O‘zA O`zbek

08.06.2018 17:16 Chop etish versiyasi

Abituriyentlar institut faoliyati va undagi o‘quv jarayonlari bilan tanishdi

Abituriyentlar institut faoliyati va undagi o‘quv jarayonlari bilan tanishdi
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Talaba-yoshlar ijodiyoti” ko‘rik-festivali hamda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, elimiz ardog‘idagi san’atkorlar, ta’lim muassasasi o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi. Unda abituriyentlar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari mazkur oliygoh faoliyati va undagi o‘quv jarayonlari bilan tanishdi.

– Bu festival o‘z mahoratimizni keng jamoatchilikka namoyish qilishimizga imkon beradi, – deydi institutning to‘rtinchi bosqich talabasi Doniyor Karimjonov. – Ochilish marosimida Farid al-Atrashning “Arab tangosi” qo‘shig‘ini ijro etdim. Dars vaqtida odatdagi ijro bilan katta sahnada mahoratli ustoz aktyorlar oldida kuylashning farqi bor ekan. Bu o‘zgacha his-hayajon va mas’uliyat yuklaydi. Ustozlarimizning bizga beradigan bahosi kelgusi faoliyatimizda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

An’anaviy festival joriy yilning 30 iyun kuniga qadar davom etadi. Unda bitiruvchi talabalarning rang-barang sahna asarlari, kino, televideniye, san’atshunoslik, dramaturgiya, musiqa va boshqa yo‘nalishlardagi ijod namunalari namoyish etiladi. Ko‘rik-festivalga taqdim etilgan ishlarni taniqli olimlar, el ardog‘idagi san’atkorlardan iborat hakamlar hay’ati baholaydi.

Bu yilgi festival Shekspirning “Gamlet” asari asosida institutning dramatik teatr va kino aktyorligi ta’lim yo‘nalishi bitiruvchi talabalari sahnalashtirgan spektakl namoyishi bilan boshlandi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 491