Bu ochiqko‘ngil ayol bilan gaplashsangiz, har bir so‘zi yurakdan chiqib, ko‘ngildan joy oladi.
Bu ochiqko‘ngil ayol bilan gaplashsangiz, har bir so‘zi yurakdan chiqib, ko‘ngildan joy oladi. U xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripovning singlisi Bibisora Oripova.
Suhbatimizning ilk daqiqalaridanoq bolalik yillari, ota-onasi, akasi haqida to‘lqinlanib xotiralay boshladi.
– Abdulla akam mendan to‘rt yosh katta edilar, – deydi Bibisora opa. – Kichikligimizdan akamning hazil she’rlar aytib bizni kuldirishiga ko‘nikib qolgandik. Sho‘xligimiz oshib ketganida onam kosovni olib quvar, akam esa tomning tepasiga qochib chiqar va shu vaziyatni quvnoq satrlarga solib, aytishda davom etardi. Akamning bu harakatlaridan biz bolalar qotib-qotib kulardik.
Esimni taniganimdan bilardimki, akam o‘qituvchi bo‘lishni juda xohlardi. Kolxoz raisi bo‘lgan otam adabiyotni qadrlagani bois uyimizdan ijodkorlarning qadami uzilmasdi. Bunday davralarda akam mehmonlarga she’r o‘qib berar, otam bundan zavqlanardi. Akamning xotirasi kuchliligidan ko‘p she’rlarni tez va oson yodlab olardi.
Bo‘sh vaqtlarida esa biz bilan maktab-maktab o‘ynashni xo‘sh ko‘rardi. Otamning soliqchi jo‘rasidan qolgan portfelni ko‘tarib, maktab direktori roliga kirardi va bizga saboq berardi. Akam tufayli men va qo‘shni bolalar maktab yoshiga yetmasdan yozuv-chizuvni o‘rgandik. Maktabda o‘qishni juda-juda xohlardim. Biroq, hali yoshim yetmagani uchun maktabga qabul qilishmadi.
Shunda akam meni birinchi sinf o‘quvchilari o‘qiydigan xonaga olib borib, eshikni taqillatdi. Bu vaqtda men uning orqasida mo‘ralab turardim. O‘qituvchi bir menga, bir akamga qiziqish bilan qaradi. Shunda akam: “Ukamni yoshi yetmagani uchun maktabga olishmabdi, lekin o‘qish va yozishni yaxshi biladi”, dedi. O‘qituvchi qarab turdi-da, “Qani sen partaga o‘tir, javoblarini o‘zing ham eshit”, degancha akamni o‘tirg‘izib, menga alifboni tutqazdi.
Harflarni tanimay, hech qiynalmay, biyron-biyron o‘qib berdim. Keyin o‘qituvchi aytgan harf va sonlarni doskaga yozdim. O‘qituvchimiz akamga qarab mehr bilan: “To‘g‘ri, aytibsan, sen o‘rgatdingmi, qoyil”. Shu-shu sinfimda qoldim.
Maktab uyimizdan bir kilometrcha uzoqda. Akam doim meni o‘zi bilan olib yurardi. Biz to‘rt soat, akam 6 soat dars o‘tardi. Boshqa aka, opalarim ham maktabda o‘qisa-da, birga ketish uchun Abdulla akamni sinf eshigini oldida kutardim. Shu qadar kichkina edimki, akam ariqlardan opichlab o‘tkazib qo‘yardi. Shu tariqa akam maktabni bitirguncha birga qatnadim.
Maktabni bitirgach, akamni shaharga o‘qishga ketishi menga hech yoqmadi. Juda yaxshi ko‘rganimdan, ajralishni xohlamadim. Onam ham yaxshi ko‘rganlaridan yonlaridan ketkazgisi kelmas, "uzoqda nima qilasan, qo‘y o‘g‘lim borma, paxta dalasini boshiga qovun ekib, chayla tikib, ona-bola birga yashaymiz. Ana falonchining o‘g‘li mirob bo‘lsa ham yaxshi yuribdi", deb to‘sqinlik qilardilar.
Onamga gap qaytarmasa-da, akam ich- ichidan xafa bo‘lardi, chunki o‘qituvchi bo‘lishni juda istardi-da. Bizdan o‘qishga kirishi uchun duo qilishimizni so‘rardi. Biz akamning o‘quvchilari bir ovozda bu iltimosni bajarardik.
Vaqti kelib, otamning roziligi bilan akam o‘qishga jo‘nab ketdi. Farzandining kelajagi uchun bu ayriliqqa ko‘ngan onam "o‘g‘lim katta odam bo‘ladi", deya tez-tez takrorlab turardilar.
