O‘zA O`zbek

24.08.2018 12:47 Chop etish versiyasi

Abituriyentlarning uzogʻi yaqin, mushkuli oson boʻldimi?

Abituriyentlarning uzogʻi yaqin, mushkuli oson boʻldimi?
2018-2019 oʻquv yili uchun Toshkent davlat yuridik universitetiga oʻqishga kirish uchun abituriyentlardan hujjat qabul qilish Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirildi

Prezidentimizning 2018-yil 11-apreldagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, joriy yilning 1-iyunidan Davlat xizmatlari markazlari orqali tajriba tariqasida talab yuqori boʻlgan 70 dan ortiq turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatish joriy etilgan edi. Jumladan, 2018-2019 oʻquv yili uchun Toshkent davlat yuridik universitetiga oʻqishga kirish uchun abituriyentlardan hujjat qabul qilish Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirildi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad oliy maʻlumot olish istagida boʻlgan yoshlarga qulaylik yaratish, xizmat koʻrsatish tartibini soddalashtirishdan iboratdir.

Ushbu turdagi xizmatni koʻrsatish boʻyicha maʻmuriy reglament ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Unga koʻra, xizmatdan foydalanish uchun abituriyentlar respublikamizning qaysi hududida doimiy roʻyxatda turishidan qatʻi nazar, Xalq qabulxonalari huzurida faoliyat yuritayotgan 201 ta Davlat xizmatlari markazlaridan istalgan biriga borib pasport, oʻrta yoki oʻrta maxsus maʻlumotni tasdiqlovchi hujjat (agar mavjud boʻlsa, toʻliq davlat taʻminotidagi yetim bolalar va I-guruh koʻzi ojiz nogironlar ushbu holatni tasdiqlovchi hujjat, xalqaro tanlov yoki olimpiada gʻolibi ekanligini tasdiqlovchi hujjat, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolar harbiy qism qoʻmondonligining tegishli tavsiyanomasi)ni Markaz xodimiga taqdim etishi belgilandi. Taqdim etilgan hujjatlarning asl nusxasidagi abituriyent shaxsiga oid maʻlumotlar Davlat test markazi elektron maʻlumotlar bazasiga Markaz tomonidan kiritildi. Abituriyentlar shu yerning oʻzida maxsus qurilma yordamida suratga olindi. Hujjatlarning asl nusxalari egasiga qaytarildi. Xizmatlar bepul amalga oshirilishi taʻminlandi.

Endi Toshkent davlat yuridik universitetining qabul komissiyasi abituriyentlarga Davlat xizmatlari markazi orqali berilgan Davlat test markazi blankasini tekshiradi hamda ularning pasportidagi biometrik maʻlumotlarini maxsus skaner orqali nazoratdan oʻtkazadi, barmoq izlarini oladi va shundan soʻng tegishli ruxsatnomani beradi. Abituriyentlar 29-31-iyul kunlari oʻzlariga tegishli ruxsatnomani olish uchun Toshkent davlat yuridik universitetining qabul komissiyasiga shaxsan murojaat etadi.

Mazkur yangi tartib Toshkent davlat yuridik universitetining magistraturasiga oʻqishga kirish uchun hujjatlarni topshirishga, shuningdek, Toshkent davlat yuridik universitetining bakalavriatiga hujjat topshiruvchi xorijiy fuqarolarga, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmadi.

2017-2018 oʻquv yilida Toshkent davlat yuridik universitetiga 6132 nafar abituriyent hujjat topshirgan boʻlsa, 2018-2019 oʻquv yilida jami 7057 nafar hujjat topshirildi. Shundan 7050 nafari Davlat xizmatlari markazlari orqali, 7 nafari (fuqaroligi boʻlmagan shaxslar) universitet qabul komissiyasiga bevosita hujjat topshirgan. Jizzax viloyatidan 355, Navoiy viloyatidan 168, Namangandan 604, Surxondaryodan 295, Samarqanddan 499, Toshkent shahridan 2422, Toshkent viloyatidan 633, Sirdaryodan 250, Xorazmdan 609, Andijondan 405, Fargʻonadan 583, Qashqadaryodan 427, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan 69, Buxoro viloyatidan 231 nafar abituriyent hujjat topshirgan.

Ushbu xizmatning Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilishi mamlakatimiz fuqarolariga har jihatdan qulay imkoniyatlarni taqdim etdi. Tasdiqlangan vaqtinchalik reglamentga asosan, abituriyentlardan shu vaqtga qadar talab etib kelingan bir qator hujjatlar qisqartirildi. Jumladan, 086-shakldagi tibbiy maʻlumotnoma, yashash joyidan maʻlumotnoma, fotosurat va konvert, papka-jild kabilarni taqdim etish talabi bekor qilindi. Ana shu hujjatlarni tayyorlash uchun 1 abituriyent 40 ming soʻmdan ortiq pul va deyarli bir hafta vaqt sarflar edi. Davlat xizmatlari markazlari orqali bepul xizmat koʻrsatilgani va talab qilinadigan hujjatlar qisqartirilganining oʻzi abituriyentlarning qariyb 290 million soʻm mablagʻi va qimmatli vaqtlari tejab qolinishiga imkoniyat yaratdi.

