O‘zA O`zbek

26.05.2020 Chop etish versiyasi

Adabiyot yashasa – millat yashar

Adabiyot yashasa – millat yashar

Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida Abdulhamid Choʻlpon hayoti va ijodiga bagʻishlab “Adabiyot yashasa – millat yashar” mavzuida davra suhbati tashkil etildi. Maskandagi adib haykali poyida sheʼriyat va adabiyot ixlosmandlari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasida taʼlim olayotgan kursant oʻgʻil-qizlar yigʻildi.

Yaqinda muhtaram Prezidentimiz ziyolilar bilan uchrashuvi chogʻida ushbu xiyobonni adabiyot, maʼrifat va madaniyat maskaniga aylantirish, har bir adib haykalini muayyan oliy oʻquv yurtiga biriktirib, bu yerda ochiq darslar, maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish, adiblar ijodini chuqur oʻrganish, ularning ibratli umr yoʻllari haqida kitoblar va filmlar yaratish, yangi asarlar yozish boʻyicha muhim tavsiyalarni oʻrtaga tashlagan edi.

Taraqqiyparvar adib Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon ham adabiyotimizning zabardast namoyondalaridan biri edi. U oʻzining otashin sheʼrlari, asarlari bilan millatimiz dardi va ruhini kuyunchaklik bilan qalamga oldi. Zulm va istibdod ostida qolgan xalqni ozodlik va hurlik sari birlashishga, maʼnaviyatimiz ildiziga bolta urayotgan illatlardan xalos boʻlishga daʼvat etdi.“Adabiyot yashasa – millat yashar. Adabiyoti oʻlmagʻon va adabiyotining taraqqiysiga chalishmagan va adiblar yetishdirmagʻon millat oxiri bir kun hissiyotdan, oʻydan, fikrdan mahrum qolub, sekin-sekin inqiroz boʻlur. Muni inkor qilib boʻlmas”, degan edi u.

Davra suhbatida Choʻlpon shaxsiyati va ijodining adabiyotimiz ravnaqidagi oʻrni haqida soʻz bordi. Shoir sheʼrlaridan, asarlaridan parchalar oʻqildi. Kursant yoshlar tomonidan adib hayotini sahnalashtirish, turdosh oliy taʼlim muassasalari bilan birgalikda insholar tanlovini oʻtkazish, adabiy kecha va maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar tashkil etish boʻyicha qator tashabbuslar ilgari surildi.

Jamshid XOLOV,
katta leytenant

12 813
O'zA