O‘zA O`zbek

08.08.2018 15:39 Chop etish versiyasi

Abdulla Qahhorning “Bemor” hikoyasida xudosizlik targ‘ib qilingan

Abdulla Qahhorning “Bemor” hikoyasida xudosizlik targ‘ib qilingan
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning “Odamiylik mulki” asarida yozuvchi Abdulla Qahhorning “Bemor” nomli hikoyasida xudosizlik targ‘ib qilingan degan fikrni aytgan.

01.JPGMuallifdan bu borada fikrlarini batafsilroq so‘raganimizda adib shunday javob berdi:

– Abdulla Qahhor yozuvchi sifatida nihoyatda mahoratli. Abdulla Qodiriy so‘zga qanday nuktadon bo‘lgan bo‘lsalar, Qahhorda ham bu sifat kuchli va u aytmoqchi bo‘lgan fikrlarini ochiq-oshkor bildirmagan. Masalan, siz aytayotgan “Bemor” hikoyasini olsak, unda bir ayol og‘ir kasal bo‘lib yotibdi. Kinnachilar, mullalar dam solib yotishibdi. Shunda bemor ayolning bolasiga qarata: “Sen Xudodan o‘tinib so‘ra, yosh bolaning duosi qabul” deyishadi. Bola: “Xudoyo ayamni daydiga davo ber” deyapti, bola uxlab qolgan vaqt onasini joni uzildi. Bolani ko‘tarib olayotgan vaqtda ham uyqusirab: “Xudoyo ayamni daydiga davo ber” deydi. Hikoya shu bilan nihoyasiga yetadi. Bu bilan yozuvchi nima demoqchi? “Xudo yo‘q, bo‘lsa bir bedavoning dardiga nega shifo berolmadi” degan iddaodami?! Bu burungi zamon dinsizlarining hikoyasi – buni bugungi kunda nashr qilishda qayta elakdan o‘tkazish kerak.

– Vaholanki, hikoya maktab adabiyot darsligiga kiritilgan.

– Hozir ham o‘shandagi nodonliklar uchrab turadi. Keyinchalik vaqt hammasini izmiga soladi, albatta. Abdulla Qahhorning “Shohi so‘zana”, “Sarob”, “Sinchalak”, “Qo‘shchinor chiroqlari” kabi asarlari ham partiyaning chaqirig‘iga javob tarzida yozilgan. Bularni qayta nashr qilish masalasida shoshmasdan ish tutish lozim. Ammo filologik nuqtai nazardan talabalar Abdulla Qahhor adabiy mahoratini, yosh yozuvchilar tili va uslubini o‘rganishi kerak.

Inobat Ahatova, O‘zA
4 192