yalovini mahkam tutgan insonlar faoliyat olib borishi hayotiy zaruriyatdir.

– Ilgarilari sud desa xalqimizning yuzi burishib, xavotirga tushgani ham rost, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Margʻilon shahar boʻlimi raisi Qambarali Maqsudov. – Temir panjara bilan oʻralgan sud binosiga kirish ham ancha mushkul edi. Bugun esa sudyalar ham xalq bilan muloqotga kirishib, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlamoqda. Shahrimizda faoliyat olib borayotgan sudlar sudyalari va sud xodimlari tomonidan mahallalarda sayyor qabul, uchrashuv, ochiq muloqot hamda huquqiy targʻibot oʻtkazish muntazam yoʻlga qoʻyilgan. Eng muhimi, odamlarda sud haqida ijobiy fikrlar paydo boʻldi. Tashkil etilayotgan tadbirlar orqali aholi qonunchilikdagi yangiliklardan xabardor boʻlib, huquqiy savodxonligi oshmoqda.

Bugun xalq orasiga kirib borish, ularning dardi bilan yashash, kerak boʻlsa, muammolarini joyida hal etish har bir davlat xizmatchisidan, shu jumladan, sudyalardan ham katta fidoyilik talab etadi. Birgina jinoyat ishlari boʻyicha Margʻilon shahar sudining sud raisi, sudya va sud xodimlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 300 dan ortiq huquqiy targʻibot va tushuntirishlar ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, mahallalarda 11 marotaba sayyor qabullar oʻtkazildi.

Eʼtiborli jihati, jinoyat ishlari boʻyicha sudi sudyalari tomonidan 70 dan ortiq ishlar sayyor sud majlislarida koʻrildi. Mahallalarda, taʼlim maskanlari va tashkilotlarda boʻlib oʻtgan mazkur sayyor sud majlislarida jinoyat ishi atroflicha muhokama etilib, jamoatchilikning fikri va munosabati tinglandi. Ayrim jabrlanuvchilarning oilaviy sharoiti yoki salomatligi yaxshi emasligi sababli sudga kela olmaganlari uchun bevosita yashash xonadonlariga yoki shu joyga yaqin boʻlgan mahalla fuqarolar yigʻinlari binolariga borib, savol-javob qilindi.

– Oqni oqqa, qorani qoraga ajratish, adolatni himoya qilish asosiy vazifa va burchimizdir, – deydi Jinoyat ishlari boʻyicha Margʻilon shahar sudi raisi Mansurjon Ibragimov. – Sudyalar oliy kengashi raisi Ubaydulla Mingboyevning korrupsiyaga qarshi kurashish borasida sudya va sud tizimi xodimlariga qilgan murojaati zimmamizga katta masʼuliyat yuklamoqda. Mamlakatimizda inson – aziz, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari eng oliy qadriyatdir. Shuning uchun ham biz sudyalar va sud xodimlari adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash yoʻlida halollik, poklik va xolislik bilan xizmat qilishimiz darkor.

1 695
M. Sulaymonov, OʻzA