O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

Adolat ustuvorligiga xizmat qiladi

Adolat ustuvorligiga xizmat qiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakatimizda sud-huquq tizimini yana-da takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash hamda sudyalar hamjamiyatining rolini oshirishga qaratilgan tarixiy hujjat boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Qayd etish joizki, ayni paytda sud himoyasini taʼminlashdagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlarning mavjudligi, haligacha sud qarorlarini qayta koʻrishning bir-birini takrorlovchi bosqichlari saqlanib qolayotgani, investorlar huquqlarining sud himoyasida boʻlishi yetarli darajada tashkil etilmagani sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq qayta koʻrib chiqishni taqozo etayotgan edi.

Shuni taʼkidlash joizki, keyingi yillarda mamlakatimizda odil sudlovni taʼminlash borasida izchil islohotlar olib borildi. Xususan, yagona sud amaliyotini taʼminlash maqsadida Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudi sud hokimiyatining yagona oliy organi – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi. Hududlarda maʼmuriy sudlar va iqtisodiy sudlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash masalasi parlamentning doimiy eʼtiborida boʻlishi uchun Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga koʻmaklashish komissiyasi tashkil etildi.

Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudyalar oliy kengashi taʼsis etildi. Ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasi asosida birinchi marta sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi. Sud tizimi xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida Sudyalar oliy maktabi tashkil etildi. Sudlarni moddiy-texnik jihatidan taʼminlashni mustaqil hal etish uchun esa Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti tuzildi.

Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilganini alohida taʼkidlash joiz. Bundan tashqari, daʼvo arizalarni elektron roʻyxatdan oʻtkazish, protsessual muddatlarga rioya qilinishi ustidan onlayn monitoring qilish imkoniyatini beruvchi elektron baza, sud majlislarini toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn uzatish imkoni yaratildi.

Shu bilan birga, barcha soha va tizimlarda olib borilayotgan islohotlar natijasida fuqarolarning davlat va jamiyatni boshqarishdagi faolligi kundan kunga kengayib, mulkdorlar soni oshib borayotganligi sud-huquq tizimini ham yana-da takomillashtirishni taqozo etmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar tomonidan joriy yilning iyun oyida joylarda olib borilgan muloqotlar davomida sud ishlarida ortiqcha byurokratiyaning saqlanib qolayotgani, sud qarorlarini qayta koʻrishda takrorlovchi bosqichlar mavjudligi va boshqa bir qator kamchiliklar soha mutaxassislari va jamoatchilik vakillari tomonidan ochiqchasiga aytib oʻtilgan edi.

Aytish joizki, Prezidentimizning joriy yil 24-iyul kuni qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni aynan ana shunday muammolarga yechim boʻldi, desak xato boʻlmaydi.

Xususan, farmon bilan 2021-yil 1-yanvardan boshlab viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladigan boʻldi. Bu esa, joylarda yagona sud amaliyotini shakllantirishga, sudlarning tarqoqligi tufayli fuqarolar va tadbirkorlar sarson boʻlishining oldini olishga xizmat qiladi.

Endilikda tuman (shahar) maʼmuriy sudlari oʻrnida tumanlararo maʼmuriy sudlar tashkil etiladi hamda maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkaziladi. Bu, oʻz navbatida, maʼmuriy sudlarning muayyan tumandagi mahalliy hokimiyat organlarining turli tazyiqlaridan xoli va mustaqil faoliyat yuritishi, yaʼni fuqarolar va tadbirkorlarni davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari va qarorlaridan sud orqali himoyalash uchun yana-da qulay sharoit yaratadi.

Farmon bilan prokuratura organlarining vakolatlariga oid muhim oʻzgarishlar ham kiritilmoqda. Xususan, davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga koʻra, jinoyat ishini tugatish, prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori boʻyicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud boʻlgan holdagina, suddan chaqirib olib oʻrganish hamda qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qoʻzgʻatilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning koʻrilishida prokuror oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish tartibi joriy etilmoqda.

