Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.01.2018 14:03 Chop etish versiyasi

Adibning shuhrati: tarozining bir pallasida asarlar, ikkinchisida nutq...

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov. Uning nomini eshitgan zamondoshlarimiz yodiga “Muqaddas”, “Tilla uzuk” yoki “Ko‘hna dunyo” asari tushsa ajab emas.

1926 yil 20 oktabrda hozirgi Janubiy Qozog‘iston viloyatining Qarnoq qishlog‘ida tug‘ilgan Odil Yoqubov ToshDUning (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) filologiya fakultetini tamomlagan edi. O‘zining takrorlanmas iste’dodi, o‘ziga xos ovozi, dunyoni idrok etish uslubi bilan nom qozongan adib Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1977), «Do‘stlik» (1994), «El-yurt hurmati» (1998) ordenlari bilan mukofotlangan.

Sevimli adibimiz Odil Yoqubovning ijodisiz hozirgi o‘zbek adabiyotining qiyofasi va taraqqiyotini tasavvur etish qiyinroq. Uning mashhur qissalaridan tashqari “Chin muhabbat”, “Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi”, “Yurak yonmog‘i kerak”, “Olma gullaganda” singari dramatik asarlar hamda “Dastlabki qadam”, “Ikki muhabbat” nomli hikoyalar to‘plami, “Dilbarim”, “Bahor yomg‘irlari” kabi kinossenariylari ham ko‘plab yurtdoshlarimiz ko‘nglidan chuqur joy olgan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi Odil Yoqubovning shuhrat qozongan ishlaridan biri – uning qayta qurish davrida Moskvada xalq deputatlari qurultoyida so‘zlagan otashin nutqidir. 

E’tiboringizga Odil Yoqubovning mazkur tarixiy nutqini havola etamiz.

Muruvvatni unutmaylik

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hay’atining birinchi kotibi, SSSR Yozuvchilar uyushmasi hay’atining kotibi, SSSR Yozuvchilar uyushmasidan deputat Odil Yoqubovning SSSR xalq deputatlari syezdidagi nutqi

Aziz do‘stlar! Vaqt g‘animat, shuning uchun ham ushbu ma’ruzaning olamshumul masalalarga oid qismidan voz kechib, birdan maqsadga o‘ta qolay. Biz yetmish yil badalida, ha-ha, bir necha asrga «tatigulik» mana shu davr ichida jon qadar aziz bo‘lgan juda ko‘p qadriyatlarimizdan judo bo‘ldik. Shular ichida shunday bir qadriyat ham borki, ming afsus, uning o‘rnini biron-bir narsa bilan qoplash bag‘oyat mushkuldir. Tirikchilikning mushkullashganligi, – biri-da ochin, birida to‘kin yashayotganimiz tufayli, insoniy qadr-qimmatni yer bilan bitta qilguvchi uzundan-uzoq navbatlarda navbat kutishlar tufayli yuz berdi u. Inson bolasiga xos bo‘lgan eng olijanob fazilat bo‘lmish rahm-shafqatdan, muruvvatdan asar qolmadi bizda. Boz ustiga shu xislat o‘rnini toshbag‘irlik ishg‘ol etdi. Kishilar mehr-oqibatsiz, yon-veridagilar dardiga loqayd, iltifotsiz. Juma kuni edi, orasta kiyingan ikkita juvon foyyeda suhbatlashib turgan ekan. Biri norozi bo‘lib: «Namuncha bu o‘zbeklar paxtasi haqida tinmay javrashadi?» – desa, sherigi aytardiki: «Jonga tegib ketishdi, o‘zi bularda ma’naviyat degan narsa bo‘lganmi sira?!»

Bu malomat, gap ochig‘i, menga alam qildi. Axir, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, avvalgi chapdast, mard, tanti dehqon, uning ko‘zlari charos, qoshlari kamon ayoli bugun shunday bir ayanchli, fojiali ahvolga tushgan bo‘lsa agar, kim aybdor bunga?

