O‘zA O`zbek

17.09.2018 21:02 Chop etish versiyasi

Abdulla Qahhor istiqlol adabiyotshunosligi koʻzgusida

Abdulla Qahhor istiqlol adabiyotshunosligi koʻzgusida Marhabo Qoʻchqorovaning “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan “Abdulla Qahhor istiqlol adabiyotshunosligi koʻzgusida” nomli kitobi Matyoqub Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov va yana bir qancha qahhorshunoslar ishiga qoʻshilgan kichik bir ulushdir. Mazkur yangi tadqiqot Abdulla Qahhor uy-muzeyi arxivida oltin fond sifatida saqlanayotgan yozuvchi qoʻlyozmalari, daftarlari, kundaliklari, turli hujjatlar, maktublar mazmuni, tadqiqi va talqinlari bilan boyitilgan. Abdulla Qahhor tavalludining 111 yilligiga bagʻishlangan monografiyaning mazmun va mundarijasi oʻquvchilar uchun qiziqarli va foydalidir.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Abdulla Qahhor uy-muzeyi hamda Madaniyat va sanʼat koʻrgazmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbir ushbu kitob taqdimotiga bagʻishlandi.

Tadbirda yozuvchi-shoirlar, talaba-yoshlar, sanʼatkorlar ishtirok etdi. Ardoqli yozuvchimizning “Sarob”, “Qoʻshchinor chiroqlari” romanlaridan tortib yuzga yaqin hikoyalari, “Qotilning tugʻilishi”, “Oltin yulduz”, “Sinchalak”, “Muhabbat”, “Zilzila” qissalari-yu goʻzal badiiy publitsistik hikoyalarining barcha-barchasi xalqimiz qalbidan chuqur oʻrin olgani eʼtirof etildi.

– Abdulla Qahhor haqida oʻzbek adabiyotshunosligida ham, xorijda ham koʻp tadqiqotlar amalga oshirilgan, – deydi Marhabo Qoʻchqorova. – Oʻylaymanki, har bir yangi tadqiqot oʻz oʻrnini topadi. Maqsadimiz Abdulla Qahhor ijodiy laboratoriyasiga adib uy-muzeyida saqlanayotgan qator hujjatlar – kundaliklar, qoʻlyozmalar, daftarlar, maktublar, telegrammalar asosida kichik boʻlsa-da, yangi bir fikr aytishdir.

Tadqiqotda Abdulla Qahhorning avtobiografik asari – “Oʻtmishdan ertaklar”dagi biografik va ruhiy detallar uning oʻnlab hikoyalari syujetiga aylangani aniq misollar bilan tahlil etilgan. Shuningdek, mazkur qissada nomlari tilga olingan real, tarixiy kishilarning kun kelib Abdulla Qahhor adabiy qahramonlariga aylanganini hujjatlar, dalillar bilan isbotlashga harakat qilingan. Shu kungacha Abdulla Qahhor ijodiga goh Chexov, goh Maksim Gorkiy, goh Jek London kabi mashhur adiblarning ijodiy-ijobiy taʼsirlari xususidagi fikrlarni inkor etmagan holda, Abdulla Qodiriy asarlari ham katta taʼsir koʻrsatganini aytish joiz. Kitobdagi shunga oʻxshash tahlillar tadqiqot samarasini oshirgan.

Mohigul Qosimova, Aʼlo Abdullayev (surat) OʻzA
1 431