O‘zA O`zbek

21.05.2020 Chop etish versiyasi

Adiblari ardoqlangan yurt

Adiblari ardoqlangan yurt
M u n o s a b a t

Tabrizda shoirlar xiyoboni bor, deyishganida havasim kelgan. Hindixitoy davlatlaridan birida Adabiyot ibodatxonasi borligini eshitib, hayron qolgan edim. Netongki, Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrida Adiblar xiyoboni qad rostladi. Bir soʻz muhibi sifatida quvonganimning chek-chegarasi yoʻq.

Bu yerda adabiyotimiz tamalini qoʻygan ulugʻ soʻz zargarlari qatorida Behbudiy singari maʼnaviy taraqqiyotimizning jonkuyar namoyandalari haykallari borligi davlatimizning maʼnaviyatga qaratayotgan eʼtiborning ulugʻ namunasi, deb bilamiz.

Aytishlaricha, Sherozda hazrati Hofizning qabri boshidan ziyoratga kelguvchi oshiqlar qadami arimas emish. Bu qabr har kuni ustidan sochilgan atirgul yaproqlaridan alvon tusga kirarmish. Endi bizning Adiblar xiyoboni ham soʻz oshiqlarining mashvaratgohiga, mushoiragohiga aylangay.

Prezidentimizning kechagi tashrifini oynaijahonda kuzata turib, koʻnglimdan koʻp ezgu oʻylar kechdi. Koʻngildagi bu shodlikni qogʻozga tushirmoq dushvor. Uchrashuvda taʼkidlanganidek, zamonamiz qahramonlari siymosini soʻz bilan chizmoq endi bizning qutlugʻ maslagimizga aylanadi.

Maʼnan barkamol, baquvvat shaxslargina millatning yuzi boʻla olishini Adiblar xiyoboni isbotlab berdi. Bunda qad rostlagan siymolarga munosib boʻlish eng katta vazifamizdir. Otasining amallari bilan kerilib yurgan noshud oʻgʻilchalarga oʻxshab qolmaslik uchun ham endi oʻz oldimizga umumjahoniy, umuminsoniy tamoyillarni ifodalovchi, shu bilan birga, oʻz xalqimiz maʼnaviy tafakkuri va ijtimoiyotini toʻla namoyon qiluvchi koʻlamli asarlar bitishimiz, ustoz ijodkorlarimiz bitgan asarlarni tarjima qilib, dunyo oʻquvchilariga yetkazishimiz kerak boʻladi. Bu xiyobon, bu tashrif, bu uchrashuv barcha yozuvchi-shoirlar, xususan, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga ham ulkan masʼuliyat yuklaydi.

Mansur JUMAYEV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi
bosh mutaxassisi, shoir

5 668
OʻzA