Bu sho‘rliklarning ma’naviyati qanday qilib yuksalsin, axir! «Hamma zamonlar va barcha xalqlarning otasi» bo‘lmish Iosif Stalin mamlakatniig paxta mustaqilligini ta’minlash uchun o‘rtaga tashlagan mash’um shior bizning dehqonlarni hamma-hamma narsadan mosuvo qilmadimi, axir! Aynan ularga tegishli bo‘lgan zamin: ko‘rsa ko‘z quvonadigan necha yuz ming gektarlik ko‘rkam va serhosil bog‘-rog‘lar, sollanib turgan yam-yashil yo‘ng‘ichqazorlar, salqini orombaxsh yong‘oqzorlar, hattoki, bodomzorlar, axir, shafqatsizlarcha kesib tashlanmadimi, shudgor qilinmadimi! Muhtaram Chingiz Aytmatov bu yerda aytgani kabi, chindan ham paxta bexosiyat ne’matga aylandi. Ha, mamlakat oxir-oqibatda paxta mustaqilligiga erishdi ham. Hatto, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan boylikka ham ega bo‘ldi. Lekin dehqonga, uning ayoliga, bola-chaqasiga shundan nima naf tegdi. Saratonning jaziramasida xudoning bergan kuni o‘n ikki soatlab qirt-qirt zahmat chekish, hatto, dam olish kunlari, bayramlarda, ta’til nimaligini bilmasdan oftob tig‘ida ter to‘kish shu dehqonning gardaniga tushmadimi.

So‘nggi paytlarda vaqtli matbuot respublikamiz boshiga shov-shuvdan iborat behisob maqolalarni do‘ldek yog‘dirdi. Shundan kelib chiqib, umumxalq xazinasiga qo‘l cho‘zganlarning har qaysisi qanchadan mablag‘ o‘marishganini sizlar hatto sariq chaqasigacha hisoblab chiqqan bo‘lsangiz kerak. Haromtomoqlarni, albatta, jazolamoq joiz. Bu haqda boshqacha gapning o‘zi bo‘lishi mumkin emas. Biroq O‘zbekistondan chetda yashayotgan biror-bir kishi vijdoniga zid bormagan tarzda shu – paxta tufayli paxtakor bugungi kunda ne ahvolga tushib qolganligini bor holicha tasavvur qila olarmikan. Davlat plan komiteti kafolaticha paxta strategik xomashyo hisoblanadi va u davlatga juda ko‘p daromad keltiradi. Mamlakatga aynan paxta tufayli ozmuncha chet el valyutasi oqib kelayotgani yo‘q. Va shu valyutasiz, Davlat plan komitetining e’tirof etishicha, davlatimizning qo‘li ham kalta bo‘lib qolar edi. Xo‘sh, shunday xomashyoni yetishtirayotgan dehqon mashaqqatli mehnat qilib, holdan toygan, uning sho‘rlik ayoli qanday sharoitda yashamokda o‘zi. Bu odamlar mashaqkatli mehnatlari evaziga qanchadan haq olishayotir?! Bizning opa-singillarimiz quyoshning radiatsiya sochuvchi nurlari tig‘ida, jazirama oftobda zahmat chekishayotir. Ha, ular bajarayotgan ish ayol zotiga munosib emas. Oftobning zahri tufayli, ham zaharli ximikatlarning huda-behuda qo‘llanilishi tufayli rak, oshqozon-ichak va sariq kasalliklari, ayollarning kamqonligi va boshqa xastaliklar behad urchidi. Ayollar va bolalar o‘limi o‘sishiga ham sabab shu.

Ularning turmush darajasi qay holatda? Paxta dalasida mehnat qiladigan ayollarimiz qosh qoraygandan keyingina uyga qaytishadi, bola-chaqaga obi-yovg‘on pishirish kerakmi? Kerak. O‘choq boshiga borishadi va otam zamonidagiday tappi qalab, qozon qaynatishadi. Qaddi-basti nechundir yashin urgan qayinlarni eslatuvchi shu ayollarning barkashday qoraygan yuzlariga ko‘zim tushsa ko‘zlarimdan beixtiyor yosh tirqaraydi. Qani ulardagi ayollik nafosati? Qani sarv qomatlar, qani latofat, nazokat! Ko‘zlari to‘la mung, armon va hasrat. Men bilaman, mamlakatimizdagi hamma dehqonlarga ham, rus dehqonlariga ham qiyin. Ahvolni o‘nglab olish niyatida hukumat ezgu tadbirlar ko‘llayotganidan men ham mamnunman. Lekin, birodarlar, har qalay paxta paxta-da. Janubiy Amerikadagi toshbag‘ir oq tanli fermerlar tutgan yo‘lni bir eslaylik-a. Ular paxta plantatsiyalarida o‘zlari ishlashni istashmadi, bu zahmatdan xotin, bola-chaqasini ham xalos etish uchun borib Afrikadan necha yuz ming qora tanlini kishanband etib, olib kelishdi. Ammo adolat yuzasidan shuni ham aytish kerakki, naslu nasabini paxta zahmatidan asragan o‘sha qahri qattiq fermerlar ham kelgusida qullaridan sog‘lom, ya’ni og‘irini yengil qiladigan nasl yetishsin uchun ularni to‘ydirib boqishgan. Shuning sharofatidanki, bo‘yi ikki metrli qoratanli polvonlar dunyoga keldi. Va ularning avlodlari bugungi kunda Amerika sportining, san’atining ham gultojlaridir.

