O‘zA O`zbek

22.09.2019 Chop etish versiyasi

Abu Ali ibn Sino va zamonaviy tibbiyot

Abu Ali ibn Sino va zamonaviy tibbiyot

Buxoroda anʼanaviy Ibn Sino oʻqishlari maqomida boʻlib oʻtgan ikki kunlik xalqaro ilmiy-amaliy anjuman shu mavzuga bagʻishlandi.

Abu Ali ibn Sino jamoat fondi, Buxoro viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Oʻzbekiston, Germaniya, Rossiya, Isroil, Bangladesh, Tojikiston, Qirgʻiziston, Hindiston kabi mamlakatlardan tibbiyot sohasining yetakchi olimlari va mutaxassislari qatnashdi.

Anjuman ishtirokchilari dastavval buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino tavallud topgan Peshkoʻ tumanidagi Afshona qishlogʻida boʻlib, uning haykali poyiga guldastalar qoʻydi. Ibn Sino muzeyi bilan ham tanishdi.

Oʻzbekiston zamini jahon tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan allomalarga beshik boʻlgan. Abu Ali ibn Sino shunday zotlardan biri. Dunyoda benazir qomusiy olim sifatida tanilgan bu allomani tibbiyot ilmining sultoni, deb bilishadi.

Maʼlumotlarga qaraganda daho ajdodimiz turli fanlarga taalluqli 450 dan ziyod, jumladan tibbiyotga oid 43 ta asar yaratgan. Ammo ularning atigi 160 tasi bizgacha yetib kelgan.Tibbiyotga oid asarlarining eng mashhuri besh kitobdan iborat “Tib qonunlari”dir. Bu asar qariyb 8 asr mobaynida Yevropadagi universitetlarda tibbiyot taʼlimi yoʻnalishida darslik sifatida oʻqitilib kelingan.

“Tib qonunlari” yaratilganiga necha yuz yillab vaqt oʻtganiga qaramay, hozirda ham ulkan ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. U bugungi tibbiyotning istalgan sohasi uchun oʻziga xos qoʻllanma hisoblanadi.

– Fondimiz ulugʻ bobokalonimizning boy merosini oʻrganish va targʻib qilish yoʻlida samarali faoliyat yuritmoqda,– deydi Abu Ali ibn Sino jamoat fondi direktori Nozimxon Mahmudov. – Biz mamlakatimiz tarixchi va sharqshunos olimlari, boshqa ilmiy muassasalar bilan bir qatorda Eron, Turkiya, Fransiya, Hindiston, Isroil kabi davlatlarda Ibn Sino merosini tadqiq etayotgan turli fondlar hamda tuzilmalar bilan ham yaqindan hamkorlik qilyapmiz. Bu borada albatta tajriba almashish, yechimini kutayotgan dolzarb vazifalarni birgalikda hal etish yoʻllarini izlash juda muhim. Mazkur xalqaro anjuman ayni shu maqsadga xizmat qiladi.

Ilmiy-amaliy konferensiyaning yalpi yigʻilishida Hindistondagi Ibn Sino akademiyasi Prezidenti professor Said Zillur Raxmen, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori A.Inoyatov, rossiyalik jarroh S.Markadeyev, Isroildagi Abu Ali ibn Sino xalqaro fondi prezidenti M.Sach,Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi professori S.Aslonova va boshqalarning chiqishlari buyuk ajdodimizning zamonaviy tibbiyotga qoʻshgan hissasi va zamonaviy tibbiyotning dolzarb muammolariga bagʻishlandi.

“Tib qonunlari”– bebaho asar. U barcha zamonlarda dolzarbdir. Masalan, uning ikkinchi kitobini hozirgi zamon ichki kasalliklarini propedevtikasi darsligiga tenglashtirishlari bejiz emas. Yoki buyuk hakim tomonidan ishlab chiqilgan 800 ta dorivor oʻsimlikdan dori preparatlari tayyorlash usullari hozirda ham deyarli amalda.

Anjumanda Abu Ali ibn Sino talqinidagi sakta yaʼni miyaga qon quyilishi kasalligi, uning zamonaviy diagnostikasi va davolash usullari, koʻrish organining tomir aterosklerozini tashxislashning zamonaviy jihatlari va ulugʻ allomaning oftalmologiya rivojiga qoʻshgan hissasi, surunkali gepatitlar diyetoterapiyasida parhez, yuz falajini davolashda Ibn Sino tavsiyalari, uning taʼlimotida aromatoterapiya kabi masalalar ham diqqat eʼtiborda boʻldi.

– Bizda ulugʻ ajdodlaringiz merosiga, jumladan Yevropada Avitsenna nomi bilan mashhur hakimlar sultoni asarlariga qiziqish katta,– deydi Hindistondagi Abu Ali ibn Sino akademiyasi prezidenti, Aligarx islom universiteti professori Said Zullur Raxmen. – “Tib qonunlari”ga olimlar qayta- qayta murojaat qilishadi. Yana bir jihatni alohida taʼkidlashni istardim.Akademiyamizda ikkita kutubxona boʻlib, ularda Ibn Sinoning turli davrlarda koʻchirilgan qoʻlyozmalari va nashr qilingan asarlari, shuningdek, bu daho alloma hayoti va kitoblari haqida bosilgan bir necha ming jurnallar saqlanib kelinmoqda. Bu katta boylikdan talabalar, tadqiqotchilar foydalanmoqda.

Yalpi yigʻilishdan soʻng xalqaro anjuman “Xalq tabobati”, “Farmatsevtika” va Sogʻlom turmush tarzi” shoʻbalarida oʻz ishini davom ettirdi.

Xalqaro anjuman doirasida mamlakatimiz yetakchi shifokorlari va ularningxorijiy hamkasblari viloyat markazidagi qator davolash muassasalarida boʻlib, bemorlarga tekin maslahatlar berish barobarida yosh shifokorlarga mahorat darslari ham oʻtishdi. Bu anjumanning amaliy jihatlaridan biri boʻldi.

Anjumanda Abu Ali ibn Sino jamoat fondi qoshida tashkil etilgan ilmiy guruh tomonidan ulugʻ ajdodimiz qalamiga mansub qator asarlar arab tilidan tarjima qilinib, nashrga tayyorlangani taʼkidlandi. Abu Ali ibn Sino kitoblariga oid 5 ta tilda terminologik lugʻat ham chop etishga taxt. Ammo ularni nashr etish uchun mablagʻ yoʻq. Kelgusi yil Abu Ali ibn Sino tavalludiga 1040-yil toʻladi. Shu sanaga bagʻishlangan Ibn Sinoshunoslarning birinchi xalqaro kongressi oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Agar jamoat fondi tashabbusi bilan tayyorlangan asarlar chop etilsa, buyuk bobokalonimiz tavallud sanasiga munosib toʻyona boʻlar edi.

photo_2019-09-22_15-21-57.jpg

photo_2019-09-22_15-21-59.jpg

photo_2019-09-22_15-21-58 (2).jpg

6 160
Erkin YODGOROV, Toxir ISTATOV (surat), OʻzA