O‘zA O`zbek

25.08.2018 10:38 Chop etish versiyasi

Abayda qoʻshaloq bayram

Abayda qoʻshaloq bayram
“Toʻyga – toʻyona bilan“, degan gap bor xalqimizda. Darhaqiqat, mamlakatimizda shonli sanalar arafasida yirik ishlab chiqarish quvvatlari, sanoat korxonalari, yoʻl va koʻpriklar, ijtimoiy soha obyektlari, yangi uy-joylarni foydalanishga topshirish yaxshi anʻanaga aylangan.

Tobora yaqinlashib kelayotgan eng ulugʻ, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami nishonlanadigan joriy yilda bu boradagi ishlar koʻlami yanada kengaygani, bunyodkorlik ishlari chekka-chekka qishloqlarimizga kirib borgani bilan ahamiyatli boʻlmoqda. Jumladan, “Obod qishloq“ Davlat dasturi doirasida qishloq aholisiga koʻrsatilayotgan xizmatlar, ayniqsa, taʻlim va tibbiyot sifatini oshirish maqsadida koʻplab ijtimoiy soha obyektlari foydalanishga topshirilayotir.

Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi Abay nomidagi mahalla fuqarolar yigʻinida ham mazkur dastur ijrosi yuzasidan qishloq oilaviy poliklinikasi va mahallaning yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat va tuman hokimliklari masʻullari, jamoat tashkilotlari vakillari va mahalla faollari ishtirok etdi.

“Obod qishloq“ Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar aholini qiynab kelayotgan muammolarga barham berish, ularning bugungi yashayotgan kunidan rozi boʻlishini taʻminlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani taʻkidlandi.

– Mahalla mahalla boʻlibdiki, tayinli binosi boʻlmagan, – deydi mahalla fuqarolar yigʻini raisi N.Umrbekov. – Eʻtibordan chetda qolib kelayotgan chekka-chekka qishloqlarning muammolari yechimini hal etishga qaratilgan “Obod qishloq“ni yaratgani uchun Prezidentimizdan minnatdormiz. Endi mahallamiz ham ushbu xayrli tashabbus ortidan oʻz binosiga ega boʻldi. “Mahalla“ xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi tomonidan binoni taʻmirlash ishlariga 15 million soʻm mablagʻ ajratildi.

Maʻlumotlarga koʻra, hududda 750 dan ortiq xonadonda 3 ming 700 nafar aholi istiqomat qiladi. Quyi Chirchiqning Chinoz tumani bilan chegaradosh qismida joylashgan ushbu hududda aholining elektr energiya, ichimlik suvi, gaz, yoʻl, taʻlim, tibbiyot va kundalik turmush uchun zarur boʻlgan boshqa sohalarda koʻplab muammolari yigʻilib qolgan edi. “Obod qishloq“ Davlat dasturi doirasida aholining muammolari oʻrganilib, “Yoʻl xaritasi“ ishlab chiqildi. Ushbu hujjatga muvofiq, unda belgilangan vazifalar birin-ketin amalga oshirilmoqda. Jumladan, hududdagi 14-maktabgacha taʻlim muassasasida olib borilayotgan mukammal taʻmirlash ishlari yakunlanish arafasida. 16-maktabdagi qurilish-taʻmirlash ishlari ham qizgʻin tus olgan.

Bugungi kunga qadar hududda 4 ming 500 metr uzunlikdagi ichimlik suvi quvuri yangidan tortilib, rekonstruksiya qilingan. Ehtiyojmand 147 xonadonda 602 million soʻmlik qurilish-taʻmirlash ishlari amalga oshirilgan. 3 ming 600 metr uzunlikdagi ichki yoʻllarga asfalt yotqizilib, 526 metrda piyodalar uchun yoʻlakchalar qurilgan. Muxtasar aytganda, “Yoʻl xaritasi“da belgilangan 2 milliard soʻmlik ishlarning 51 foizi toʻliq bajarilgan.

A.Xudoyqulov, OʻzA
1 726