Xo‘sh, bizning qishloqlardagi bolalar-chi? Bu o‘rinda sportu ma’naviy kamolot haqida gapirib o‘tirishning o‘zi ortiqcha. Ular qorni to‘yib ovqat yemayotirlar (axir, jon boshiga yiliga atigi yigirma kilogramm go‘sht to‘g‘ri keladi), og‘ir mehnat qilayotirlar, shuning oqibatida ularni, hatto, armiyaga ham olishmayapti. Olishgan taqdirda ham qurilish batalonlarida xizmat kilishayotir. Dehqonlarimiz boshiga tushgan kulfat haqidagi shu muxtasar gapimdan so‘ng, muhtaram Nikolay Ivanovich, men sizga murojaat qilmoqchiman: Davlat plan komitetidagi o‘rtoqlarning paxta mamlakatga kerak, u strategik xomashyo hisoblanadi, valyuta daromadida salmoqli o‘rin tutadi, degan gaplari to‘g‘rimi? Agar, to‘g‘ri bo‘lsa, nega endi bizda u suv tekinga sotib olinayotir?

Inqilobga qadar, Nikolay Ivanovich, «Turkistanskiye vedomosti» gazetasi qayd etganidek, rus savdogari (ha, o‘sha o‘lkamizga bu mehnati og‘ir ekinni olib kelgan rus savdogari) bir pud paxta evaziga o‘n sakkiz pud bug‘doy berar edi. Bizning jonajon sotsialistik davlatimiz esa bir kilogramm paxta uchun o‘rtacha hisobda ellik tiyin haq to‘layotir. Bu pulga Toshkentdagi Oloy bozorida atigi yarim kilogramm bodring beradi, xolos (o‘rtoqlar, yana shuni ham eslatib o‘tishni istardimki, bir kilogramm paxtadan ikkita erkaklar ko‘ylagi tikilayotir, ularning qiymati kamida ellik so‘m turadi).

Bizning O‘rta Osiyo tabiiy iqlimi jihatidan jahonda tengsiz imkoniyatga ega ekanligi tarixiy manbalarda ham qayd etilgan. Dunyodagi eng shirin ne’matlar – meva-cheva-yu, sabzavotlar shu yerda yetishtirib kelingan. Qovun, tarvuzning shirasi tilni yorgan. Tabiiy boyliklardan ilmga zid ravishda shafqatsizlarcha foydalanish yetmish yil mobaynida shunga olib keldiki bugun o‘lkamiz ekologik halokat yoqasiga kelib qoldi.

O‘rtoqlar, kecha siz mening gaplarimni oxirigacha eshitmadingiz, men akademik Aganbegyanning fikrini aytayotgan edim. Shu fikrni hozir qayta to‘liq aytmoqchiman. O‘tgan yili Orol muammosiga bag‘ishlab KPSS Markaziy Komitetida o‘tkazilgan kengashda akademik Aganbegyan O‘zbekistonning tabiati, zamini va oxir-oqibat xalqi duchor bo‘lgan qabohatlarning haqiqiy sabablarini hech kim bilmasligini ta’kidlagan edi. Na Davlat plan komitetidagilar, na Davlat agrosanoat komitetidagilar bilmaydi buni, dedi u, boz ustiga respublika mehnatkashlari yelkasiga bo‘lar-bo‘lmas majburiyatlarni yuklashadiki, bu misoli tumanda yo‘l qidirgandek. Shu bois akademik yetuk iqtisodchi olimlar, ekologiya tadqiqotchilari, shifokorlar, qishloq xo‘jaligi mutaxassislaridan tashkil topgan obro‘-e’tiborli favqulodda iqtisodiy komissiya tuzish kerakligini, bu komissiya O‘zbekistonda qanday ahvol ro‘y berganini g‘oyat teran tahlil qilib, hukumatga bu ahvolni to‘la-to‘kis, ochiq-oydin qilib izohlab berishi zarurligini qat’iy uqtirib aytdi.

