O‘zA O`zbek

24.04.2019 12:27 Chop etish versiyasi

Adliya vazirligi internetda pensioner ayol bilan bogʻliq muhokamalarga munosabat bildirdi

Adliya vazirligi internetda pensioner ayol bilan bogʻliq muhokamalarga munosabat bildirdi

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Oq yoʻl, 59-manzildagi beboshlik: pensioner ayoldan uchastkani qanday tortib olishdi?” mavzusidagi material koʻplab muhokamlarga sabab boʻlgan.

Ushbu masala boʻyicha adliya vaziri oʻrinbosari A.Toshqulov boshchiligidagi ishchi guruhi hokimiyat va kadastr xizmati vakillari ishtirokida oʻrganish oʻtkazgan.

Oʻrganish bevosita joyiga chiqqan holda nizolashayotgan taraflar ishtirokida, xususan, L. Andreyeva va F. Ergasheva, ularning oila aʼzolari, shuningdek, fuqarolar yigʻini vakillari va faollari ishtirokida tashkil etilgan.

Taraflarda mavjud boʻlgan hujjatlar oʻrganilgan. Maʼlum boʻlishicha, L. Andreyevaning otasi I. Ivanchenkoga 1941 yilda 554 kv.m. yer maydoni ajratilgan. 1959 va 1975 yillarda oʻtkazilgan xatlov ishi natijalari boʻyicha ushbu yer maydonida joylashgan turar joy “59-uy” sifatida, yer maydoni esa 274 kv.m. deb qayd qilingan.

Shuningdek, hozirda nizolashilayotgan yer maydonining 263 kv.m.dan iborat boʻlgan boshqa qismida joylashgan ikkinchi turar joy “59A-uy” sifatida fuqaro N.Deminning foydalanishida, deb koʻrsatilgan.

Shunga asosan, Lenin tumani ijroiya qoʻmitasining (eski nomi) 1960 yil 28 yanvardagi 2-son qarori bilan 274 kv.m.da joylashgan 59-uyning mulkdori sifatida I. Ivanchenko belgilangan va mulk huquqi tan olingan.

263 kv.m. yer maydonida joylashgan 59A-uyga nisbatan I.Ivanchenkoning ham, N.Deminaning ham mulk huquqini belgilovchi biror-bir hujjati mavjud emas. 

I.Ivanchenkoning vafotidan soʻng (1976 yil) uning uyi turmush oʻrtogʻi M.Ivanchenkoga, keyinchalik ularning farzandlariga, yaʼni L.Andreyeva va uning opasiga meros sifatida oʻtgan.

N.Deminaning vafotidan soʻng (1996 y.) nizoli 59A-uyda hech kim yashamagan va uning merosxoʻrlari ham merosni talab qilmagan.

Sudning 2015 yildagi qarori bilan 59A-uy egasiz, deb topilib, hokimiyat boshqaruviga berilgan. Shunga koʻra, Mirobod tumani hokimning 2016 yil 29 dekabrdagi 550-son qarori bilan mazkur turar joy 1-xonali xonadonda yashab kelayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqaro F.Ergashevaning 5 kishidan iborat oilasiga foydalanish huquqi bilan biriktirilgan. Mazkur 59A-uy sudning 2017 yil 5 maydagi qarori bilan davlat mulki, deb eʼtirof etilgan.

Mazkur holat keyinchalik sudlarda nizo predmetiga aylangan. Bir necha sud ishlaridan soʻng sudning 2017 yil 5 maydagi qarori bekor qilingan.

Natijada fuqaro F.Ergasheva oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida nizoli 59A-uyga mulk huquqini rasmiylashtirish uchun ariza bilan murojaat qilgan. Shunga asosan, F. Ergashevaning 59A-uyga nisbatan mulk huquqi eʼtirof etilib, unga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan.

Keyinchalik prokuror tomonidan kiritilgan protest asosida hokimning 2016 yil 29 dekabrdagi qarori bekor qilingan boʻlib, bu holat F. Ergashevaning uyga boʻlgan mulk huquqini yoʻqotishiga sabab boʻlgan.

Shu munosabat bilan, hozirda fuqaro F.Ergasheva prokurorning protesti asosida qabul qilingan hokim qarorini bekor qilishni soʻrab sudga daʼvo kiritgan.

Yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olgan holda, Adliya vazirligi ushbu nizoli holat faqat sud tartibida hal qilinishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

Shu bilan birga, pensioner L. Andreyevaga tegishli yer maydonida joylashgan imoratning bir qismi hokimiyat tomonidan egallab olinganligi haqidagi vajlar haqiqatdan yiroqligi maʼlum boʻlgan.

Shu munosabat bilan Adliya vazirligi fuqarolarga murojaat qilib, nizo kelib chiqqan vaziyatlarda faqat bir tomonning fikriga asoslanib xulosa chiqarishga shoshilmaslikni soʻraydi. Har qanday nizoli holat vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda hal etilishi lozim.

OʻzA
433