O‘zA O`zbek

19.09.2018 Chop etish versiyasi

Adashgan fuqarolarning murojaatlari boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasi tuziladi

Taqiqlangan tashkilotlarga adashib kirib qolgan fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasi tuziladi.

Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida boʻlgan, oʻz qilmishining huquqqa xilofligini anglab yetgan va tuzalish yoʻliga oʻtgan fuqarolarga Vataniga, oilasi bagʻriga, tinch hayotga qaytish imkonini berish maqsadida, shuningdek, insonparvarlik prinsiplariga asoslangan holda terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasituziladi.

2018-yil 1-noyabrdan terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar (keyingi oʻrinlarda – taqiqlangan tashkilotlar) tarkibiga adashib kirib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Komissiya xulosasiga asosan jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” Farmonida aytilgan.

Saytimizni kuzatib boring, Farmonning toʻliq matni tez orada OʻzA saytida eʼlon qilinadi.

1 798
OʻzA