O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Adliya vazirligi: 2,5 mingga yaqin eskirgan qonun hujjati oʻz kuchini yoʻqotadi

Adliya vazirligi: 2,5 mingga yaqin eskirgan qonun hujjati oʻz kuchini yoʻqotadi


Barcha sohalarni isloh qilishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish qonun hujjatlari sonining ortishiga olib keldi. Hujjatlarning koʻpligi, tarqoqligi amaliyotda ularni tushunishni qiyinlashtirib, huquqiy tafovut va kolliziyalarga yoʻl ochmoqda, haddan tashqari tartibga solish va byurokratiyaga zamin yaratmoqda.

Mazkur muammoni hal qilish uchun xalqaro tajribada “tartibga solish gilyotinasi” usulidan foydalaniladi. Bu amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish va qayta koʻrib chiqish orqali ularni saralash, tasdiqlash, oʻzgartirish yoki bekor qilish demakdir.

Yaʼni iqtisodiy rivojlanish strategiyasi, qonuniyligi va zarurati nuqtayi nazaridan asossiz boʻlgan, shuningdek, qonuniy va zarur hisoblansa-da, jamiyat va biznes uchun qulay boʻlmagan har qanday tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni maksimal darajada soddalashtirish “tartibga solish gilyotinasi”ning asosiy tamoyillari hisoblanadi.

Hozirga qadar mamlakatimizda yaxlit 728 qonun, 423 Oliy Majlis palatalarining qarorlari, 2538 Prezident farmoni, 2699 Prezident qarori, Vazirlar Mahkamasining 10245 qarori va 1895 idoraviy normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Bundan tashqari, har bir hududda koʻp sonli mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari mavjud.

Qonun hujjatlarining koʻpligi nafaqat aholi, yuridik shaxslar, balki huquqni qoʻllovchi davlat xizmatchilariga ham noqulaylik tugʻdiradi.

Davlatimiz rahbarining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmoni bilan norma ijodkorligi jarayonida amal qilish lozim boʻlgan bir qator prinsipial oʻzgarishlar belgilandi.

Xususan:

Birinchidan, Parlament palatalari, Prezident, Hukumat hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining individual va tashkiliy tusdagi hujjatlarini ular tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlardan farqlashning aniq mezonlari qonun darajasida belgilanadi.

Ikkinchidan, yangi tahrirdagi qonun hujjati oʻrniga bir vaqtning oʻzida amaldagi qonun hujjatini kuchini yoʻqotgan, deb topishni nazarda tutuvchi yangi qonun hujjatini qabul qilish amaliyoti joriy etiladi va avval qabul qilingan bunday qonun hujjatlari qayta koʻrib chiqiladi.

Uchinchidan, Prezident va Vazirlar Mahkamasining rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish hamda tadbirlar oʻtkazishni tashkil etish yuzasidan qabul qilingan hujjatlari tegishli yil yakuni boʻyicha oʻz kuchini yoʻqotgan, deb topiladi.

Bu jarayonda Adliya vazirligining roli qanday boʻladi?

Shuni tan olish kerakki, qonun hujjatlari va ular loyihalarining tartibga solish taʼsirini baholash masalasida 10 yildan ortiq davrda ayrim ishlar amalga oshirilgan, qarorlar qabul qilingan boʻlsa-da, bu sohada tizimli siyosat olib borilmayotgan edi.

Farmon bilan Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar va loyihalarining tartibga solish taʼsirini baholash sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi. Bu esa nuqsonlarni bartaraf etish, yangi ufqlarni ochishga xizmat qiladi.

Bunda Adliya vazirligi har yili mamlakatda tartibga solish taʼsirini baholash tizimining holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tayyorlaydi, ularni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilgan holda Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritishi tartibi joriy etilayotgani tartibga solish subyektlarining masʼuliyati oshishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, farmonda tartibga solish siyosatining yaxlitligini taʼminlashga qaratilgan institutsional oʻzgarishlar nazarda tutilgan. Masalan, endilikda Adliya vazirligining Tartibga solish taʼsirini baholash boshqarmasi tashkil etiladi. Barcha davlat boshqaruvi va mahalliy ijro hokimiyati organlarida tartibga solish taʼsirini baholash uchun masʼul xodimlar tayinlanadi.

Shunisi eʼtiborga molikki, yangi boshqarma zimmasiga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish hamda aniqlangan qorrupsiogen omillarni bartaraf etishga qaratilgan choralar koʻrish va tavsiyalar ishlab chiqish, korrupsiya kelib chiqishiga sharoit yaratayotgan qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlar, qoidalar va normalarni aniqlash, normativ-huquqiy hujjatlarning amaliyotda qoʻllanilishida korrupsiyaviy tusdagi xavflarni tahlil qilish vazifalari ham yuklangan.

Ochiq platforma” va qayta aloqa

Tartibga solish taʼsirini kamaytirish doirasida guruh boʻlib ishlash texnologiyalarini shakllantirish va hamkorlikning samarali mexanizmlarini yaratish uchun regulation.gov.uz portalida “ochiq platforma” (open platform) joriy etiladi.

Jamoatchilik, biznes hamjamiyati, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlik, shu jumladan, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini amalga oshirish doirasida qayta aloqa mexanizmlarining yoʻlga qoʻyilishi esa “kam xato, koʻp natija” prinsipi asosida faoliyat samaradorligini taʼminlashga olib keladi.

Shuningdek, farmonda davlat organlari va tashkilotlari bilan tematik onlayn uchrashuv va muhokamalar oʻtkazish boʻyicha tashabbus koʻrsatish, qonunchilik hujjatlarining huquqni qoʻllash amaliyotiga taʼsirini baholashda “kraudsorsing” imkoniyatlaridan foydalanish, shu jumladan, onlayn soʻrovnomalar oʻtkazish kabi progressiv va zamonaviy ish usullari yoʻlga qoʻyilishi ushbu yoʻnalishdagi ishlar muvaffaqiyati garovi boʻladi.

Baʼzan yangilanishlar, islohotlar jarayonida, oʻzgarishlarning ruhiga butunlay mos kelmagan qandaydir tartib-qoidalar uchrab turishi bor gap. Ularni aniqlash, tan olish va oʻz vaqtida voz kechishdan qoʻrqmaslik kerak.

Dastlabki taxminlarga koʻra, yangi tartib bilan Adliya vazirligi taklifi asosida 2,5 mingga yaqin eskirgan, byurokratik toʻsiqlar hosil qilayotgan qonun hujjati oʻz kuchini yoʻqotadi.

Tartibga solish taʼsirini baholashning zamonaviy usul va mexanizmlardan foydalanish huquq ijodkorligi jarayonining takomillashishiga, qonunchilik yukining kamayishiga, uning xalqchil boʻlishiga xizmat qilish bilan birga davlat boshqaruvining samaradorligi oshishiga hissa qoʻshadi.

Xudoyor Meliyev,

Adliya vazirligi masʼul xodimi.


1 216
OʻzA