O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Abdulaziz Komilov XXR Raisi o‘rinbosari bilan muzokaralar o‘tkazdi

Abdulaziz Komilov XXR Raisi o‘rinbosari bilan muzokaralar o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rasmiy tashrif bilan Pekin shahrida bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida A.Komilov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi o‘rinbosari Van Sishan bilan uchrashdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si szinpin va Van Sishan, shuningdek, ular orqali barcha do‘st Xitoy xalqiga eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor masalalari, ularni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Qayd etilganidek, doimiylik kasb etgan oliy darajadagi uchrashuv va muloqotlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston – Xitoy aloqalarini barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlantirish imkonini bermoqda.

Muzokaralarda mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlashda barqaror tendensiya mavjudligi qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, Xitoy 2018 yiilda O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo sherigiga aylandi. Joriy yil so‘nggiga qadar o‘zaro savdo hajmi 8 milliard AQSh dollariga yetishi kutilmoqda.

Uchrashuvda sarmoyaviy soha, transport va kommunikatsiya masalalarini hal qilishdagi hamkorlik, ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashuvlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, Tashqi ishlar vaziri Van Yi bilan muloqotda kun tartibida belgilangan masalalar, ayrim xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Muzokaralar chog‘ida Ikki davlat rahbarlarining Pekin shahridagi “Bir makon, bir yo‘l“ xalqaro forumi, ShHT Bishkek sammiti va Dushanbedagi Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasidagi uchrashuvlari mamlakatlarimiz o‘rtasida keng qamrovli aloqalarni rivojlantirishda yangi sahifa ochgani qayd etildi. Bu, avvalo, savdo, investitsiya sohalarida taraqqiy etayotgan hamkorlik, mintaqalararo madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib borayotganida namoyon.

Tadbirda bu kabi hamkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Janubiy Xitoyning siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ta’lim va madaniy markazi bo‘lgan Guanchjou shahrida O‘zbekiston Bosh konsulxonasini ochish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tashqi faoliyat idoralari rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning Xitoyga, Davlat kengashi Bosh vaziri Li Kesyaning O‘zbekistonga bo‘lajak rasmiy tashriflari kun tartibi va dasturini amaliy ko‘rib chiqishdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash yuzasidan ham fikr almashildi.

2 617
O‘zA