O‘zA O`zbek

08.09.2018 13:56 Chop etish versiyasi

Abu Rayhon Beruniyga haykal oʻrnatildi

Abu Rayhon Beruniyga haykal oʻrnatildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanida tavalludining 1045 yilligi munosabati bilan buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyga haykal oʻrnatildi. 

1.jpg

“Buyuk qomusiy olimning innovatsion gʻoyalari va jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi” mavzusida ilmiy-nazariy anjuman ham boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimiz va xorijiy davlatlardan olimlar, shoir va yozuvchilar, jamoat arboblari ishtirok etdi.

2.jpg

Abu Rayhon Beruniy ramziy qabriga gul qoʻyilib, qurʼon tilovat qilindi. Abu Rayhon Beruniyning yangi haykali tantanali ochildi.

Zamonaviy ilmda Amerikani ilk bor kashf etgan, deya talqin qilinayotgan oʻrta asrning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy 973 yilda Xorazmning qadimgi poytaxti Qot shahrida (hozirgi Beruniy tumani hududida) tugʻilgan.

Yoshligidan ilmga mehr qoʻygan bobokalonimiz Xorazmda yashagan davrida muhim astronomik kuzatishlar oʻtkazgan. Buning uchun oʻzi astronomik asboblar ixtiro qilgan. 22 yoshidan Kaspiy dengizining janubi-sharqiy sohilidagi Jurjon shahrida yashagan. U “Osorul-boqiya anil-qurunil-xoliya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asarini Jurjonda yozgan. Bu asar Beruniyga juda katta shuhrat keltirgan. Bundan tashqari, Jurjonda astronomiya, metrologiya tarixiga oid 10 dan ortiq asar yozgan. Beruniy Xorazmning yangi hukmdori Abu Abbos Maʼmun II ibn Maʼmun tomonidan mamlakatning yangi poytaxti Urganchga chaqirtiriladi. Beruniy Urganchda Maʼmunning bevosita rahnamoligida vujudga kelgan ilmiy markazda faoliyat koʻrsatadi. Beruniy shoh Maʼmun II ning eng yaqin maslahatchisi sifatida mamlakatning siyosiy ishlarida ham faol qatnashadi.

1017–1048-yillar Beruniy ilmiy faoliyati uchun eng mahsuldor davr boʻldi. “Xorazmning mashhur kishilari”, “Turar joylar orasidagi masofani tekshirish uchun joylarning oxirgi chegaralarini aniqlash” – “Geodeziya”, “Munajjimlik sanʼatidan boshlangʻich tushunchalar” asarlari shu davrda yozilgan. Beruniy ona tilidan tashqari yana bir qancha tillarni: arab, soʻgʻdiy, fors, suryoniy, yunon va qadimgi yahudiy tillarini, keyinchalik Hindistonda sanskrit tilini oʻrganadi.

Beruniyning “Hindiston” nomli mashhur yirik asari “Hindlarning aqlga sigʻadigan va sigʻmaydigan taʼlimotlarini aniqlash kitobi” nomi bilan 1030 yilda yozilgan boʻlib, bu shoh asar Gʻarb va Sharq olimlari, shu jumladan, hozirgi zamon xind olimlari tomonidan yuksak baholangan.

Astronomiya, astrologiya, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, geografiya, arifmetika, tibbiyot, farmakologiya, tarix, filologiya masalalariga oid qator risolalar yaratgan olimni AQSHdagi Jon Xopkins universiteti professori, Markaziy Osiyo va Kavkaz tadqiqotlari instituti taʼsischi direktori Frederik Starr “oʻz darsxona-hujrasini tark etmagan holda Kolumbdan bir necha asr avval Yangi Dunyoni, yaʼni Amerikani kashf etgan” deb olamshumul yangilikni oʻrtaga tashladi.

“Beruniy Yer aylanasini oʻlchashda qoʻllangan uslub bugungi kundagi zamonaviy texnikalar qoʻllab aniqlangan natijadan bor-yoʻgʻi 10,44 mil farq qiladi, xolos”, - deydi amerikalik mashhur olim oʻzining “History Today” jurnalining 2013 yil 12-sonida nashr etilgan “Amerikani kim kashf etgan?” maqolasida.

“Beruniy “Masʼudiy Qonuni” asarida quyosh oʻz oʻrnida sobit ekanligi va yer uning atrofida aylanishi haqidagi nazariyani ilgari surdi. U toʻliq gelionsentrik dunyoqarash fikriga yaqin keldi, geliotsentrik borliq tushunchasi boshqa variantlardan mantiqiy jihatdan kam emasligini taʼkidlab, matematiklar va astronomlardan ushbu fikrni yo rad etishni yoki qabul qilishni talab qildi. Ajablanarli emaski, “Masʼudiy Qonuni” soʻnggi oʻrta asr va hozirgi zamon oraligʻidagi davrning eng buyuk asarlaridan hisoblanadi. Beruniyning “Masʼudiy Qonuni”da Shimoliy va Janubiy Amerika mavjudligi haqida taxmin qilingan” deyiladi mazkur maqolada.

Ilmiy-nazariy anjumanda olimlar shu va buyuk alloma toʻgʻrisidagi boshqa qiziqarli ilmiy maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

Tumanda shu kuni “Yoshlar markazi” binosi ham foydalanishga topshirildi. Bu markaz buyuk allomaning ilmiy, madaniy merosini oʻrganuvchi yoshlarni ham oʻz bagʻriga qamragan. Buyuk bobokalonimiz hurmatiga Beruniy tumanida “Beruniy avlodlari” jamgʻarmasi tashkil etilgan. Jamgʻarma tomonidan ulugʻ olim va allomalarning ilmiy merosi bilan shugʻullanuvchi yoshlar, olim va jurnalistlar moddiy ragʻbatlantirilib kelinmoqda. Jamgʻarma taʼsischiligida “Tamaddun nuri” jurnali ham tashkil etilgan.

Buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1045 yilligi munosabati bilan oʻtkazilayotgan tadbirlar tuman markazidagi amfiteatrda madaniyat va sanʼat arboblarining konsert dasturi bilan davom etdi.

Y. Qanoatov, OʻzA
5 869