O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Adliya: hokimlarning bekor boʻlayotgan vakolatlari, qulayotgan toʻsiqlar va yangi imkoniyatlar

Adliya: hokimlarning bekor boʻlayotgan vakolatlari, qulayotgan toʻsiqlar va yangi imkoniyatlar

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirishda byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish dolzarb muammolardan hisoblanadi.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 9-dekabrdagi “Byurokratik toʻsiqlarni yana-da qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori aynan byurokratik toʻsiqlarni yoʻq qilish borasidagi muhim qadam boʻldi.

Hozirgi kunda byurokratiyani qisqartirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha Adliya vazirligi tomonidan “On-line” muloqot oʻtkazildi.

Muloqotda vazirlikning davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini tahlil va monitoring qilish boshqarmasi xodimlari ishtirok etib, byurokratik toʻsiqlar nima ekanligi va uning salbiy oqibatlari, shuningdek, bugungi kunda byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida tushuntirish berishdi.

Jumladan, 2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jami 28 turdagi hujjatlarni fuqarolardan talab qilish tartibi bekor qilingani, amaldagi 29 kollegial organ tugatilgani, hokimliklarning 11 turdagi funksiya va vakolatlari tegishli davlat organlarining hududiy boʻlimlariga oʻtkazildi. Turar joyni noturar joy toifasiga oʻtkazishga ruxsatnoma berish funksiyasi hokimliklardan tuman (shahar) qurilish boʻlimlariga oʻtkazilgani, hokimliklarning bozor faoliyatini toʻxtatib turish boʻyicha qaror qabul qilish kabi vakolatlari bekor qilingani shular jumlasidan.

Shuningdek, muloqotda 2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari, ularning tarkibiy boʻlinmalari oʻrtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron koʻrinishda amalga oshirilishi haqida ham maʼlumot berildi.

Muloqotda mutaxassislar tomonidan fuqarolar uchun qiziq boʻlgan bir qator savollarga javob berildi.

1 145
M.Roʻziboyeva, OʻzA