O‘zA O`zbek

15.08.2018 20:34 Chop etish versiyasi

Adliyaning ezgu tashabbusi

Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan “Huquqiy axborot kuni” deb nomlangan ommaviy adliya sayli o‘tkazildi.

Tuman markazidagi “Ekopark” madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, huquqni muhofaza qilish idoralari mutasaddilari, tadbirkorlar, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat va jamiyat taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish, jamiyatning barcha sohalarini liberallashtirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

– Mazkur tadbir ham mohiyatan huquqiy islohotlar izchilligi orqali fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlashga qaratilgan maqsad va vazifalarga hamohangdir, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i X.Sobirov. – Maqsad ayniqsa, yoshlarning huquqiy va tibbiy madaniyatini yuksaltirish, huquqiy muammolarini o‘rganish va hal qilish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bandlik va boshqa ijtimoiy dasturlar ijrosini ta’minlashga ko‘maklashishdir.

Tadbirda adliya boshqarmasi, davlat notarial idoralari, FHDYO bo‘limlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat xizmatlari markazlari, shuningdek, advokatlar palatasi, davlat idoralarining yuridik xizmatlari tomonidan bepul huquqiy yordam ko‘rsatilishiga mo‘ljallangan huquqiy maslahat burchaklari tashkil etildi. Fuqarolarning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan ko‘rgazmali vositalar joylashtirildi. Mazkur burchaklarda adliya va davlat notarial idoralari xodimlari tomonidan turli huquqiy mavzularda 200 dan ortiq fuqaroga huquqiy tushuntirish va maslahat berildi, 400 dan ortiq buklet tarqatildi. Fuqarolarning muammolari yuzasidan joyida tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi, 13 nafar fuqaroning murojaati tuman adliya bo‘limining ish yurituviga qabul qilinib, ijrosi nazoratga olindi.

Tadbir doirasida tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan tashkil etilgan mehnat yarmarkasida viloyatning barcha shahar va tumanlaridan 90 dan ziyod ish beruvchi subyekt qatnashib, 220 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etdi.

– Mehnat yarmarkasida Namangan shahridan 12 korxona va tashkilot 100 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi, – deydi Namangan shahar mehnat bo‘limi boshlig‘i J.Otaxo‘jayev. – Jumladan, “Rovuston temir-beton” MCHJ 17 bo‘sh ish o‘rniga tanlov asosida qabul qilish uchun talabgorlarni ro‘yxatga oldi.

Yarmarkada 150 ga yaqin ishtirokchi doimiy ishga joylashish uchun yo‘llanma oldi va 300 dan ortiq fuqaroning ishga joylashish bo‘yicha murojaati ko‘rib chiqilib, mehnat qonunchiligi bo‘yicha tegishli maslahat va tavsiyalar berildi.

Tuman aholisining tibbiy madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish, vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga qaratilgan tadbirlar saylga bayramona ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Jumladan, tumanning markaziy ko‘chalarida harbiy parad va harbiy texnikalar namoyish etildi. Harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari va boshqa o‘yinlar, sog‘liqni saqlash muassasalarining sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qiluvchi ko‘rgazmalari, sport-sog‘lomlashtirish, milliy sport o‘yinlari, OITSga qarshi kurash markazi tomonidan mavzuga oid turli bukletlar tarqatilishi ishtirokchilar tomonidan qizg‘in kutib olindi.

– Harbiy texnikalarni bugun birinchi marta yaqindan ko‘rdim, –deydi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 3-umumta’lim maktabi o‘quvchisi B.Jo‘rayev. – Harbiy texnika va harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari sohaga bo‘lgan qiziqishimni yanada kuchaytirdi.

Tadbirda rus, koreys, tojik, qirg‘iz milliy madaniy markazlarining milliy urf-odat va an’analari asosidagi ko‘rgazma va badiiy chiqishlari, dorbozlar o‘yini, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdaturli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazildi.

4 mingdan ziyod yoshlar qamrab olingan ushbu tadbir viloyat san’atkorlari ishtirokidagi katta konsert dasturi bilan yakunlandi.

Akromjon Sattorov, O‘zA
2 393