O‘zA O`zbek

09.09.2019 Chop etish versiyasi

“Adliya tadbirkorga do‘st“ – yangi loyiha

“Adliya tadbirkorga do‘st“ – yangi loyiha

Adliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qabulxonasi ko‘magida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Adliya tadbirkorga do‘st” loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tegishli davlat tashkilotlari, Biznes vakillari, Savdo-sanoat palatasi, 100 ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mazkur loyihada yangicha yondashuv asosida tadbirkorlarning fikrlari va takliflarini o‘rganish orqali ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarini hal etish, tadbirkorlarning moliyaviy va huquqiy savodxonligini oshirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi hamda mazkur sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadida amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, loyihani amalga oshirish bo‘yicha joylarda 100 dan ortiq ishchi guruh tashkil etiladi va 10 mingdan ortiq tadbirkorlar ishtirok etadi.

Har bir hududning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish darajasiga baho berish bo‘yicha indikatorlar ishlab chiqiladi va milliy reytinglar tuziladi.

Tadbirkorlik faoliyatining barcha jabhalarini qamrab oluvchi “advice for business” maxsus interaktiv huquqiy portali yaratiladi.

Avstraliya va Yangi Zelandiya davlatlarining tajribasini o‘rgangan holda biznesni yuritish va ro‘yxatdan o‘tish bosqichlari yanada soddalashtiriladi.

Buyuk Britaniya hukumati Ro‘yxatga olish palatasining (Companies House) tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha, biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yangi Zelandiya tajribasi o‘rganiladi va amaliyotga joriy qilinadi.

Yer uchastkalarini auksionga chiqarish bilan bog‘liq jarayonlar monitoring qilib boriladi.

Barcha davlat organlarini tadbirkorlarni qo‘llab quvvatlashga chorlash maqsadida “Sen tadbirkor uchun nima qilding” aksiyasi o‘tkaziladi.

“Tadbirkor faoliyatiga aralashma” shiori ostida ijtimoiy tarmoqlarda va aholi orasida adliya sayllari tadbirlari o‘tkaziladi.

Tadbirkorlarni noqonuniy homiylikka jalb qilish holatlarini aniqlash bo‘yicha joylarda aksiyalar o‘tkaziladi.

Aksiyalar doirasida ijtimoiy tarmoqlarda so‘rovlar o‘tkaziladi va jamoatchilik fikri o‘rganiladi.

Katta nufuzga ega biznes vakillari (motivatsion ma’ruzachilar)ni taklif qilgan holda seminar-treninglar, master klasslar tashkil etiladi.

Hududlarda tadbirkorlarning muammolarini hal etish bo‘yicha sayyor qabullar va uchrashuvlar tashkil etiladi.

“Jamoatchilik” onlayn platformasiga (www.jamoatchilik.uz) kelib tushgan tadbirkorlarning fikri va takliflari asosida Prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

Tadbir ishtirokchilarining ta’kidlashicha loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida doimiy ravishda vakolatli organlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etilishi va muammolar yuzasidan ochiq muhokamalar o‘tkazib borilishi rejalashtirilgan.

836
O‘zA