O‘zA O`zbek

22.07.2019 10:59 Chop etish versiyasi

Abdulaziz Komilov AQSH Davlat departamentida muzokaralar oʻtkazdi

Abdulaziz Komilov AQSH Davlat departamentida muzokaralar oʻtkazdi

AQSHga amaliy tashrif bilan kelgan Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Davlat departamentida AQSH davlat kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Devid Xeyl va davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elis Uells bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga koʻra, uchrashuvda Oʻzbekiston – AQSH munosabatlari holati va yanada rivojlantirish istiqbollari toʻgʻrisida fikr almashildi.

Muzokaralarda 2018-yil may oyida mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning AQSHga amalga oshirgan rasmiy tashrifi va Oq uyda Prezident Donald Tramp bilan muzokaralari yakuniga koʻra qabul qilingan “Oʻzbekiston – AQSH: strategik sheriklikning yangi davri” qoʻshma siyosiy bayonotining qoidalarini toʻliq amalga oshirishni taʼminlashga tomonlarning oʻzaro intilishi taʼkidlandi.

Devid Xeyl taʼkidlashicha, Vashingtonda Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlanayotgani qayd etilmoqda, keng koʻlamli aloqalarni yanada mustahkamlash uchun konstruktiv trendni davom ettirish maqsad qilingan.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida turli darajalardagi keng qamrovli aloqalarni jadal rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan Davlat departamentining yuqori lavozimli vakili yaqin kelajakda Oʻzbekistonga tashrif buyurish rejasi haqida maʼlum qildi.

Elis Uells ikki tomonlama munosabatlar istiqbollarini baholar ekan, turli darajadagi aloqalarni jadal rivojlanayotganini qayd etdi. Xususan, soʻnggi 15 yilda ilk bor Oʻzbekiston Mudofaa vazirining joriy yil iyul oyida AQSHga tashrifi, Missisipi shtati gubernatorining mamlakatimizga kelishi alohida taʼkidlandi.

Xususan, muloqotda taʼlim sohasidagi hamkorlikning ustuvor ahamiyati qayd etildi.

AQSH tomoni afgʻonlararo tinchlik muloqoti, Afgʻonistonning iqtisodiy va ijtimoiy tiklanishi mexanizmlarini boshlash, uning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy jarayonlarga jalb qilinishidagi Oʻzbekistonning muhim rolini alohida qayd etdi.

OʻzA
483