O‘zA O`zbek

01.08.2018 18:00 Chop etish versiyasi

Abituriyentlarning test topshirish marafoni davom etmoqda

Abituriyentlarning test topshirish marafoni davom etmoqda Joriy yilgi 1 avgust test sinovlari Poytaxtimizdagi Respublika olimpiya zaxiralari kollejidagi sport komplekslarida ham yuqori saviyada tashkil etildi.

Mazkur ta’lim dargohida soat 15:00da ikkinchi smenadagi oliy ta’lim dargohlarining bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha test sinovlari marafoni boshlandi. Unda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetlarining qabul bo‘limiga talaba bo‘lish istagida ariza topshirgan yoshlar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

6 (2).JPG

– Binolarda abituriyentlarning test topshirishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi, – deydi Davlat test markazi bo‘lim boshlig‘i Elvira Urayeva. – Test sinovlarini boshlashdan oldin mutaxassislar tomonidan yoshlarga barcha qoidalar tushuntirilib, zarur tavsiyalar berildi. Endi faqat ulardan talab qilinadigani o‘z bilimini ko‘rsatishdir. Bilimli, o‘z kuchiga ishongan abituriyentlar, albatta, yangi o‘quv yilida talaba bo‘lish baxtiga erishadi.

Bundan tashqari, test sinovlari paytida shifokorlar tomonidan maxsus tibbiy yordam xonalari ham tayyorlandi. Farzandlari bilan birga kelgan ota-onalar esa maxsus manitorlar orqali test sinovlarini bevosita kuzatib bordi.

Bolaligimdan iqtisodchi bo‘lishni qat’iy maqsad qilganman, – deydi toshkentlik Ilyos Qahhorov. – Bu yil Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi Chilonzor akademik litseyini tamomladim. O‘tgan vaqt davomida ustozlarimdan sohaga oid zarur bilimlarni oldim. Test sinovlarida barcha fanlardan o‘zimiz biladigan mavzularda savollar, masalalar tushdi. Ularni imkon qadar to‘g‘ri yechishga harakat qildim. Nasib qilsa men ham talaba bo‘laman.

Abdulaziz Musayev, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
3 042