O‘zA O`zbek

25.05.2019 08:57 Chop etish versiyasi

Abituriyentlarning huquq va majburiyatlari nimalardan iborat?

Abituriyentlarning huquq va majburiyatlari nimalardan iborat?

Milliy matbuot markazida Davlat test markazi rahbariyati ishtirokida “Test topshiriqlarining huquq va majburiyatlari hamda abituriyentlar uchun yaratilgan imkoniyatlar” mavzuida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. 

Anjumanda maʼlum qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 14-maydagi qaroriga muvofiq abituriyentlar bir qancha huquqlarga ega. 

DTM mutasaddilarining taʼkidlashicha, 2019/2020 oʻquv yili qabulidan boshlab abituriyentlar oʻqishga kirish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish, joriy oʻquv yilidan boshlab abituriyentga oʻzi roʻyxatdan oʻtadigan, aniqrogʻi, doimiy istiqomat qiladigan joyida yoki boshqa qulay deb bilgan hududda test sinovida ishtirok etish huquqiga ega. Bu ortiqcha vaqt, mablagʻ sarflanishining oldini oladi. 

Shuningdek, abituriyent bir vaqtning oʻzida oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishda fanlar majmuasi ketma-ketligi bir xil boʻlgan jami uchta bakalavriat taʼlim yoʻnalishida tanlovda ishtirok etishi mumkin. Bunda taʼlim yoʻnalishini tanlashda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasining mosligi eʼtiborga olinadi. 

– Abituriyent test sinovlari oʻtkaziladigan kuni pasporti va DTM ruxsatnomasi bilan belgilangan joyga koʻrsatilgan vaqtdan kechikmay kelishi shart, – dedi DTM boshqarma boshligʻi Diyorbek Qoʻchqorov. – Bundan tashqari abituriyent test topshiriqlari kitobi va oʻziga tegishli javoblar varaqasini tekshirishi, test materiallari nuqsonsizligiga ishonch hosil qilishi, biron kamchilik aniqlangan taqdirda darhol guruh nazoratchisiga xabar berishi, javoblar varaqasi toʻgʻri toʻldirilishini taʼminlashi kabi qoidalarga soʻzsiz amal qilishi kerak. 

Tadbirda abituriyentlar huquqlari haqida ham toʻxtalib oʻtildi. 

Taʼkidlanishicha, chet tilini bilish darajasi boʻyicha tegishli sertifikatga ega abituriyentlar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Bunda 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlaridan toʻliq foydalanish, milliy yoki xalqaro sertifikatlar asosida kirish test sinovlarida ishtirok etmay tegishli chet tili fanidan maksimal ballga ega boʻlishi, chet tilini bilish darajasi boʻyicha tegishli sertifikatga ega abituriyentlar sertifikatlarning amal qilish muddati davomida test sinovlari jarayonlarida tegishli imtiyozlardan foydalanish kabi huquqlarga ega. 

Test sinovlari natijasidan norozi boʻlgan abituriyentlar belgilangan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berishi mumkin.

Inobat Ahatova, OʻzA
4 496