Maʼlumki, shu kungacha prokuratura organlari tomonidan sudlarning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori boʻyicha ishlarni turli sabablar bilan suddan chaqirib olish amaliyoti mavjud boʻlib, bu birinchidan, ishning taraflar ehtiyojidan kelib chiqmagan boʻlsa, ikkinchidan, bunday vakolat ishda taraflar huquqini himoya qilayotgan advokatlarda mavjud emasligi sababli prokuror vakolatini advokatlarga nisbatan ustunroq mavqeiga olib chiqardi.

Ushbu oʻzgarish adolatni taʼminlash, sudlar mustaqilligini mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam boʻldi, albatta. Eʼtiborlisi shundaki, farmon bilan ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etiladigan boʻldi. Yaʼni tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat darajasidagi sudlar tomonidan apellyatsiya tartibida, apellyatsiya tartibida koʻrilgan sud qarorlarini esa Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish, kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha sud qarorlarini esa Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning oʻrinbosarlari protestiga koʻra, kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish nazarda tutilmoqda. Sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish instituti esa tugatilmoqda. Bunday tartibning oʻrnatilishi natijasida sudda har bir ish boʻyicha yakuniy toʻxtamga kelish orqali sud qarorlarining barqarorligi taʼminlanadi hamda fuqarolar va tadbirkorlar sarson boʻlishining oldi olinadi.

Soddaroq aytganda, yuqorida taʼkidlangandek, birinchi instansiya sudlari faqat birinchi instansiya sifatida ishni koʻrib chiqadi. Avvallari viloyat sudi ayrim ishlarni birinchi instansiya sifatida ham koʻrib, uning ustidan kelib tushayotgan shikoyatlarni apellyatsiya va kassatsiya instansiyasida ham koʻrar edi. Endi tuman sudi koʻrgan masalani viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida, viloyat sudi birinchi instansiya sifatida koʻrgan arizani Oliy sud sudlov tarkibi apellyatsiya instansiyasi sifatida koʻradi.

Ayrim statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratsak: keyingi 3 yil davomida sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash borasida oʻtkazilgan islohotlar natijasida 2273 shaxs oqlangan, bu jamiyatimizda adolat qaror topayotgani va qonun ustuvorligidan dalolat beradi, albatta.

Tan olish joizki, ilgarilari oqlov tushunchasiga sudyalarning oʻzlari ham taʼrif berishga ojizlik qilardi.

Maʼlumki, sudda muayyan ish, nizoni toʻgʻri va adolatli hal etishda sudyaning asosiy “ish quroli” va “tayanchi” qonun boʻladi. Shunday ekan, Oliy sud Konstitutsiya bilan berilgan qonun tashabbuskorligi huquqidan samarali foydalanishi odil sudlovni taʼminlashda oʻzining ijobiy natijasini beradi. Farmonda Oliy sud tuzilmasida Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi tuzilishi ham koʻzda tutilganini alohida taʼkidlash joiz. Bu esa Oliy sudning qonun ijodkorligi jarayonida yana-da koʻproq va professional tarzda ishtirok etishini taʼminlashga xizmat qiladi. Ushbu tuzilma orqali esa sud va parlamentning oʻzaro hamkorligi kuchayishiga ham mustahkam zamin yaratiladi.

Samarali sud tizimiga ega boʻlishimiz nafaqat qonun ustuvorligini taʼminlash va adolat oʻrnatishga koʻmaklashadi, balki iqtisodiy jihatdan ham yuksak samara beradi. Mulkni va mulkdorni huquqiy jihatdan himoya qilish mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning mulk huquqini cheklashga qaratilgan har qanday urinishning oldini oladi, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi, fuqarolarning esa oʻz shaxsiy biznesini rivojlantirish va kengaytirishga boʻlgan ishonchini yana-da kuchaytiradi.

Oʻzbekistonda sudlarning ishi jamiyat uchun shaffof va ochiq, shu bilan birga, xolis boʻlishi kerak. Xolislikni taʼminlash uchun esa, jamoatchilik vakillarining sud ishini yuritishda ishtirok etishini taʼminlash hamda sudlarning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini yana-da mustahkamlash muhimdir.

Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbarining ushbu farmoni jamiyatda adolat barqarorligini taʼminlash yoʻlidagi sayʼ-harakatlar uchun mustahkam huquqiy zamin yaratadi.

Ilhom NASRIYEV,
yuridik fanlari doktori, professor

2 836
O'zA