Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.08.2018 19:13 Chop etish versiyasi

Abay Qo‘nonboyev xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi

Abay Qo‘nonboyev xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi Poytaxtimizdagi Qozog‘iston elchixonasi oldidagi maydonda buyuk ma’rifatparvar shoir va mutafakkir, ezgulik va do‘stlik kuychisi Abay Qo‘nonboyev tavallud topgan kun keng nishonlandi.

Shoir haykali qad rostlagan so‘lim go‘shaga Sharqiy Qozog‘iston viloyatidan kelgan delegatsiya vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Fanlar akademiyasi, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, milliy madaniyat markazlari, diplomatik korpus vakillari, yozuvchi va shoirlar, yoshlar to‘plandi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayev, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulug‘bek Yesdavlat va boshqalar buyuk ma’rifatparvar, ezgulik va do‘stlik kuychisining sharafli nomi, boy ijodiy merosi nafaqat qozoq xalqi, ayni paytda, o‘zbek xalqining ham qalbida abadiy yashab kelayotganini alohida ta’kidladi.

Azal-azaldan o‘zbek va qozoq xalqlari yon qo‘shni, og‘a-ini bo‘lib, ahil-inoq yashab kelmoqda.O‘zaro do‘stlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilayotgan bugungi kunda Abay Qo‘nonboyev singari ulug‘ allomalarning o‘lmas merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ma’no kasb etadi.

16.JPG

– Buyuk shoir ijodiy merosini keng o‘rganish xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun turkiy qadriyatning yana bir zabardast, betakror shoiri ijodini kashf etish va tahlil qilish imkoniyatini beradi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo. – Prezidentning 2018 yil 13 martdagi “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida”gi qarori ham qardosh qozoq xalqiga cheksiz xurmat va ehtirom ramzi sifatida ulug‘ shoir ijodini, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yurtimizda yanada keng o‘rganish, targ‘ib qilish borasidagi vazifalarni belgilab berdi.

Tadbirda shoir haykali poyiga gul qo‘yilib, buyuk siymo xotirasiga hurmat bajo keltirildi. Shuningdek, Qozog‘iston elchixonasida Abay Qo‘nonboyev hayoti va ijodiga oid adabiy ekspozitsiya tashkil etildi. Unda namoyish etilgan turli fotosuratlar, noyob kitoblar va hujjatlar barchada yaxshi taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Abay Qo‘nonboyevning “Saylanma” asari hamda “O‘zbek va qozoq adabiy aloqalari” nomli adabiy-tahliliy maqolalar to‘plamining taqdimoti ham o‘tkazildi.

Tadbirda shoirning umuminsoniy qadriyatlar va mehr-oqibat tuyg‘ulari yuksak pardalarda tarannum etilgan yetuk badiiy asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyati xususida so‘z yuritildi.

Ushbu kitoblar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi homiyligida chop etildi. Shoirning ushbu saylanmasiga Mirtemir, Uyg‘un va boshqa ustozlar tomonidan qilingan tarjimalar kiritilgan. Ilk bor kitobxonlar ommasiga taqdim etilgan adabiy-tahliliy maqolalar to‘plamida esa ikki xalq adabiy aloqalariga oid maqolalar jamlangan.

Marosimda yoshlar tomonidan Abay ijodidan namunalar o‘qildi, qozog‘istonlik san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 250