Hujjat topshirish uchun Toshkentga kelib-ketish bilan bogʻliq xarajatlar esa undan ham koʻp. Misol uchun, Qoraqalpogʻiston Respublikasi markazidan Toshkentga kelib-ketish uchun bir abituriyent eng arzon transport vositasi, mehmonxona, oziq-ovqat uchun oʻrtacha 500 ming soʻm xarajat qilishi maʻlum boʻldi. Surxondaryolik abituriyent 350 ming soʻm, fargʻonalik 300 ming soʻm, xorazmlik 440 ming soʻm sarflaydi va hokazo. Barcha hududlardan keluvchi 7 mingdan ortiq abituriyentlarning poytaxtga kelib-ketish va ortiqcha hujjatlar uchun oʻrtacha sarf-xarajatlari 1,5 milliard soʻmdan ortiq (1.558.395000 soʻm) mablagʻni tashkil etadi. Har bir abituriyentga bittadan yoʻl boshlovchi hamroh qoʻshilishini hisobga olsak, ushbu xarajatlar yana qariyb ikki barobarga ortadi. Bu yil TDYUUga hujjat topshirgan yurtdoshlarimizning ana shuncha mablagʻi oʻzlarida qoldi. Kelgusi yili barcha oliy taʻlim muassasalariga hujjatlar DXMlar orqali qabul qilinishi yoʻlga qoʻyilsa, fuqarolarning yana necha-necha milliardlab mablagʻlari tejab qolinishiga shak-shubha yoʻq. Davlatimiz tomonidan fuqarolarga qulay sharoitlar yaratish, moddiy va maʻnaviy qoʻllab-quvvatlash borasida mana shunday jiddiy saʻy-harakatlar olib borilmoqda.

Biroq, bu jarayonlar oson kechmayotganligi ham bor gap. Chunonchi, bu yil abituriyentlardan hujjat qabul qilish ishlarini soddalashtirish va osonlashtirish sinov tariqasida faqat Toshkent davlat yuridik universiteti uchun tatbiq etilgan boʻlsa, kelgusi yil barcha oliy taʻlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun Markazlar orqali hujjat qabul qilish koʻzda tutilmoqda. Bu esa kelgusi yilgacha jiddiy tayyorgarlik koʻrish, aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralarini belgilashni taqozo qiladi. Yaʻni, bu yil Markazlar orqali hujjat qabul qilish jarayonida bir qator muammolar mavjudligi koʻzga tashlandi. Xususan, DTM bazasiga maʻlumotlar kiritilishida internet tezligining pastligi hujjatlarni qabul qilishda koʻp vaqt sarflashga sabab boʻlgan.

2017-yilda Markazlar orqali faqat yuridik shaxslarga 32 turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilgani bois murojaat qiluvchilar bir kunda oʻrtacha 20-40 nafarni tashkil etgan boʻlsa, bu yil xizmatlar turi 100 taga yetkazilib, ham yuridik, ham jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilgani tufayli aholi oqimi 350-600 nafarga yetdi. Shuning uchun ham amaldagi xizmat binolari sigʻimi bugungi kun talabiga javob bera olmay qolgan. Shundan kelib chiqib, innovatsion, zamonaviy binolar barpo etish zarurati vujudga kelmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda 3 ta zamonaviy Davlat xizmatlari markazlari binolari barpo etilgan boʻlib, yana 31 ta Markaz uchun bino qurish boʻyicha ishlar boshlangan.

Shuningdek, Markazlarga oʻrnatilgan maxsus foto qurilma yordamida tushirilgan suratlar DTM talabiga javob bermaganligi sababli ayrim hollarda abituriyentni qaytadan suratga olishga toʻgʻri kelgan. Shunday ekan, Markazlarni zamonaviy suratga olish uskunalari bilan taʻminlash zarur.

Yana bir muammo, 2019-yilda barcha oliy taʻlim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlar qabul qilishning Markazlar orqali amalga oshirilishi bu yerda xizmat koʻrsatuvchi xodimlar sonini koʻpaytirishni taqozo etadi. Masalan, bitta tumandagi Davlat xizmatlari markazida 13 nafargacha xodim faoliyat olib boradi. Fuqarolar va tadbirkorlarga bir kunda oʻrtacha 800 ga yaqin xizmatlar koʻrsatilishi va bir xodim 60 dan ortiq kishining murojaati bilan ishlashiga toʻgʻri kelishini inobatga olsak, bunga xodimlarning ulgura olmasligi oʻz-oʻzidan ayon boʻladi. Qolaversa, Davlat xizmatlari markazlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarga aholining talabi kundan-kunga ortib borayotgani hech kimga sir emas.

Shu kabi muammolar oʻz vaqtida hal etilib, xizmatlar sifati oshirilib, Davlat xizmatlari markazlariga murojaat etuvchilarga tezkor, qulay va shaffof xizmatlar taqdim etib borilsa, bu xalqimiz uchun ham, davlatimiz uchun ham benihoya foydalidir.

OʻzA
2 957