O‘zA O`zbek

11.07.2019 21:39 Chop etish versiyasi

Adliya vazirligida xalqaro tashkilot rahbari bilan uchrashuv

Adliya vazirligida xalqaro tashkilot rahbari bilan uchrashuv

Adliya vazirining birinchi oʻrinbosari M.Istamov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi ehtiyojlarni baholash missiyasi (YEXHT DIIHB EBM) delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuv chogʻida M.Istamov mehmonlarga Adliya vazirligi faoliyati, uning vazifa va funksiyalari, shuningdek, jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan adliya tizimidagi oʻzgarishlar xususida maʼlumot berdi. Prezidentimizning 2018-yil 13-apreldagi qaroriga muvofiq vazirlik tuzilmasida tuman va shahar adliya boʻlimlari tashkil topgani qayd etildi. Ushbu chora-tadbirlar vazifa va funksiyalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash, hujjatlar loyihalari va takliflar, qabul qilinayotgan qarorlar sifatini oshirish, huquqni qoʻllash amaliyotida aniqlangan muammolarni chuqur tahlil qilish va umumlashtirish, ularni hal etish asosida biriktirilgan hududda tegishli soha (tarmoq)ni rivojlantirish boʻyicha takliflar tayyorlashga qaratilgan.

Qayd etilishicha, Oliy Majlis, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylovlar chogʻida tuman adliya boʻlimlarini huquqiy maʼrifat va aholi bilan muloqot, saylov komissiyalari aʼzolari oʻrtasida yangi qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi qoida va meʼyorlarini tushuntirish jarayoniga faol jalb qilish koʻzda tutilgan.

Oʻz navbatida YEXHT DIIHB EBM saylovlar boʻyicha departamenti rahbari A.Shlыk ehtiyojlarni baholash missiyasining rejalari, maqsad va vazifalari xususida soʻzlab berdi. Saylovoldi holatni baholash, jumladan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish, ularning shaklini aniqlashga doir tavsiyalarni ishlab chiqish (saylovlarni kuzatish boʻyicha cheklangan yoki toʻliq missiya) shular jumlasidan.

DIIHB delegatsiyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohot va oʻzgarishlar, jumladan muhim siyosiy voqelik hisoblangan parlament saylovlari arafasida qabul qilingan Saylov kodeksini yuksak baholadi. Ular mutlaqo yangi sharoitlarda oʻtadi. Mehmonlar saylov tizimini Oʻzbekistondagi saylov jarayoni demokratik tamoyillar va xalqaro standartlarga muvofiq oʻtkazish yoʻli bilan yanada takomillashtirish zarurligiga eʼtibor qaratdi. 
Saylov tizimidagi, xususan saylov qonunchiligi va siyosiy partiyalar bilan bogʻliq yangiliklar boʻyicha fikr almashildi. Shuningdek, tomonlar saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʻyxatini shakllantirish masalalarini muhokama qildi. 
Ochiq va konstruktiv muloqot ruhida oʻtgan uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga umid bildirishdi.

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

OʻzA
2 093