Birodarlar, mening ishonchim shunga komilki, ancha vaqtga cho‘ziladigan kelajakda emas, balki yaqin-ora yillarda O‘zbekiston mamlakatimiz aholisining yarmini yeb-ichirishga qurbi yetishi mumkin. Buning uchun respublikani paxta yakka hokimligi qusuridan qat’iy turib qutqarmoq kerak, mehnatga jon-dili bilan bog‘langan xalqqa turg‘unlik yillari yetkazgan behudud qutqudan qutulishga va nihoyat uning ham ko‘kragiga shamol tegishiga yordam berish lozim.

"Biz qardoshlik oilasida yashaymiz. Bir-birimizga aka-uka, birodarlarmiz. Eng og‘ir damlarda ham bahamjihat, yelkama-elkamiz!" Baland maqomdagi shunday gaplarni ko‘p aytamiz.
Sizlarga sir emas, turg‘unlik davrida bizning boshimizga og‘ir musibat tushdi, uning qora ko‘lankasi respublika ustidan hali tarqab ulgurganicha yo‘q. Zero, sharqda aytishadiki, baxt kelsa ham, baxtsizlik kelsa ham qo‘sha-qo‘sha bo‘lib keladi.

Rost, o‘sha baxtsizlik mohiyat-e’tibori bilan nopoklikdan, beimonlikdan, e’tiqodsizlikdan kelib chiqdi, yetim-esirlarning, xalqning haqiga xiyonat qilindi, nainki xiyonat qilindi, hatto hayotning o‘zi ham notoza o‘zanga yo‘naltirildi. Bunday badbaxtlarga, nopok kimsalarga, takror aytamanki, zig‘ircha shafqat qilmaslik lozim. Har qanday jazoga ular munosib. Lekin boshqalarning, o‘rmonga o‘t ketganida qo‘shilib yonib ketganlarning gunohi nima?! Deyarli aybi bo‘lmagan yoki bo‘lsa ham uni zo‘rning zug‘umi bilan qilgan, bola-chaqasining och qolishidan, turmushi yanada yupunlashishidan qo‘rqqan, bir burda nonimdan ayrilmay, deya zo‘ravon rahbarning buyrug‘ini bajarishga majbur bo‘lganlarning gunohi nima?

Baxt ham, baxtsizlik ham qo‘sha-qo‘sha bo‘lib keladi. Bugun xalqimning boshida yana bir musibat. Farg‘onadagi sitamlar, notinchlik yurakni o‘rtab turibdi hozir.

Kasalingni yashirsang, isitmasi oshkor etadi. Shuncha yil o‘tsada, kindik qoni tomgan yerdan quvg‘in qilingan turklarning yurak nolasiga biz quloq tutmadik! Biz xalqimizning qo‘llari oltin dedik, mehnatkash-mushfiq dedik, lekin aslida uni ham o‘z holiga tashlab qo‘ydik! Oxir-oqibat shu bo‘ldiki, jon tomiri bir, qismati bir bo‘lgan aka-uka bir-birining dilini jarohatladi.

Ijtimoiy adolatsizlik Ufa yaqinida to‘planib qolgan gaz uyumiga o‘xshaydi. Modomiki, shunday ekan biz hushyor bo‘lishimiz, o‘t chiqaruvchilardan saqlanishimiz zarur. Aziz hamyurtlar, sizdan hozircha shuni o‘tinch bilan so‘raymanki, olovdan ehtiyot bo‘lingiz. Tarixning eng qora kunlarida ham ota-bobolarimiz mushkulliklarni sabr-toqat bilan, vazminlik bilan, tadbirkorlik bilan yengib o‘tishgan.

Ma’ruza uchun belgilangan vaqt tugadi, nutqimni yakunlayman. Favqulodda komissiya tuzish to‘g‘risidagi mening taklifimni esa qabul qilishingizni iltimos qilaman. Rahmat.

1989 yil 16 iyun

Odil Yoqubovning mazkur tarixiy nutqi haqida O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov ham “Nutq” nomli maqola yozgan edi. Maqola bilan tanishmoqchi bo‘lsangiz, saytimizni kuzatib boring.

O'zA
1 114