XOTIRALAR YaQINLAShAVERADI
Yoshlik kiprik qoqquncha o‘tdi-ketdi. Tog‘lardan yiroqlashgan sari uning mahobati ko‘z oldingda yanada kengroq namoyon bo‘lganidek, bolalik xotiralari keksayganing sari yorqinlashaverar ekan. Akam so‘nggi yillarini ancha mahzunlikda o‘tkazdi. Goh dard bezovta qilar, gohida hayot...
Samarqandda yashasam-da akamni yo‘qlab Toshkentga ko‘p borardim. Akam ham yo‘ldan o‘tgan-qaytganda, uyimizga kirib, suhbatlashib ketardilar. Akamning ortidan xorijga ham ko‘p marta yo‘qlab borganman. Birinchi marta 40 yoshda Moskva safarida infarkt bo‘lib qolgan edi. Akalarim bilan ko‘rishga borib, yonida qoldim. Keyin birga qaytdik.
Keyinchalik, Turkiyada davolanishiga to‘g‘ri keldi. "Kel", deya chorlaganlarida ortlaridan bir kunda yetib borganman. O‘tgan kunlarni eslab, 2014 yilda menga atab, “Vatan mehri” she’rini yozgan edi.
Xastalikka yo‘liqdim Vatanimdan yiroqda,
Vayron bo‘ldi ming karra shundoq ham vayron ko‘nglim.
Dengizu tog‘lar osha, goh yayov, goh uchoqda
Meni ko‘rgani kelding, Bibisora, jon singlim.
Ellik yil ayro tushgan ikki jigarband misol
Aka singil yig‘lashdik, yelkalarga qo‘yib bosh.
Shu lahza onam ruhi charx urardi ehtimol,
Balki otam arvohi tilardi bizga bardosh.
Noshukurlik yomondir, yashadim-ku harqalay,
Qayga borsam muxlislar bizniki deb atashdi.
Biroq o‘tgan yillarning fe’lin ham aytib o‘tay:
Avvalo qo‘rqitdilar, so‘ngra esa talashdi.
Boylik va amal topish qiyin emas dunyoda,
Jindek chaqqonlik bilan ustakorlik bo‘lsa, bas.
Dushman-ku poylab turar har o‘ru har qiyoda,
Faqatgina chin do‘stni uchratmoq oson emas.
Men ham bir do‘st axtarib, shamol misoli yeldim,
Goho topdim, gohida topolmay chekdim alam.
To‘rt muchaning qadrini yoshim o‘tganda bildim,
Jarohat topdim goho tuyaning ustida ham.
Donishmandlar hayotni aslida sinov deydi,
Bu hikmatni har inson o‘zicha anglar biroq.
Tiriklikda sobit bir mantiq bo‘lsa qaniydi,
Bo‘rilar qolib ketib, qo‘yni sinashar ko‘proq.
Sog‘ayib safingizda yurarman hali men ham,
Oshno bo‘lib she’r degan abadiy bir sehrga.
Yolg‘iz Xudoga soldim, gar birovdan yetsa g‘am,
Lekin mudom talpindim ezgulikka, mehrga.
Kim bo‘libman axir men, mehrga zor-ku bashar,
Chulg‘ab olmish olamni zo‘ravonlik va aqcha.
Oddiy bir to‘p teparga qiyoslab ko‘rsang agar,
Gomer va Tolstoyning narxi bo‘larkan qancha?
Ha, odam bolasi bu, qon qaqshatar dillarni,
Qo‘li hech bo‘shamaydi ig‘vo bilan urushdan.
Ko‘rdim afsus dunyoda hatto shundoq ellarni,
Zavq oladi o‘z birin toptab, yerga urishdan.
Sen Vatanim mehrini keltirding, Bibisora,
Endi oyoqqa turgum sog‘-omon, o‘ynab- kulib.
Bilib qo‘y, bu mehrni topib bo‘lmaydi sira,
Inchunin, u ko‘ringay gohida singil bo‘lib.
Ayni vaqtda Samarqanddagi shahar shifoxonasida ishlash bilan birga zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarni himoya qilishga ixtisoslashgan “Rahmdillik” markazini boshqaraman.
Ko‘plab hayotiy mojarolarni ko‘rishimga to‘g‘ri keladi, ba’zida opa-singilga, aka-ukaga firib beradi. Yomonlik qiladi, joniga qasd qilishga qadar boradi. Ularga achinib ketaman.
Shunday paytlarda mehribon akam ko‘z oldimga keladi. Zero, og‘a-inilik mehri Alloh bergan buyuk ne’matdir.