O‘zA O`zbek

21.08.2019 Chop etish versiyasi

"Adolat" SDP partiya patronaji loyihasiga qo‘l urdi. U nima?

"Adolat" SDP partiya patronaji loyihasiga qo‘l urdi. U nima?

Patronaj – aholining tibbiy-sanitariya xizmati borasida alohida e’tiborga loyiq bo‘lgan kontingentiga uyda tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi. Bugun biz ushbu tizim uslubini partiyaviy faoliyatda joriy etishni lozim topdik. Unga ko‘ra partiya vakillari a’zo bo‘lish jarayoni aholi xonadonlarida amalga oshiriladi. 

Endi insonlar partiyaga a’zo bo‘lish istagida hududiy tashkilotlarga kelishi shart emas, balki biz ularning xonadonlariga borib qo‘llariga partiya biletini topshiramiz. 

Albatta, “Adolat” SDPning dasturiy g‘oyalari manzur bo‘lsa, eshigimiz sizlar uchun doimo ochiq. Loyiha doirasida esa barchasi fuqaroning uyida ro‘y beradi. Demakki, xalq vakillari eshigi partiya uchun ochiq ekan! 

Ushbu loyiha partiyaga a’zo bo‘lish istagidagi, ammo hududiy Kengashga tashrif buyurish uchun vaqt yoki imkoni yo‘q fuqarolarga bag‘ishlanadi. “Partiya patronaji” xalqqa peshvoz chiqadi. “Adolat”ning g‘oyalarini qo‘llab quvvatlovchilar xuzuriga borib, osonlik va qulaylik asosida safimizga qo‘shilishlariga ko‘maklashadi. Vakillar bilan bog‘langan aholi bizni o‘z uyida kutadi. 
“Partiya patronaji” saytimiz va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay fuqarolardan murojaatlar kelib tushdi. Loyihaning “ilk qaldirg‘ochi” Qoraqalpog‘iston Respublikasi hisoblanadi. Taxiatosh tumanida istiqomat qiluvchi Ruslan Raymov loyiha doirasidagi ilk a’zodir. 

- Ijtimoiy tarmoqlarni muntazam kuzatib, yangiliklardan xabardor bo‘lib boraman. Asosan siyosiy partiyalarning faoliyatini ko‘rib, partiyaga a’zo bo‘lish istagi paydo bo‘ldi – deydi u - Shu istak sababli men dastlab mamlakatimizdagi siyosiy partiyalarning dasturlari bilan tanishib chiqdim va “Adolat” partiyasiga a’zo bo‘lishni maqsad qilib qo‘ydim. Ammo, ish-uy deb ikki o‘rtada partiyaga a’zo bo‘lishga vaqt topishim, to‘g‘risi, qiyinchilik tug‘dirardi. Odatdagidek ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanman, “Partiya patronaji” haqidagi e’lonni ko‘rdim-u murojaat uchun qo‘yilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib bog‘landim. Shu kunning o‘zida partiya a’zoligiga qabul kilish uchun O‘zbekiston «Adolat» SDP Taxiatosh tumani Kengashi raisi uyimizga keldi. Bunday imkoniyatlarni ko‘rib xursand bulgan turmush o‘rtog‘im ham “Adolat” partiyasiga a’zo bo‘lish istagini bildirib, ariza yozdi. O‘z uyimizda partiya biletlarini oldik.

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidan biz bilan aloqaga chiqqan Bahodir Shirinov ham ertalabdan kechgacha ishdaligi, xatto dam olish kunlari bandligi, a’zo bo‘lish istagida ekaniga qaramay bunga vaqt ajrata olmayotganini bildirdi. Biz unga partiyaga a’zolik uchun qanday hujjatlar talab qilinishini tushuntirdik. Ularni tayyorlab qo‘ygach, hududiy Kengash vakillari xonadoniga borishlarini bildirdik. 

Ko‘plab murojaatlarda fuqarolar aynan vaqt tig‘izligi sabab hududiy Kengashga borolmayotganini bildirgan. Mazkur loyiha xalq va partiya vakillari o‘rtasidagi masofani yo‘qotib, ularga qulaylik tug‘diradi. Xalq bilan muloqot, jamoatchilik fikrini o‘rganish davr talabiga aylanayotgan ayni paytda “Partiya patronaji” dasturiy maqsadlarimizga mos keladi.

2 550
O‘zA